Breaking News

Prezident Kennedi qanday o'ldirilgan? Tansoqchi xotiralari


Kennedining tansoqchisi prezident qanday o'ldirilgani haqida/Kennedy Detail, Clint Hill
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:20 0:00
Yuklab oling

Kennedining tansoqchisi prezident qanday o'ldirilgani haqida/Kennedy Detail, Clint Hill

1963-yilning 22-noyabri Amerika tarixiga qora kun sifatida kirgan. Prezident Jon Kennedi Texas shtatiga safari chog’ida otib o’ldirilgan. Bu mudhish voqea Dallas shahrida yuz bergan.

Oradan 50 yil o’tib, Amerika xalqi o’sha kunlarni yodga olmoqda. “Kennedi tansoqchisi” (Kennedy Detail) deb nomlangan kitob muallifi, sobiq maxfiy agent Klint Xill prezident hayotiga qasd qilinganida uning yonida bo’lgan.

"Kennedi xavfsizligini ta’minlash qiyin vazifa edi", - deydi u. "U odamlar bilan bevosita muloqot qilishni yaxshi ko’rardi. O’rtada hech kim bo’lishini xohlamasdi".

Texasning bu qismida prezidentni uncha xush ko’rishmas edi. Maxfiy xizmat buni yaxshi tushungan.

Klint Xill - sobiq maxfiy agent, prezident Jon Kennedi o'limi haqidagi kitob muallifi
Klint Xill - sobiq maxfiy agent, prezident Jon Kennedi o'limi haqidagi kitob muallifi

"O’ta konservativ qarashdagi odamlar yashaydigan hudud edi. Kennedi esa o’ta ketgan liberal rahbar edi… Maxfiy xizmat prezidentni qo’riqlash uchun odatiy choralar ko’rib qo’ygan edi. Bizning qo’limizda o’sha kuni biror tahdid yoki suiqasd ehtimoli haqida isbot-dalil yo’q edi", - deya eslaydi sobiq agent.

Prezident mashinasi Dallasning Dili Plaza deb nomlangan maydoniga yetadi.

Klint Xill prezident limuzinidan keyingi mashinada edi.

"O’ng tarafdan birdaniga portlash ovozi eshitildi. Prezident tomog’ini ushlab, chap tomonga surildi. Nimadir bo’lganini darrov tushundim. Sakrab tushib, prezident mashinasiga qarab yugurdim, ustiga chiqish uchun.

Jon Kennedi "Amerika Ovozi"da
Jon Kennedi "Amerika Ovozi"da

Limuzinga yetay deganda uchinchi o’q uzildi, Kennedining boshiga tegdi. Jarohat jiddiy edi, qon, miya… Hammasi mening ustimga otilib chiqdi... Shuningdek, Kennedi xonimga. U yordam berishga urinardi… Prezident qattiq jarohatlangan edi...Men Kennedi xonimni ushlab, uni o’tqizishga harakat qildim. Shu damda prezident chap yoniga quladi, rafiqasi tizzasiga tushdi. Men ularni o’z tanam bilan yopdim… Orqadagi avtomashinaga qarab, “tamom” deya ishora qildim”, - deya hikoya qiladi bu voqealarga guvoh bo'lgan agent.

Shu bir daqiqa Klint Xill uchun eng dahshatli damlar bo’lgan.

"Men o’zimni aybdor deb hisoblayman. Prezidentni asray oladigan yagona agent edim o’shanda".

Voqea butun mamlakatni dahshatga keltirdi, maxfiy xizmatni ham. Klint Xill yana uch prezident himoyasini ta’minladi, lekin 1975-yilga borib depressiya azobida iste’foga chiqdi.

Li Xarvi Osvald, prezident Kennedi qotili. 1963-yil 22-noyabr kuni qo'lga olingan
Li Xarvi Osvald, prezident Kennedi qotili. 1963-yil 22-noyabr kuni qo'lga olingan

2009-yilda Kennedi haqida kitob yozgan Liza MakKabbin u bilan suhbatlashgan.

“1975-yilda Klint Xill “60 daqiqa” ko’rsatuviga intervyu bergan. U taniqli intervyu, chunki Xill asabiylashib, yig’lay boshlaydi unda. Shundan keyin u ko’zga ko’rinmay qoldi”, - deydi muallif.

Vaqt o'tib, o’sha kuni prezidentni qo’riqlagan agentlar tasfilotlar haqida gapira boshladi. Voqea ularning ham hayotida o’chmas iz qoldirgan.

Klint Xill, Makkabin va sobiq agent Jerald Bleyn bir necha kitob ustida hamkorlik qildi.

“Kennedi tansoqchisi”, "Kennedi xonim va men", "Noyabrning besh kuni"... bu kitoblar Xillga shifo baxs etgan.

“Odamlar bilan kitobim haqida, o’sha voqea to’g’risida ochiqchasiga gaplashish, savollarga javob berish foydali bo’ldi, chunki savollar anchagina”, - deydi u.

Klint Xilldan ko’pincha prezident hayotiga qasd qilganlar necha kishi bo’lgan deb so’rashadi. Li Xarvi Osvald yagona qotil bo’lgan, deydi keksa agent. Tergov natijasi ham shuni ko’rsatgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG