Breaking News

Mishel Obama - Amerikaning "birinchi ayoli"


Amerika shu kungacha qora tanli rahbar ko’rmagan. Mamlakatning “Birinchi ayoli” yoki “Oq Uy bekasi” deya tilga olinadigan ayol ham tarixda ilk bor afro-amerikalik bo’lishi ko’pchilikni hayajonga solmoqda. Qora tanli ayollarning nufuzi, jamiyatdagi roli oshadi, ularga e’tibor o’zgaradi, deydi sharhlovchilar.

Tanishing - Mishel Obama. Amerikaning yangi prezidenti uni eng yaqin maslakdoshi va chin muhabbati deb biladi. Garvard Universitetini tamomlab, advokatlik qilgan. Ikki qizning onasi.

Mishel Obama Chikagoda oddiy ishchi oilasida katta bo’lgan. Muhtoj oilalarni, ularni qiynayotgan muammolarni, farzandlari jang maydonida yurgan onalarni yaxshi tushunaman, deydi u.

Prezident rafiqasi bir qarashda uning soyasi, hamrohdek… Lekin parda ortida ular katta qudratga ega shaxslar. Tarix buni ko’p marta isbotlagan.

Uzoq yillar davomida ular Oq Uy bekasi sifatida faqat maishiy masalalar bilan band bo’lgan, deydi tarixchi Liza Katlin.

"Bugungi zamonda prezidentlarning rafiqalari – arboblar. Ular jiddiy masalalar bilan mashg’ul va amaldagi siyosatning faol targ’ibotchilari".

Davlat rahbarining rafiqasi ko’p jihatdan prezidentning shaxs sifatida kim ekanini aks ettiruvchi inson.

1960-yillar boshida Jon Kennedi prezidentligi davrida rafiqasi Jaklin madaniy elchi bo’lgan.

Kennedilar Oq Uyni qayta bezab, uni tarixiy yodgorlik deb tanitgan. Jon va Jaklin Kennedilar tarix va san’at shaydolari edi.

Prezident Lindon Jonsonning rafiqasi Ledi Byord esa diqqatni AQShni obodonlashtirish va yosh avlod tabiyasiga qaratgan.

Prezident Jerald Fordning turmush o’rtog’i Betti rakdan tuzalgan inson sifatida bu kasallikka qarshi kurashni targ’ib qilgan.

Betti Ford saraton kasalligiga chalinganlar nogiron insonlar emas, ular dardini yashirmasligi, ayniqsa ayollar ochiq fikr bildira olishi shart deb chiqqan.

Nensi Reygan va Barbara Bush sog’liqni saqlash va maorif sohalariga hissa qo’shgan bo’lsa, Lora Bush xotin-qizlar huquqlari ustida qayg’urib nom qozondi.

Jorj Bush “Lora suyangan tog’im” deydi. Lora Bush jahon kezib, ayollar manfaatlari haqida so’zladi.

Shu tariqa prezidentlarning rafiqalari omma nazarida norasmiy, ammo ishonchlielchilarga aylanib bormoqda.

Masalan Eleanor Ruzvelt jahongashta ayol edi, u dunyo tinchligiga beqiyos hissa qo’shgan, deydi tarixchi olima Allida Blek.

“Eleanor Ruzvelt oddiy xalq bilan gaplashar edi. Eri yuritayotgan siyosat haqida ular qanday fikrda ekani bilan qiziqar edi”,- deydi tadqiqotchi.

Xillari Klinton ham prezident rafiqasi rolini yangilagan, o’ziga yarasha inqilob qilgan ayollardan. “Meni Oq Uy oshxonasidan emas, prezident stoli yonidan topasiz”,- deb ko’pchilikni hayron qoldirgan.

Bill Klinton Oq Uydagi muddatini bitirarkan, Xillari senatorlikka saylandi. Oradan biroz o’tib, prezidentlikka nomzodini qo’ydi.U Amerikada bu lavozim uchun jiddiy kurash olib borgan birinchi ayol, deydi tarixchi Karl Sferazza.

“Xillari Klinton uchun prezidentlik azaliy orzu edi… Bill Klinton Oq Uydanketganidan beri dunyo kezib, global masalalarni ko’tarib, AQShning keyingi rahbari ayol bo’lishi mumkin deb, Oq Uydagi yangi roliga tayyorlanayotgan edi",- deydi u.

Amerika rahbarining yostiqdoshi dunyodagi eng qudratli inson degan gap bor, deydi siyosatshunos Allida Blek.

“Prezidentning umr yo’ldoshi jamoatchilik tomonidan butkul elakdan o’tkaziladi. Kim u, nimani biladi, nima kiyadi, qanday kuladi, qanday yuradi, kim bilan do’st, farzandlari qanday… Biz bu shaxsning chiroyli, aqlli, vijdonli, vatanparvar xullas har jihatdan a’lo inson bo’lishini istaymiz va talab qilamiz”,- deydi u.

Ommaning Mishel Obamaga o’rganishi oson bo’lmaydi, deydi tahlilchilar. U ham Barak Obama singari yangi avlod vakili. Lekin turmush o’rtog’ining suyangan tog’i bo’lishi turgan gap.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG