Breaking News

Siyosiy satira AQSh matbuotining ajralmas qismi


Amerika axborot vositalarini satirasiz tasavvur qilish qiyin. Qiziqchi va askiyachilar Qo'shma Shtatlarda mohir siyosiy sharhlovchilar.

Kulgi ustalari tomonidan olib boriladigan televizion va radio shoular eng keng tomosha qilinadigan dasturlar.

Keksa karikaturachilar - Pet Olifant va Gerbert Blok esa yarim asrdan oshibdiki, o'z asarlari orqali AQSh siyosatini tebratuvchi shaxslarning "adabini" berib keladi.

Karikaturachi Pet Olifant Vashingtondagi amaldor-hokimlarni, mansabdor shaxslarni tasvirlovchi o'tkir hajviy asarlari bilan tanilgan.

"Pet Olifant kabi qalami o'tkir, siyosiy karikaturachilar dastidan hech bir amaldor tanqiddan qochib qutula olmaydi",- deydi Adriana Jemison, siyosiy tahlilchi.

"Qizig'i shundaki, turli mafkuraviy qarashlarga ega, siyosat tarozisining ikki pallasida yurgan odamlardan so'rasangiz, Olifant asarlari ularga ham ma'qul ekanini aytadi. Hatto ularning o'zi masxara qilingan bo'lsa ham".

Aksar siyosatchilar xafa bo'lish o'rniga, aksincha, nazarga tushganidan mamnun.

"Olifant asarlariga tushsangiz, demak siz qaysidir ma'noda shunga loyiq topilgansiz. Demak, sizni payqashdi, e'tiborga olishdi. Siyosiy doiralarda nom qozondingiz hisob".

Yana bir taniqli karikaturachi Xerbert Blok asarlariga qarasangiz, Amerikaning so'nggi 70 yillik tarixini ko'rasiz.

Ba'zida dimog'li deya tasvirlangan prezident Franklin Ruzveltdan "kekkaygan" Bill Klintongacha.

"So'zini topishga qiynaladigan" Jorj Bushdan AQShning bugunsi siyosatini "zimdan boshqarayotgan" Dik Cheynigacha.

Prezidentlikka nomzodlar Jon Makkeyn va Barak Obamaning har bir hatti-harakati kundalik hajviy chizgilarda o'z aksini topadi.

Davlat rahbarlari matbuotdagi karikaturalarda doimiy mavzu. Ularning qilmishlari esa kulgi.

"Blok qalami o'tkir, ziyrak karikaturachilar qatoriga kiradi. Ishini uddalay olmayotgan amaldorlarni, ularning kamchilik va nuqsonlarini falsaviy va tom ma'noda qattiq masxara qiladi",- deydi siyosatdon Sid Xart.

"Hajvchi sifatida",- deydi Blok, "hokimiyatning baland cho'qqilariga chiqqan siyosatchilar nuqsonlarini oshkor etishni o'z vazifam deb bilaman".

XS
SM
MD
LG