Breaking News

Barak Obama liberallar ishonchini oqlaydimi?


Prezidentlikka saylangan Barak Obama saylovchilarga har sohada katta o'zgarishlar va'da bergan. G'alabasi sabablarining biri ham Bush ma'muryatining sakkiz yillik siyosatidan charchagan saylovchining o'zgarishlarga chanqoqligi bilan bog'liq. Ammo Obamaning liberal tarafdorlari yangi ma'muriyat markazga og'ib ketayotganidan tashvishda.

Barak Obamaning Iroq urushiga boshidan qarshiligi uning liberal ruhdagi demokratlar orasida obro'sini ko'targan va qisman ularning yordami tufayli Obama Demokratik partiyadan prezidentlikka yagona nomzodlikni qo'lga kirita oldi.

Ammo ayni damda shakllanayotgan mahkamasiga Bush ma'muriyatida mudofaa vaziri lavozimida ishlayotgan Robert Geytsni kiritishi liberal siyosatchilar uchun kutilmagan hol bo'ldi. Partiyaviy saylovlarda Obamaning tashqi siyosatdagi takliflarini tanqid qilgan Xillari Klintonni davlat kotibi lavozimiga tayinlashi ham uning ba'zi tarafdorlariga yoqmagan.

Obamaning aytishicha, uning ma'muriyatiga qaysi partiyaga a'zoligidan qat'iy nazar layoqatli odamlar kerak.

"Hech bir partiya donolikka da'vo qila olmaydi. Ishimiz samarali bo'lishi uchun demokrat va respublikachilar o'zaro hamkorlik qilishi zarur. Amerikaliklarga mafkura emas, dono hukumat kerak. Ular qator muammolarga yechim kutmoqda," deydi Obama.

Obamaning ba'zi qarorlari liberallarga yoqmasada, siyosiy tahlilchilar tahsiniga sazovor bo'lmoqda.

Virjiniya universitetidagi Siyosat markazi rahbari Larri Sabatoning aytishicha, Obama prezident sifatida muvaffaqiyatlarga erishmoqchi.

"U vaziyatdan kelib chiqib ish ko'rmoqda," deydi Sabato.

Yana bir mutaxassis, Jorj Meyson universiteti professori Jeyms Pfiffnerga ko'ra, Kongressda demokratlar ko'pchilikni tashkil etsada, prezident uchun ular bilan ishlash oson bo'lmaydi.

"Demokratlar ham turlichadir. O'ta liberallaridan tortib mo'tadillarigacha. Barchasini bir qanot ostida yig'ib koalitsiya tuzish qiyin bo'ladi," deydi Pfiffner.

Saylov kampaniyasi davomida respublikachilardan nomzod Jon Makkeyn Obamani o'ta liberal senator deb atagan bo'lsada, aynan mustaqil va mo'tadil saylovchilarning aksariyati Obamaga ovoz bergan.

Sentrist saylovchilarning Obamani qo'llab-quvvatlashi uning so'l siyosatni olib borishda qo'l keladi, deydi mutaxassislar. Ammo shu bilan birga Obama markazga og'yapti degan fikrdagi liberallar bilan ish olib borish qiyinlashadi, chunki ular Obamadan ham ichki, ham tashqi siyosatda keskin o'zgarishlar kutmoqda.

Texas universiteti tahlilchisi Bryus Byukenenning aytishicha, liberallar bir oz ranjigan, ammo boshqa tomondan ularga qarashli odamning hokimiya tepasida bo'lishi liberal siyosatni tatbiq etishga imkoniyat yaratmoqda.

So'nggi ijtimoiy so'rovga ko'ra, amerikaliklarning 78 foizi Obama ma'muriyatiga yollayotgan siyosatchilardan ko'ngli to'q. 2000 yilda Bush ma'muriyati tarkibini 65 foiz, 1992 yilda esa Klinton hukumati a'zolarini saylovchilarning 67 foiz kishi ma'qullagan edi.

XS
SM
MD
LG