Breaking News

Prezident saylovlari oldidan har taraf tanqid ostida


O’zbekistonda prezident Islom Karimov 23 dekabr qayta saylanish umidida ekan, kelasi yilni Yoshlar yili deb e’lon qildi. Ijtimoiy xavfsizlik, osoyishtalik va xalqaro maydonda respublika nufuzini oshirishni va’da bermoqda.

"Amerika Ovozi"ga fikr bildirayotgan o’zbekistonliklar orasida uning bu chiqishlariga ishonch bilan qarayotgan fuqarolar ham, Karimovni ikki yuzlamachilikda ayblayotganlar ham bor.

Amerikada yashayotgan ayrim o’zbekistonliklar prezident saylovida ovoz bermoqchiman, nima qilish kerak deb murojaat qilgan.

O’zbekistonning AQShdagi elchixonasiga ko’ra, fuqarolar ovoz bermoqchi bo’lsa, telefon orqali konsullik bilan bog’lanishi mumkin.

Elchi Abdulaziz Komilov raisligida saylov okrugi tuzilgan. Vashingtonga yaqin joyda yashaydiganlar saylov kuni pasporti bilan borib ovoz bersa bo’ladi. Elchixona adresi va telefon raqamlarini Internetdan www.uzbekistan.org sahifasidan olish mumkin.

Ukrainada yashovchi siyosiy faol, "Erk" partiyasi vakili, Baxtiyor Hasan fikricha 23 dekabrga saylovlar natijasi oldindan ma’lum.

“Bu saylovlar xo’jako’rsinga. Ssenariylashtirilgan. Saylovning qanday o’tishi avvaldan rejalangan”,- deydi u.

"Karimov qayta saylanadi. Saylov oldidan kelasi yilni Yoshlar yili deb e’lon qilib, ham mahalliy, ham xalqaro jamoatchilik ko’ziga yaxshi ko’rinishni istaydi va yoshlar ongini nazorat ostiga olmoqchi",- deydi “Erk” vakili.

Baxtiyor Hasan nazarida bugun rasmiy Toshkent ayrim davlatlar bilan iqtisodiy hamkorligidan o’z fuqarolariga qarshi siyosiy bosimlarda foydalanmoqda.

Uning aytishicha Ukrainada ko’zga ko’ringan o’zbekistonliklarga xavfsizlik xizmati tazyiqiga uchramoqda.

“Hozir Ukrainada hech narsa nazorat qilinmayapti. Davlat xodimlari nima qilishni bilmay qolgan. Shunday anarxiya hukmronki, xohlagan odamni chiqarib yuborayapti, xohlagan odamni deportatsiya qilayapti”,- deydi u.

Ukraina O’zbekistondan tabiiy gaz oladi. Ta’minot to’xtamasligi va orada ortiqcha kelishmovchiliklar bo’lmasligi uchun, deydi Baxtiyor Hasan, Ukraina hukumati har narsaga tayyor.

“Ukraina davlati hamkorlik qilmasa, Karimovni bilasiz, bitta odam uchun ham gaz ta’minotini to’xtatib qo’yishi mumkin. Ukraina esa [muhojir huquqlari] deb kuyinib o’tirmaydi. Eng asosiysi xalqqa arzon gaz kelyaptimi, bo’ldi. Talabga ko’nadi.”

Ukrainadagi yana bir o'zbek faoli, “Birlik” a’zosi, Isoqjon Zokirov ham saylovni adolatsiz va noqonuniy deb ataydi.

"O’zbekistonda turmush sharoiti og'ir, odamlar saylov haqida o’ylanayotgani yo'q",- Zokirov. “Odamlar bu saylovdan umidini uzgan. Kim prezident bo’lishidan qat’iy nazar xalq o’zgarish kutmayapti, ya’ni siyosiy-iqtisodiy islohotlar.”

O’zbekistonda diktatura hukmron, bunday vaziyatda adolatli saylov bo’lishi mumkin emas deydi Isoqjon Zokirov .

O’zbekistondan maktub yo’llagan saylovchilardan biri esa chet eldagi muxolifat tanqidiga shunday javob beradi:

“Karimov saylovda albatta g’olib chiqadi. Agar g’olib chiqishiga zarracha shubhasi bo’lgan’da nomzodini qo’ymas edi. Bunga “Erk” va “Birlik” partiyalarining va jahon hamjamiyatining fikrini bilamiz. Lekin ular quruq gaplardan boshqa o’zi nima ish qilayotganini ham bilmoqchimiz”.

“Hamma safsataboz bo’lib ketdi. Fikr hammada bor, ammo amalda nima ish qilinyapti"?- deya so’raydi u.

Yana bir o’zbekistonlik esa O’zbekistondagi saylov xalq pulini talon-taroj qilish deydi.

"Nomzodlar hammasi laganbardorlar va g’ururi yo’q kimsalar. Muholifat kim? Tosh otishdan boshqasiga o’tmaydilar. Muxolifatni uyida gazi bor, sveti bor. O’zbekistonda Karimov baribir prezidentlikka saylanadi, lekin xalq bugungi qiyinchiliklarni ko’tara olmasligi mumkin",- deya yozadi bu fuqaro.

"Rossiya chetdan aralashmay qarab turadi. Rossiya xalq haqligini biladi. Xalq ahvolini Rossiya Karimovdan yaxshi biladi. Chunki Karimovga bugungi vaziyat haqida to’g’ri axborot berilmaydi",- deydi bu tinglovchi. "O’zbekistonimiz tinch bo’lsin, xalqimizning hech bo’lmasa tirikchiligi yaxshi bo’lsin".

XS
SM
MD
LG