Breaking News

"Fidokorlar" va "Milliy tiklanish" birlashishi mumkin


“Fidokorlar” va “Milliy tiklanish” partiyalari birlashgan holda yangi siyosiy kuch tashkil etishga qaror qilgan. Yangi nizom tuziladi va g`oya ham o`zgarishi mumkin.

Hozir Oliy Majlisda O’zbekiston Liberal demokratik partiyasi ko’pchilik o’ringa ega. “Fidokorlar” va “Milliy tiklanish” birgalikda yirik muxolifatga aylanishi mumkin. Sharhlovchilar esa tarkibiy va shakliy o’zgarishlar bo’lgani bilan mamlakatda baribir haqiqiy muxolifat yo’q demoqda.

“Milliy tiklanish” partiyasi Markaziy kengash raisi Xayriniso Mirzajonova birlashishdan ko`zlangan maqsadlarni izohlaydi:

“Hozir globallashuv jarayoni ketayapti. Ana shu shiddatli zamonda milliy manfaatlar himoyasidagi har ikki partiya siyosiy, moddiy va ma’naviy jihatdan ham salohiyatli bo`lishi ayni muddao bo`lardi. Shularni hammasini o`yladik, fikrlashdik. Hammaning fikri bitta - birlashish katta voqea bo`ladi, yanada kuchliroq bo`lamiz, yanada yiriklashamiz”, - deydi Mirzajonova.

Uning aytishicha hozir tashkiliy masalalar ko’rib chiqilmoqda va yaqinda kutilayotgan plenumda hal etuvchi qaror qabul qilinadi.

“Hozircha anig`ini ayta olmayman. Yangi partiyani O`zbekiston milliy tiklanish yoki milliy demokratik partiya deb atash takliflari bor. Viloyatlarda ishlar davom etayapti”,- deydi Mirzajonova.

“Fidokorlar” partiyasi matbuot xizmati taqdim etgan ma`lumotga ko`ra birlashishdan maqsad - raqobatbardosh siyosiy kuch tuzish. Biroq tuzilajak yangi partiya aynan kimga nisbatan raqobatda bo`lishini aniq tushuntirmaydi.

“Raqobatbardosh, kuchli partiya bo`lishi kerak. Har holda bugun katta kuchga ega bo`lgan partiya kerak. Ikki partiya shunday qarorga keladi. Xolis, asosan yoshlar va ziyolilar qatlamini rivojlantiradigan partiya sifatida chiqamiz”, - deydi matbuot xizmati vakili.

“Fidokorlar” va “Milliy tiklanish” partiyasi birlashgan taqdirda parlamentda 29 deputatlik o`rniga ega bo`ladi va bu jihatdan parlamentdagi eng yirik ikkinchi blokka aylanadi.

Sharhlovchilar nazarida esa O’zbekistonda qancha rasmiy partiya bo`lishidan qa`tiy nazar haqiqiy ma’noda amaldagi siyosatga muxolif siyosiy guruhlar mavjud emas.

Dekabr oyida o`tgan prezident saylovida har ikki partiyadan nomzodlar ko`rsatilgan, biroq keyinchalik partiyalar o`z nomzodlarini ixtoyoriy ravishda qaytarib olgan edi.

Tanqidchilar buni saylovni demokratik niqob ostida o’tkazish uchun qilingan o`yin deb baholagan.

Ayrim sharhlovchilar partiyalarning birlashishi ularning mustaqil xohishi emas deydi. Bu shunchaki demokratik liberallikni ko`rsatish uchun amalga oshirilayotgan harakat deydi ular.

Muxolif, ammo rasman tan olinmagan “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov fikricha partiyalar qo`shilishi bilan mohiyat o`zgarmaydi.

“Hokimyatni, qonunlarning xalqchilligi nolga yaqinlashib qolishining bosh omili hozirgi mavjud partiyalar tizimidir. Aynan shuning uchun, go`yoki siyosiy reforma bo`layapti… Hali bular partiya emas. Birlashgan taqdirda ham partiya bo`la olmaydi. Partiyalar tizimida muxoliflik bor degan narsani ko`rsatish uchun qilinayotgan o`yin. Hozirgi rasmiy partiyalarning asosiy kasali g`oyasizlik”, - deydi Otanazar Oripov.

XS
SM
MD
LG