Breaking News

Amerikada prezidentlik poygasi - avlodlararo kurash


AQShda prezident saylovlariga to’rt oy qoldi. Nomzodlar - demokrat Barak Obama va respublikachi Jon Makkeyn o’rtasida Oq Uy uchun kurash qiziyotgan bir davr.

Siyosatdonlar nazarida Amerika tarixida nomzodlar o’rtasidagi farq har jihatdan bu qadar katta, omma o’rtasidagi bahsu-tortishuvlar bu darajada keng va keskin bo’lmagan. Bu - mafkura, ijtimoiy-siyosiy tafovutlar va avlodlar-aro kurash.

Nomzodlik uchun Xillari Klintonni mag’lub qilgan Barak Obama endi diqqatni– Jon Makkeynga qaratmoqda. Uni ham yuta olsa, AQShning birinchi qora tanli prezidenti bo’ladi.

“Gap Vashingtonda qaysi partiya hukmronlikka kelishida emas, avvalo Vashingtonni o’zgartirish kerakligida. Buni bizning raqiblarimiz ham yaxshi biladi”, - deydi Obama.

Makkeyn Obamani yenga olsa, AQShda prezidentlikka saylangan eng keksa fuqaro bo’ladi. Obamadan ustun jihati – harbiy tarjibasi va Kongressdagi uzoq yillik xizmati.

“Senator Obamani hurmat qilaman. Ammo davlatni bu mashaqqatli damlarda boshqarish uchun unga bilim, malaka va iroda yetishmaydi. Mana men qodirman rahbarlikka”, - deydi Makkeyn.

Omma orasida esa Obamaning shuhrati oshib bormoqda. Demokratlarning ruhi respublikachilarga qaraganda ancha baland. Saylovchining bugungi kayfiyati Obamaga qo’l kelishi mumkin, deydi tahlilchi Tomas Mann.

“Xalq amaldagi respublikachi prezidentdan norozi. Omma nazarida davlat noto’g’ri yo’ldan ketmoqda. Iqtisodiy ahvol chatoq. Iroqda esa urush davom etmoqda. Hammaning xafsalasi pir bo’lgan”.

Ijtimoiy so’rovlar natijasiga ko’ra, Obamani oddiy ishchi va mehnatkashlar quvvatlamoqda. Aksariyati oq tanli va demokratlarga ovoz berishini aytmoqda.
Siyosiy tahlilchi Kley Richards bundan hayron emas.

“AQShda ishchilar faol fuqarolar. Iqtisodiy tanazzul ularga juda og’ir tushmoqda. Obama ular nazarida prezidentlikka eng ma’qul nomzod. Bu yilgi saylov natijasini iqtisod hal etadi. Ularning respublikachilardan umidi so’ngan”.

Jon Makkeyn Oq Uy uchun kurash oson kechmasligini biladi. “Raqibimni mag’lub qilish uchun jon-jahdim bilan harakat qilishga tayyorman. Omad hozircha u tomonda”.

Makkeyn mustaqil fikrlovchi arbob. Ommaviy so’rovlar va shon-shuhrat uning uchun muhim emas deydi tahlilchilar.

“Makkeyn ishimga, yutuqlarimga va hulq-atvorimga qarab baho bering deydigan odam”, - deydi tahlilchi Tomas Mann.

Makkeyn urush qahramoni va terrorizmni AQSh kelajagi uchun asosiy tahdid deb biladi. Xavfsizlik uning uchun birinchi o’rinda. Obamadan ustun tomoni ham shu, deydi janob Mann.

“Arimlar nazarida Obama bosh qo’mondonlik uchun hali ancha yosh. Shu sabab, odamlarni “yo’q, men Amerikani boshqara olaman” deya ishontirish unga ancha qiyin bo’ladi”.

Obama kelishgan, yoqimtoy va so’zga chechan arbob sifatida ko’kka ko’tarilmoqda. O’zgarishlar davri keldi degan gaplari ayniqsa yoshlarga juda ma’qul. Lekin saylov kunigacha ko’p narsa o’zgarishi ham hech gap emas.
XS
SM
MD
LG