AQShni 1981 yildan 1989 yilgacha boshqargan Ronald Reygan hayot bo’lganida shu kunlarda 100 yoshga to’lgan bo’lar edi.
Respublikachilar partiyasi a’zosi, Gollivud yulduzi, Kaliforniya shtati gubernatori, so’zga chechan, hazilkash Reygan Amerika iqtisodiyotini kengaytirib, millionlab ish o’rinlari yaratgan, Sovet Ittifoqi bilan til topishib, Sovuq urushga chek qo’yishda hissa qo’shgan rahbar sifatida tarixga kirgan.
Prezidentlikka 70 yoshida saylangan Reyganni “prezident bobo” deb atashar edi. Rahbarlikdan ketgach, u Alsgeymer kasalligiga mubtalo bo’ldi. Insonni aqliy qobiliyat va xotiradan ayiradigan bu xastalik bilan uzoq yillar olishgach, sobiq prezident 2004 yilda vafot edi.
Reygan Kaliforniyaning Simi Vodiysida dafn etilgan. Uning prezidentlik kutubxonasi ham shu yerda.
Rafiqasi Nensi Reygan hozir 89 yoshda. Mamlakat bo’ylab o’tayotgan xotira marosimlarida ishtirok etmoqda.
Amerikaliklar sobiq prezident qoldirgan siyosiy-mafkuraviy meros haqida turlicha fikrda.
Ronald Reygan eng yirik shtat Kaliforniya gubernatori etib saylanguniga qadar Gollivudni gullatgan aktyor edi. Siyosatchi sifatida 1980 yilda xalqaro maydonni zabt edi.
“Esimni taniganimda Reygan prezident edi. Ko’zimga ishonsa bo’ladigan, mehribon odamdek ko’ringan. Nazarimda yaxshi rahbar bo’lgan, haqiqiy yurtboshchi”,- deydi 35 yoshli bir amerikalik.
“Reygan Amerika ko’rgan eng zo’r prezident”,- deydi bir pensioner.
“Xalq bilan gaplashishni bilar edi. Usta aloqachi edi. Sovet rahbariyatiga qarata, "Berlin devorini olib tashlang" deya ochiqdan ochiq qilgan murojaati esingizdami”? - deya bir onaxon.
Ronald Reygan Sovet Ittifoqi nima ekanini yaxshi tushungan, deydi bu borada kitob yozgan Richard Rives.
“Kommunizm boshi berk ko’cha ekanini Reygan bilgan. O’zining boshiga o’zi yetishini anglagan. Shuning uchun kommunist rahbarlar bilan faol muloqotga kirishgan. Ularning ko’ngliga yo’l topa olgan. Bu strategiya ish berdi. Hatto Reyganning o’zi ham xayron qolgan”.
Lekin Reygan tashqi siyosatda ko’p xatolar ham qilgan. Masalan Eronga maxfiy ravishda qurol sotilgan, vaholanki AQShning o’zi bu davlatga embargo qo’ygan edi. Bu savdodan tushgan mablag’ esa Nikaraguada kommunistlarga qarshi sarflangan.
Tarixchi Maykl Genoviz nazarida bu Reygan davrida yo’l qo’yilgan eng qabih ishlardan biri.
“Prezident borki, xato qiladi. Orada yaxshi ishlar ham qiladi. Reygan SSSR parchalanishida muhim rol o’ynagan. AQSh iqtisodini kengaytirgan. Xalqning o’ziga nisbatan ishonchini oshirgan. Lekin uning davrida chuqur qarzga botganmiz. U prezidentlikka kelganida biz dunyodagi eng yirik kreditor edik. Reygan prezidentlikdan ketayotgan paytda esa moliyaviy yetishmovchilik bilan yuzlashdik. Mana hamon shu holatdamiz”,- deydi u.
Ronald Reygan o’z mafkura va g’oyalariga sodiq odam edi, deydi yana bir olim, Robert Rovland.
“Konservativ, lekin pragmatik siyosatchi edi... Murosa qilishdan bosh tortmas edi. Boshqalarni tinglay, tushuna olar edi. O’tkir siyosatchi”,- deydi ekspert.
Lekin, deydi tahlilchi, Reygan o’z konservativ koalitsiyasini tuzib, Respublikachilar partiyasi ichida tarqoqlikni kuchaytirgan.
“Ba’zi respublikachilar nazarida Reygan byurokratiyadan shunchalik nafratlanganki, u bilan ishlash deyarli mumkin bo’lmay qolgan. Natijada prezident o’z bilganidan qaytmagan. Jamiyatda hokimiyatning rolini pasaytirgan. Bu odamlarga yoqqan”.
Reygan davrida kichik bizneslar gullab yashnagan. Xususiy sektor yanada erkinlashgan.
Bu esa taraqqiyotga yetaklagan, deydi ayrim ekspertlar.
Boshqalar esa buning aksini aytadi. Lekin odamlar bir narsada hamfikr. Ronald Reygan xalq ishonchini oqlagan.