Demokratik Partiya Barak Obama yetakchiligida siyosiy qudratini yanada oshirishga urinar ekan, Respublikachilar Partiyasi o’ziga yangi lider tanladi – 50 yoshli Maykl Stil (Michael Steele), afro-amerikalik.
Jorj Bush davrida siyosiy ustunlikka ega bo’lib, uning prezidentligi yakunida katta zarba yegan respublikachilar aholining 12 foizini tashkil etuvchi qora tanlilar orasidan tarafdorlar izlamoqda.
2008 yilgi prezident saylovlarida eng ko’p afro-amerikalik ovoz berdi. Ular bugun ko’p sohada faollashgan.Qora tanlilarni saylov uchastkalariga yetaklagan omil esa nomzod – Barak Obama bo’ldi. Afro-amerikaliklarning 95 foizi irqdoshi uchun ovoz berdi.
Siyosiy tahlilchi Deyvid Bositis fikricha qora tanlilarning o’ziga ishonchi oshgan. Ular o’ziga endi qoloq qatlam sifatida qaramayapti.
O’tgan bir yil ichida ularning 16 millioni saylovchi sifatida ro’yxatdan o’tgan. Yillar davomida diskriminatsiyadan shikoyat qilib kelgan bu ijtimoiy guruh endi hukumat idoralari va qonunchilik organi – Kongressdagi o’rinlarga intilmoqda.Darrel Garris, taniqli afro-amerikalik siyosatdon nazarida hozirgi faollik hamisha shu sur’atda davom etmasligi mumkin, ammo Obama uning irqdoshlari uchun bugungacha qulf turgan eshiklarni ochib yuborgan.
Respublikachilar esa “bizning ham qora tanli yetakchimiz” bor demoqda. Asosan oq tanli konservatorlardan iborat bu partiyaga endi qora tanli Maykl Stil boshchi.
"Partiya uchun yangi davr boshlanmoqda",- deydi u. “Olamshumul o’zgarishlar qilamiz. Yangilanish davri keldi”.
Obama ham shunday shiorlar bilan chiqqan edi. Qullikka rasman barham berilganiga ikki asrdan oshdi. AQShda har ikki yirik partiya qora tanlilar qo’lida ekan, siyosiy manzara yanada o’zgarishi kutilmoqda.
Maykl Stil 2006 yilda AQSh Senatiga saylana olmagan. Qora tanlilar ovozini olgan, ammo bu yetmagan. Lekin, deydi uning safdoshlari, Maykl Stil bu safar odamlarni ergashtira olishi mumkin.Amerikada dindor qatlam odatda respublikachilarga ovoz beradi va liberal g’oyalarni rad etadi.
Bu toifa vakillari abortga qarshi va gomoseksualizmni qoralaydi. Respublikachilarga hayrixoh shtatlarda cherkovlar katta nufuzga ega. Siyosatchilar buni yaxshi biladi. Qora tanlilar qatnaydigan cherkovlar ham bunday qarashlardan yiroq emas.
Lekin afro-amerikaliklar oq tanlilarga qaraganda ancha kambag’al. Ularning
chorak qismi qashshoqlikda kun kechiradi.
Darrel Garrisning aytishicha, qora tanlilar ko’ngliga yo’l topish, ularni tushunish respublikachilarga oson kechmaydi.
“Afro-amerikaliklarni “Biz sizni tushunamiz, qadriyatlarimiz o’xshash. Shuning uchun bizga ovoz bering” deb ishontirish juda mushkul. Ular orasida respublikachilarga qarshilik nihoyatda kuchli”.
Deyvid Bositis bu fikrga qo'shiladi. “Respublikachilarning asosi sobiq quldorlarning avlodlari. Qora tanlilar ularni hech qachon quvvatlamaydi”,- deydi u.
Sobiq qullarning avlodlari sobiq quldorlarning avlodlarini kechirmasligi mumkin, ammo bugun zamon boshqacha ekanini ham tan olish kerak.
“Maykl Stil qora tanlilarga Respublikachilar partiyasi faqat oq tanlilar partiyasi emas deya isbotlay olishi lozim. Yetakchi axir, u-ku”!- deydi Jon Feyeri, konservativ arboblardan biri.
Maykl Stil ishni boshlab yuborgan. Barak Obamani va’dabozlikda ayblamoqda.
Demokratlar pulni sovurishga usta, deydi u. Obama uni yangi lavozim bilan
tabriklab, hamkorlikda ishlashga chaqirgan. Hozir siyosiy o’yinlar davri emas,
deydi u.