Bugun Amerikada kim bilan gaplashmang, partiyalardan to’yganini, siyosatchilar – xalqning Kongressda o’tirgan vakillari – ishni eplay olmayapti degan tanqidni eshitasiz.
Omma nazarida ikki yirik siyosiy kuch – Respublikachilar Partiyasi va Demokratik Partiya bir-biriga umuman toqat qilmay qo’ygan. Hatto prezident Barak Obama ham bu borada tez-tez shikoyat qiladi.
Odamlar nazarida siyosatchilarni faqat saylov qiziqtiradi, ularning xalq bilan ishi yo’q.
Vashington – bahsu-munozaralar o’chog’i. Siyosiy mashmashalar bu yerda kundalik yangilik.
Shu yil noyabr oyida saylov - xalq vakillariga baho beradigan payt emasmi, ayrim qonunchilar iste’foga chiqishga qaror qilgan. Indiana shtatidan senator Evan Bay shulardan biri.
“Maqsadim meni saylagan xalq xizmatida bo’lish edi. Butun umrimni shunga bag’ishlaganman. Ammo Kongressda ortiq qola olmayman. Hech bir ishni uddalay olmaydigan idoraga aylangan bu dargoh”, - deydi Evan Bay.
So’nggi ommaviy so’rovlardan shu ayonki, aksariyat amerikaliklar respublikachi va demokratlar orasidagi janjallardan to’ygan. Ular hech bir masalada bir-birini tushunmaydi, eshitishni ham istamaydi.
Yaqinda prezident Barak Obama muxolifat - respublikachilarga qarata shunday dedi:
“Vashingtonda qachon qaramang raqib guruhlar bir-birining go’shtini yeyish bilan ovora. Qandaydir kimo’zarlik bahsi. Mamlakat bu orada tarixdagi eng jiddiy inqirozdan chiqishga qiynalmoqda. Ishsizlik yuqori. Bizni shu muammolar bilan shug’ullanish uchun saylashgan”.
Respublikachilar esa siyosiy tizim botqoqqa botib qolganida hukmron demokratlarni ayblaydi.
“Obama va demokratlarning ko’zi ko’r, qulog’i kar”, - deydi kongressmen Tom Prays. “Biz respublikachilar necha bor puxta yechim va takliflar bilan chiqdik. Bizga hech kim keling, birga ishlaylik degani yo’q”.
Mett Dallek kabi siyosatdonlar nazarida vaziyat shu darajaga kelganining hecham ajablanarli joyi yo’q.
“Axborot vositalarimiz kuniga 24 soat masalaning u yog’idan kirib, bu yog’idan chiqadi. Siyosatni pul tebratishini ham unutmaslik kerak. Bugun biror muammoni hal etish uchun qonunchilarning o’zaro kelishishi juda qiyin bo’lib qolgan”,- deydi u.
Avvallari bunday emas edi, deydi sobiq qonunchi Bob Edgar. “Siyosatchilarimiz juda partiyaboz bo’lib ketgan. Oldin demokratlar va respublikachilar birga ishlay olardi. Bugun faqat tortishishadi”.
Bob Edgar hozirda Vashingtonda o’z tashkilotini tuzgan. Maqsad hukumatning jamoatchilik oldida javobgar ekanini eslatib turish. U 1970-80-yillarni Amerika tarixidagi siyosiy birdamlik davri sifatida eslaydi. U paytda ham partiyalar orasida farq bor edi, ammo kelishsa bo’lardi.
“Bilasizmi, u paytlarda partiyalarimiz saylov tugashi bilan endi xalq oldida bergan va’dalarni bajaraylik deya ishga kirishardi. Siyosatchilar xalq xizmatida ekanini biz zum ham unutmas edi”, - deydi arbob.
Amerikaliklar orasida bugun amaldorlarga ishonch pasayib ketgan. “Lekin xalqimiz umidni boy bermay yashaydi”, - deydi Bob Edgar.
"Senator Evan Bayga qoyil qoldim. Siyosiy muhit zaharlangan deb ochiq aytdi. Senatdagi o’rnini boshqa bir amerikalik uchun bo’shatib bermoqda. Demak tizim yomon emas. Imkoniyat bor”.
Kongressda ko’zga ko’ringan demokratlardan bir nechtasi qayta saylanish niyatida emasligini bildirgan. Ular qoldiradigan o’rinlar uchun kurash allaqachon boshlanib ketgan. Saylov noyabr oyida.