Breaking News

Siyosiy maydonda ayollar hamon ozchilik


Oxirgi 10 yil ichida dunyoning ko’plab davlatlarida rahbar lavozimlarni xotin-qizlar egallay boshladi.

Shunday bo’lsada, ko’pchilik nazarida siyosiy doiralarda ayollar hamon kamchilik va hali-beri bu borada erkaklar bilan tenglasha olmaydi.

1998 yildan beri Shveytsariya, Panama, Latviya, Chili, Bermuda, Germaniya va boshqa davlatlarda ayol kishi prezident yoki bosh vazir etib saylangan. Xotin-qizlar hukumat idoralarida yuqori lavozimlarni egallay boshlagan.

Ayol qonunchilar soni bo’yicha Ruanda oldinda – parlamentdagi 48 foiz o’rin xotin-qizlar qo’lida. Keyingi o’rinlarda Shvetsiya (47 foiz) va Kuba (43 foiz) bormoqda.

Biroq umumiy hisobda qonunchi qiz-juvonlar soni 18 foiz atrofida. Odamlar eski qarash va urf-odatlar doirasidan chiqib fikrlay olmayapti deydi Xalqaro Aloqalar bo’yicha Institut mutaxassisi Kristin Xaffert.

”Qayerga bormang, jinsiy tengsizlikni ko’rasiz. Ayollarni tashqi ko’rinishiga qarab baholashadi. Odamlar erkak va ayol siyosatchilarga turlicha munosabatda. Ko’pincha ayollarga qo’yiladigan talab va shartlar yuqori.”

Mana shu xildagi tekshir-tekshirga yo’liqqan malakali ayollar o’ziga ishonmay qo’yadi, boshqa siyosatchilar bilan teng ekaniga shubhalana boshlaydi. Kristin Xaffert boshqa to’siqlar ham bor deydi.

”Qaysi mamlakatda bo’lishidan qat’iy nazar xotin-qizlarni yo oilasi, yo siyosiy partiyalar doim ham qo’llab-quvvatlamaydi. Ular moliyaviy yordam topishga qiynaladi. O’z kuchiga bo’lgan ishonch ham muhim, menimcha. Xotin-qizlar erkaklar kabi siyosatga boshi bilan sho’ng’ib keta olmaydi. Ko’pincha oila va siyosat o’rtasida tanlay olmay ikkilanadi.”

Turli tadqiqot natijalariga ko’ra, ayollar siyosiy lavozim uchun kurashishga u qadar moyil emas. Siyosiy fanlar bo’yicha olima Jenifer Loles 2001 yildan beri 4 mingdan ziyod ayolning fikrini o’rgangan.

”2001 yilgi natijalarni olsak, erkaklar siyosiy poygaga ko’proq ishtiyoqmand, ularning ko’rsatkichi ayollarga qaraganda 20 foiz yuqori. 2008 yilgi raqamlar ham deyarli xuddi shu. Qizig’i shundaki, ayollar va erkaklar siyosiy jarayonni birday qiziqish bilan kuzatadi, bilimi ham teng. Biroq siyosiy sahnaga chiqishga kelganda ayollar o’zini chetga tortadi.”

Vashingtondagi Ayollar va Siyosat Instituti mutaxassisi Sara Bruer dunyoda ayol rahbarlar yetishmaydi deydi.

”Eng tashvishli tomoni shuki, bugun ayollar erkin va teng jamiyatda o’sib-ulg’aysa-da, siyosiy jihatdan faol bo’lishga, siyosiy lavozimlarni egallashga qiziqmaydi. Hatto 40 yil oldin xotin-qizlarning ishtiyoqi balandroq edi.”

Ko’pchilik ekspertlar xotin-qizlarning faolligini oshirish va kelajak rahbarlar uchun zamin hozirlash kerak degan fikrda. Braun Universiteti xodimasi Jennifer Loless nazarida jamiyatning dunyoqarashini o’zgartirish kerak.

”Mehnatni taqsimlashda hali ham an’anaviy yondashuvni ko’rasiz. Siyosiy sahnada ham shu – erkak kishi yuqori lavozim uchun kurashar ekan, bor e’tiborini mana shunga qaratadi. Ayol kishi siyosatga kirmoqchi bo’lsa, ham oilaviy majburiyatlarini, ham siyosiy vazifalarini birga olib borishga majbur.”

Bugun ayollar jahon siyosatida shahdamroq harakat qila boshlagan. Biroq ko’pchilik tahlilchilar fikriga ko’ra, tom ma’noda tenglik va adolatni ta’minlash uchun ko’p ish qilinishi kerak.

XS
SM
MD
LG