Breaking News

Tahlilchilar: Deputatlar faqat qarsak chalishga yaraydi


O'zbekistonda parlament saylovlari kim uchun va nima uchun o`tkazilayotgani haqida bahs-munozara avjida. Markaziy saylov komissiyasi 22 sentyabrdan Oliy Majlis qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar uchun saylov kampaniyasi boshlanganini e`lon qilgan edi.

Yaqinda esa saylovda ishtirok etayotgan partiyalarga imzo qog`ozlari topshirilgan. Har bir partiya saylovda ishtirok etish uchun 40 mingga yaqin saylovchi imzosini to`plashi kerak. Sharhlovchilar nazarida saylov aholi uchun saylash va tanlash imkoniyatini bermaydi.

Mulohazlarga ko`ra tadbir G`arb jamoatchiligi uchun o`tkazilmoqda, xalq uchun esa bu faqat ortiqcha xarajat.

Mahalliy jurnalistlardan birining aytishicha, O’zbekistonda so’z erkinligini ta`minlayman degan nomzodga yuzlab jurnalist ovoz berishi mumkin edi.

“Afsuski, O`zbekistonda so`z erkinligi toptalayotganini e`tirof etuvchi birorta nomzod bo`lishiga yoki uni ro`yxatdan o`tkazilishiga umid yo`q”, - deydi u.

Partiyalar faqat saylov paytida harakatda, boshqa payt jim

Huquq himoyachisi Karim Bozorboyev “Fidokorlar” partiyasining sobiq a`zosi. Deputat yoki senatorlarning xalq uchun biror ish qilib berishiga ishonmaydi.

“Partiyani sobiq a’zosi sifatida shuni aytishim mumkinki, to`rttala partiya ham aynan saylov paytida harakatga keladi, boshqa paytda jim. Shu masalada menda ham bir savol bor edi. 2004 yilda Sirdaryodan saylangan senatorlar, deputatlarimiz birortasi saylovchilar oldida hisobot bera olarmikan? O`zim guvohi bo`lganman - nafaqa olish uchun navbat kutib turgan qariyalar bir chetda turibdi, bizni senatorimiz kelib, hech narsasiz, navbatsiz pulini olib ketayapti. Ular o`z saylovchilari oldida hisobot berishadimi?” - deydi Karim Bozorboyev.

Saylov kampaniyasida to`rt rasmiy partiya qatnashadi. Ayni paytda bu partiyalar saylovda qatnashish uchun xalqdan qo`llab-quvvatlovchi imzolar yig`ishga kirishgan.

Markaziy saylov komissiyasiga ko`ra, saylovda qatnashish uchun har bir partiya kamida 40 ming imzo to`plashi kerak. Partiyalar, nomzodlar xalqqa qanday va`dalar berishi mumkin, aholi bilan uchrashuvlarda qanday muammolar muhokamaga qo`yilishi kerak?

“Asosan, deputatlik mandatini, maoshini olish maqsad qilinadi. Ularda bundan tashqari boshqa qiziqish yo’q. Agar haqiqiy xalq deputatlari bo`lishganda ancha o`zgarishlar bo`lishi mumkin edi. Partiyalar ham haqiqiy demokratik partiya bo`lsa prezident saylovi masalasini qo`yishi kerak, chunki hozirgacha konstitutsiyaga ko`ra prezident noqonuniy. Asosiy siyosiy masala shu, bu hal qilinsa, keskin burilish boshlanadi”, - deydi sharhlovchi Akbar Aliyev.

Matbuot saylovga demokratik ruh berishga urinmoqda

Hukumat parlament saylovlarining muhim demokratik voqea bo`lishini ta`kidlamoqda.

“Milliy tiklanish” gazetasi siyosiy fanlar doktori, professor I. Ergashevning “Ko`ppartiyaviylik: g`oyaviy-mafkuraviy yondashuvlar jarayoni” nomli maqolasini chop etgan.

Muallif ko`ppartiyaviylik demokratik jamiyatning asosiy belgilaridan biri ekanini ta`kidlar ekan, mavjud partiyalarni o`zaro bahs va tortishuvlarga chaqiradi.

Professor Ergashev muxoliflik e`lon qilmagan partiyalar o`rtasida qanday raqobat bo`lishini izohlamaydi. Maqoladan to`rt partiya mavjudligini o`zi demokratik ko`rsatkich degan xulosaga kelish mumkin.

“Konstitutsiyaning bir moddasi bor, shaxsiy mulk daxlsizligi haqida. O`zining puli shaxsiy mulk. Lekin har kuni kechqurun do`konlardan pulni inkassator majburan yig`ishtirib ketadi. Nega buni hech kim ko`tarmaydi, xalqqa tushuntirmaydi. Tashabbus guruhlari yo`q qilindi, to`rtta partiya qoldi. Lekin ular ham Alixo'ja–Xo'jaali-da. Hozir saylov bo`yicha chet el tashkilotlari ishtirokida seminarlar o`tyapti, maqsad bizda adolatli saylov bo`ladi degan tushunchani shakllantirish. Xalq uchun esa hech qanday saylov yo`q”, - deydi faxriy jurnalist Shavkat Halilov.

Ozbekistonda hukumatga muxolifligini e`lon qilgan birorta partiya ro`yxatga olinmagan. Muxolifat o`tgan prezidentlik saylovidan ham, parlament saylovidan ham chetlatildi. Bu yilgi parlament saylovlarida mustaqil tashabbus guruhlaridan nomzod ko`rsatish ham qonunga ko`ra bekor qilindi. Qonunchilikdagi bu o`zgartirish nafaqat muxolifatni balki mustaqil qarashdagi kishilarning siyosiy huquqlarini mutlaq toptash sifatida baholanmoqda.

“Partiyalarni a`zolari ko`pi bilan 2 millionga borishi mumkin, lekin 27 million aholini 2 millionga almashtirish kerak emas. Partiyasiz odamlarni deputatlikka nomzod bo`lishdan cheklash demokratiya barbod bo’ldi degani. Agar xalqimizni siyosiy ongi ko`tarilganda edi, bu partiyalarni boykot qilardi. Siyosiy ong past, ya’ni partiyalar mutlaqo ishlamagan”, - deydi Akbar Aliyev.

Saylovda qatnashish, uni qonuniy deb e'tirof etish bilan barobar

Yaqinda muxolifatdagi “Birdamlik” harakati parlament saylovlari munosabati bilan murojaat tarqatdi. Unda o`zbek muxolifati birlashishga, saylov davridan foydalanib hukumatga muxolif partiyalarni ro`yxatdan o`tkazish talabini qo`yishga da`vat etiladi. “Birdamlik” harakati faollaridan biri Baxtiyor Isabek so’zlariga ko`ra, O`zbekistonda saylov haqida gapirish noqulay.

“Muxolifat saylovda ishtirok etaman deyish bilan saylovni e`tirof qilgan bo`lib chiqadi. Lekin biz aniq bilamiz nomzodlar o`tmaydi, qanday yo`l bilan bormang. Shunday ekan muxolifat nafaqat boykot, balki hech qanaqa siyosiy voqea bo`lmayapti deyishi kerak. Chunki hech qanaqa siyosiy demokratik akt bo`layotgani yo`q”, - deydi Isabek.

Partiyalar raqobat qila boshlasa, ajabmas

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi vakili Hamdam Sulaymon rasmiy partiyalar o`rtasida raqobatni ehtimoldan xoli qilmaydi.

“Partiyalar o`rtasida baribir raqobat bo`ladi, odamlar uchun esa tanlash qoladi, saylash emas. Hozir oddiy odamlar ham nima qilib bera olasan deb so`rayotgan holatlari bor ”, - deydi Hamdam Sulaymon.

Ayrim sharhlovchilar fikriga ko`ra, saylov taqdiri belgilab bo`lingan, boshlangan kampaniya shunchaki, nomiga.

“Saylovni hozir siz gapirayapsiz, men bu haqda fikr bildirayapman, lekin ko`chada bu haqda gapiradigan, qiziqadigan odamni o`zi yo`q. Davlat hali mart oyini o`zidayoq kimlar deputat bo`lishi belgilangan ro`yxatni tasdiqlab qo`yibdi”, - deydi Bahodir Chig`atoy.

Odamlarning saylov bilan ishi yo'q

Parlament saylovlari dekabr oyining 27 siga belgilangan. Mulohazalarga ko`ra, xalq saylovda saylash va tanlash imkoni bo`lishiga ishonmaydi.

“Oddiy fuqaro sifatidagi fikrim - hozir odamlarga saylov kerak emas, hammani xayoli tirikchilikni qanday o`tkazish bilan band. Shaxsan men deputatlar biron ish qilishiga ishonmayman, ular faqat qarsak chalishga yaraydi ”, - deydi Karim Bozorboyev.

Bunday sharoitda saylovni kim uchun va nima maqsadda o`tkazilayotgani munozarali.

“Hukumat buni shunaqa qilib ko`rsatmoqchi - biz uchun, yoki xalq uchun emas, chetga, islohotlar o`tkazaman deb va`da bergan tashkilotlarga. Hozirgacha o`zbek hukumati o`z xalqiga biz demokratik saylov o`tkazdik deb hisobot bermagan, bermoqchi ham emas”, - deydi Baxtiyor Isabek.

O`zbekiston Oliy Majlisi qonunchilik palatasidagi 120 deputatlik o`rni 150 o`ringa ko`paytirildi. Ulardan 15 tasi yaqinda tashkil topgan O`zbekiston Ekologlari harakati uchun ajratilgan. Bu o`rinlar uchun kurashda O`zbekiston Liberal demokratlar partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Adolat, Milliy Tiklanish partiyalari va O`zbekiston Ekologlari harakati qatnashishi kutilmoqda.

Sharhlovchilar rasmiy partiyalarni hukumat turli maqsadlarda foydalanib kelayotgan “cho`ntak partiyalar” sifatida ta`riflashadi. 2007 yil dekabr oyida o`tgan prezident saylovida ham partiyalar o`z nomzodlarini ko`rsatishgan. Biroq bu nomzodlarni birortasi hukumatni tanqid etishga jur'at qilmagan. Amaldagi prezidentga “muqobillik” rolini bajarib berishgan, xolos.

XS
SM
MD
LG