Elchi ketdi
Uzoq yillar O'zbekiston tashqi ishlar vaziri, keyinchalik ancha muddat AQShda elchi bo'lib ishlagan Abdulaziz Komilovning tashqi ishlar vaziri o'rinbosari lavozimida mamlakatga qaytishi yuzasidan turli fikrlar bor.
"Komilov 1995 yillarda vazir bo'lib ishlayotganda Toshkentda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining bir majlisi o'tgandi. Shuni reklama qilib keyinchalik katta bir maqola ham chop etgan edi. Mana bizda hamma yoqda demokratiya, lekin shuni ham ko'ra olmaydiganlar bor, degan ma'noda. U boshdan prezident siyosatini qo'llab kelgan. Shaxs sifatida biror o'zgarishlarga qo'l uradi deya olmayman", - deydi muxolifatdagi "Erk" partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.
Sharhlovchilar Abdulaziz Komilovni Sharof Rashidov rahnamoligida yetishgan va mamlakat hayotida muhim o'rin tutgan siyosiy doiraning yetakchi vakillaridan biri sifatida ta'riflashadi. Mazkur siyosiy doira a'zolari birin-ketin hokimiyatdan chetlatila boshlagan davrda Komilov ham AQShga elchisi qilib jo’natilgan edi.
"Komilov ancha yil Amerikada ishladi, Amerika maktabini o'rgandi. Uning qaytishi Amerika maktabining qo'li baland kelganini bildiradi. Avval Moskvada chekistlar maktabini o'tgan yigitlardan. Bunday odamni pastlab ketishi kutilmaydi", - deydi sharhlovchi Bahodir Chig'atoy.
Ayrim taxminlarga ko'ra, vazir o'rinbosarligi Komilov uchun siyosiy karyeraning tugashi, boshqa mulohazalarga ko'ra, aksincha, imkoniyatlar kengaygan davri bo'lishi mumkin.
"Bir paytlar siyosiy maydonda mustahkam bo'lgan Sharof akaning odamlari siyosatdan chetlatildi. Shu ma'noda Komilovning qaytishi siyosiy jarayonlar faollashayotganidan darak bermoqda. Rashidov voyaga yetkazgan, O'zbekiston hayotida mustahkam o'rin tutgan kadrlarni qaytarish rejalanayotgan bo'lishi ham mumkin", - deydi sharhlovchi Jahongir Shosalimov.
Elchi tayinlandi
Boshqa bir bir yangilik - prezidentning qizi Gulnora Karimovaning Ispaniyada favqulodda va muxtor elchi lavozimiga tanlanishi bo'ldi.
Ma'lumotlarga ko'ra, Karimova Ispaniya qiroliga ishonch yorliqlarini topshirgan.
"Gulnora Karimova Ispaniyada bir-ikki yil ishlagandan keyin O'zbekistonga qaytishi, bu yerda ham sulolalar tizimi yo'lga qo'yilishi mumkin. Karimova prezidentlikka nomzodi ko'rsatiladigan kam sonli odamlardan biri", - deydi Bahodir Chig'atoy.
Karimova nega aynan Ispaniyada elchilikka tayinlangani biroz munozarali. Ayrim taxminlarga ko'ra, bu uning xohishi bilan bog'liq bo'lishi mumkin. Ispaniya yanvar oyidan Yevropa Ittifoqiga raislik qilmoqda, O'zbekiston bilan pragmatik asosda muloqot yuritish tarafdori.
Ispaniyani Yevropa Ittifoqi a'zosi sifatida O'zbekistonda inson huquqlari bilan bog'liq masala bezovta qilgani kuzatilmagan. O'zbekiston prezidenti bir necha bor tashrif buyurgan kam sonli Yevropa davlatlaridan biri ham aynan Ispaniya.
Mulohazalarga ko'ra, Gulnora Kaimovaning elchiligi Ispaniya bilan iqtisodiy aloqalarning bir qadar rivojlanishiga xizmat qilishi mumkin. Karimova tijoratdagi faoliyati bilan tanilgan, dunyodagi eng boy tadbirkorlardan biri sifatida tilga olinadi. Karimovaning siyosiy va iqtisodiy faoliyati hamisha bahs-munozaraga sababchi bo'lib kelgan.
"Karimovani Ispaniyaga ketishi uni mamlakat ichkarisidagi siyosiy faoliyatini bir qadar cheklash uchun qilingan bo’lishi mumkin. Bilasiz, uni hokimiyatga surayotgan guruhlar bor. Bu ana shu siyosiy kurash natijasi ham bo'lishi mumkin", - deydi Jahongir Shosalimov.
Muxolifatdagi "Erk" partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripovning aytishicha, kadrlar masalasi O'zbekiston siyosiy hayotida o'zgarishlar boshlaydi deb o'ylash noto’g'ri. Bu o'zgarishlar prezident qiziga taalluqli bo'lgan taqdirda ham.
"Prezidentning merosxo'r haqida o'ylash vaqti kelgan, lekin u ishlab turgan vaqtda merosxo'r haqida gap bo’lmaydi. Hokimiyat xalqniki bo'lishi kerak, lekin bu qoida borgan-sari soxtalashib bormoqda. Ayniqsa, kadrlar masalasida bu yaqqolroq namoyon bo'ladi. Hukmdorlar sinfi va oddiy xalq o'rtasidagi masofa tobora kattalashmoqda", - deydi Oripov.
Prezident hokimlarni sinayapti
Bu orada prezident viloyat hokimlarini birato'la o'z lavozimga tayinlash haqida farmonlar imzoladi. Viloyat hokimlarini yoppasiga lavozimga tasdiqlash tajribasi mamlakatda hozircha kuzatilmagan edi.
Lavozimga tasdiqlanganlar orasida bir necha yillardan buyon vazifasini bajarib turgan hokimlar bor.
"Bu qaysidir ma’noda hokimlarni sinash, ularning sodiqligini. Masalan Buxoro viloyati hokimi Husainov 4-5 yillardan buyon mustahkam o'rnashib olgan. Meningcha, bu hukumat o'z faoliyatini taftish qilolmayotgani bilan bog'liq. Tuman, viloyat hokimlari markaziy hukumatni, prezident faoliyatini tanqid ostiga oladigan vaqti kelgan, vaziyat shunday. Bunday tanqidlarga yo'l qo'ymaslik uchun turli choralar ishlab chiqilmoqda", - deydi sharhlovchi Jahongir Shosalimov.
Ayrim mulohazalarga ko'ra, hokimlarning hozirgacha o'z vazifasiga tasdiqlanmagani, kadrlarga nisbatan ishonchsizlik bilan bog'liq bo'lishi ham mumkin.
"Viloyat hokimligi katta, mas'uliyatli vazifa. Ko'pchilik asosan ber-ber bilan bo'lgan, masalan, diplomatda bergan bo'lsa, amalga kelgandan keyin jomadon to’lg'izishga harakat qilgan. Faqat o'z nafsiga qarab harakat qilgan, xalqqa yaxshilik qilish uchun emas", - deydi muxolifatdagi "Birlik" partiyasi faoli Hamdam Sulaymon.
O'zbekistonda hokimlarni tayinlash va ishdan olish prezident vakolatidagi masala. Hokimlarning ishdan olinishi, sobiq hokimlarga nisbatan talon-taroj, korrupsiya bo'yicha jinoyat ishlarining ochilishi mamlakatda yangilik emas.
Hamdam Sulaymon so’zlariga ko'ra, hokimlar saylash yo'li bilan hokimiyatga kelmas ekan, kadrlar tanlashdagi samarasizlik davom etadi.
"Agar viloyat, shahar hokimlari raqobat asosida saylanganda edi, masalan besh yilda viloyat uchun falon ishni qilaman deb, shunda katta samara bo'lishi mumkin edi. Xalq baribir uning qilgan ishiga qarab baho berardi. Tayinlanish bo'lgandan keyin, baribir",- deydi u.
Tahlilchilar: Oliy Majlisda mohiyatan hech narsa o'zgarmadi
Bu orada O'zbekiston Oliy Majlisi qonunchilik palatasining birinchi yig'ilishi chaqirildi. Yig'ilishda palata spikeri sifatida yana Dilorom Toshmuhammedova saylandi. Tashkiliy masalalarni muhokama etgan majlis raisi o'rinbosarlarini ham sayladi.
Sharhlovchilar nazarida Oliy Majlis uchun o'tgan saylovlar ham, parlamentda o'rni almashgan deputatlar ham mamlakat siyosiy hayotida biron o'zgarish qilishi qiyin.
Oliy Majlis Senatiga prezident vakolatiga ko'ra tayinlanadigan senatorlar ro'yxati ham e'lon qilindi. Yuqori palata to'liq shakllanishi uchun viloyat kengashlaridan ham senatorlar saylanishi kerak. Viloyatlardan saylanadigan senatorlar har doimgidek asosan viloyat va tuman hokimlaridan tashkil topishi taxmin qilinmoqda.
Mulohazalarga ko'ra, yaqinda prezident farmoni bilan lavozimga tasdiqlangan hokimlarning barchasi yuqori palatadan o'rin olishi mumkin.
"Senat ham, Oliy Majlis ham qo'g'irchoqligicha qolib ketaveradi. Odamlar almashishi mumkin, lekin mohiyat o'zgarmaydi. Senatning raisi ham o’z joyida qoladi, u ham hukumatga ancha yaxshi xizmat qilib kelmoqda. Tuman, viloyat hokimlari keladi, qochib ketgan, yoki amalidan ketgan senatorlar o'rniga boshqalari saylanadi. Mohiyatan esa hech narsa o'zgarmaydi", - deydi Otanazar Oripov.
Sharhlovchilar fikriga ko'ra, kadrlar o'zgarishi siyosiy hayotda biror narsani anglatishi gumon. Kadrlar faoliyati samarasi qonunchilik, xalqqa xizmat qilish mezoni bilan emas, prezidentga sodiqlik chegarasi bilan o'lchanadi.