Breaking News

Kennedilar sulolasi: siyosat, g'alaba va fojia tarixi


Kennedilar sulolasi AQSh siyosat olamida afsonaga aylangan. Hukumatda yuqori lavozimlarni egallagan, siyosatda chuqur iz qoldirgan bu oilaning eng keksa vakili - 76 yoshli Edvard Kennedi bugun tajribali senator, el ardoqlagan demokrat arbob.

Uning akasi, AQShning 35-prezidenti Jon Kennedi 1963 yilda o’ldirilgan.

1968 yilda esa yana bir akasi, prezidentlikka demokrat nomzod Robert Kennedining ham joniga qasd qilingan.

1968 yilning iyun oyi. Nyu-Yorkdan senator Robert Fransis Kennedi shtatma-shtat o'tkazilgan partiyaviy saylovlarda g'alaba qilib, Demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo'lishga intilayotgan davr edi. Biroq Kennediga saylovni oxiriga yetkazish nasib etmadi.

Los-Anjeles shahridagi "Ambassador" mehmonxonasida unga o'q uzildi. Endigina Kaliforniyada g'alaba qilgan Kennedining orzusi ushalmadi.

Robert Kennedi Vashington yaqinidagi Arlington qabristonida ko'milgan. Uning akasi, sobiq prezident Jon Kennedi ham shu yerda dafn etilgan.

Frank Mankuvits marhum senatorning maslahatchisi va kotibi bo'lib ishlagan. Bugun Vashingtonda reklama firmasini yuritadi. 40 yil oldingi voqealar hamon ko'z oldida.

Bugungidek, deydi Mankuvits, 1968 yil ham notinch, o'zgarishlar davri edi. Robert Kennedi o'shanda xalqni birdamlikka undagan.

"Birdamlik uning nutqlarda bosh mavzu edi. Nazarimda, shu bois ham xalq unga ergashdi. Unga quloq tutib, siyosatga qiziqa boshladi. Chunki mamlakat inqiroz yoqasida turganini hamma bilardi. Kennediga najot izlab, ishonch bilan qarashgan edi".

Xuddi hozirgidek, 1968 yilda ham AQShda hkumatga nisbatan norozilik kuchli, Vietnamda esa urush ketayotgan edi.

Qayta saylanishga uringan prezident Lindon Jonson Nyu-Gempsher shtatida raqibi Yujin Makkartiga boy berib, poygani tark etadi.

Bu bayonot ketidan siyosiy sahnaga Robert Kennedi chiqadi. Bir necha hafta o'tgach, AQSh fuqaro huquqlari harakati yetakchisi doktor Martin Lyuter King otib o'ldiriladi. Namoyishlar avj olarkan, 1968 yilning 5 aprelida Kennedi xalqni tinchlantirishga urinadi.

"Nafrat, zo'ravonlik va qonunbuzarlikda voz kechish vaqti yetdi. Esimizni yig'ib, bir-birimizga mehr-muruvvatli bo'lishdan boshqa chora yo'q".

Kennedining Demokratik partiyadan nomzod bo'lish ehtimoli yuqori edi. 1968 yilning 4 iyunida Kaliforniyada, Los-Anjelesdagi taniqli mehmonxonadan turib yurtdoshlariga murojaat qiladi.

To'satdan uzilgan Kennedining boshiga tegdi. Jinoyatni sodir etgan Sirxan Sirxan qilmishini tushuntirmagan, ammo bir umrlik qamoq jazosiga mahkum etilgan. Kennedi ikki kun o'tib vafot etgach, vitse-prezident Xubert Xamfri prezidentlikka nomzod sifatida maydonga chiqadi.

"Nazarimda, partiya yig'ilishida oxir-oqibat Kennedi va Xamfri kuch sinashgan bo'lardi. Natijasi haqida bir narsa deyish qiyin. Lekin Robert Kennedi nomzodlikni qo'lga kiritgan taqdirda u albatta prezident bo'lardi. Nimaga desangiz, Kennedi Richard Niksonni mag'lub qilishga qodir edi".

Bugun ko'pchilik prezidentlikka demokrat nomzod Barak Obamani Robert Kennediga qiyoslaydi. Lekin farqli jihatlari ham ko'p, deydi Frank Mankuvits.

"Menimcha farqli tomoni shundaki, Barak Obama avomdan, Demokratik partiyaning negizini tashkil etuvchi, mehnat qilib kun ko'ruvchi oddiy xalqdan biroz yiroq".

Oradan 40 yil o'tibdi-ki, odamlar Robert Kennedi qabrini ziyorat qilish uchun hamon kelib turadi. Dildagi his-tuyg'u va kechinmalar ularning chehrasida namoyon.

Ba'zi amerikaliklar Kennedilarni aynan nima uchun hurmat qilishini ifoda etishga qiynaladi. Qo'shma Shtatlarning zamonaviy tarixi bu oila taqdiri bilan chambarchas bog'liq.

To'qqiz farzanddan biri bo'lgan Robert Kennedidan 11 zurriyot qolgan. Ayrimlari siyosatda, boshqalari esa biznes bilan shug'ullanadi.

Jon Kennedining ikki farzandidan biri, o'g'li Jon to'qqiz yil havo halokatida oilasi bilan vafot etgan.

Qizi Karolin esa yozuvchi va advokat. Bugun prezidentlikka nomzod demokrat Barak Obamaning yaqin maslahatchisi.

"Ba'zilar Kennedilarni xudo urgan deyishadi. Chunki ko'pimiz bevaqt hayotdan ko'z yumamiz. Ammo bu oila, otam, amakilarim, qolaversa jiyanlarim Amerikaning asl farzandi",- deydi Karolin Kennedi.

XS
SM
MD
LG