Breaking News

Klinton mag'lub bo'ldi, biroq ayollar uchun prezidentlikka yo'l ochdi


AQShda senator Xillari Klinton prezidentlik uchun nomzodlikni qo’lga kirita olmadi, ammo ayollar uchun bu lavozimga yo’l ochdi.

Klintonning xato va yutuqlarini tahlil qilayotgan siyosatdonlar shunday xulosa qilmoqda. Klintonning tarafdorlari nazarida esa jins saylovda muhim rol o’ynadi va senator siyosiy sahnada va matbuotda ancha kamsitildi.

Senator Xillari Klinton prezidentlik poygasidan chiqar ekan, “ayol ekanim, xalq dardini yaxshiroq tushuna olishim bilan faxrlanaman” dedi.

“Ayolman va millionlab xotin-qizlar qatori oldinda to’siqlar borligini, bizga nisbatan zaifalar degan qarash hukmron ekanini bilaman. Men hammani teng ko’ruvchi Amerika uchun kurashaman”.

Klintonni 18 millionga yaqin amerikalik quvvatlab chiqdi. Tarixda bu qadar ko’p tarafdor ovozi to’planmagan. Lekin poygada Barak Obama ustun keldi.

“To’g’ri bu safar boy berdik, ammo ayollar ham kurasha olishi, cho’qqilarga yeta olishini isbotladik. 18 million kishi yordamida”, - deydi Klinton.

Klintonning asosiy tarafdorlari xotin-qizlar bo’ldi. Nafaqat Demokratik Partiya a’zolari, balki respublikachi prezident Bushning rafiqasi Lora Bush ham Xillari Klintonga qoyil qolganini aytadi.

“Poygani kuzatar ekanman, Xillarining zehni va kuchiga ofarin dedim”.

Klinton poygadan chiqib ketdi, ammo tarafdorlar hamon buni hazm qila olmayapti. Ba’zilar afsusda, boshqalar esa g’azabda. Adolatsizlik deydi ular.

Amerika Xotin-Qizlar Tashkiloti nazarida bu yilgi prezidentlik kampaniyasi jamiyatdagi illat va bid’atlarni katta sahnaga olib chiqdi. Klinton saylovchilar bilan uchrashayotganida unga qarata jinsiy kamsituvchi so’zlar aytgan erkaklar bo’ldi.

Matbuot bunday qabih hollarni yoritmadi deydi Kim Gandi, tashkilot prezidenti.

“Jamiyatimiz hamon jins ajratadi. Matbuot bunga ko’z yumadi. Xillari Klintonga qanday munosabatda bo’lingani bunga yaqqol misol. Uni nimalar deb kamsitishmadi… uning oyog’i, orqasi, ovozi … rosa ustidan kulishdi. Ba’zi sharhlovchilar uyalmasdan, hatto efirda, Xillari erkaklarga sobiq xotinini eslatadi; ajrashgan eriga hali ham ish buyuradigan xotinga o’xshaydi deyishdi”.

Faol ayollar nazarida Xillari Klinton bu kamsitishlarga mardona chidab berdi va haqiqiy arbob ekanini isbotlay oldi. Undan keyingi ayollarga endi osonroq bo’ladi deydi Kim Gandi.

“Bizga ayol siyosatchilar kerak. Kongressning 84 foizi erkak, gubernatorlarning 82 foizi erkak, badavlat amerikaliklarning 80 foizdan oshig’i erkak. Biznes olamida ham ayollar juda kam. Shunday ekan, xotin-qizlar ham hurmat, ham amal uchun kurashishi kerak”.

Xillari Klinton mag’lubiyatni tan olib, Barak Obamani quvvatlamoqda. Maqsad demokrat prezidentni saylash ekan, Klintonning tarafdorlari Obamaga ovoz beradi deydi tahlilchilar.

Amerikani ovoz berishga undovchi sabablar juda ko’p deydi Kurtis Gans, bu borada izlanuvchi yetakchi mutaxassis.

“Iqtisodiy vaziyat va Iroqdagi urush kabi masalalar, ayniqsa ayollarni Obamaga ovoz berishga undasa ajabmas”.

Ayol prezidentni ko’rish orzusida yashayotgan amerikaliklar uchun Xillari Klintonning poygadan chiqishi yana bir necha yil sabr qilish kerakligidan darak. Hozircha esa ular Obama uchun ovoz beradi.
XS
SM
MD
LG