Breaking News

O'zbekistonda siyosiy muhit iliqlashayotgani rostmi?


Muxolifatdagi “Serquyosh O'zbekistonim” koalitsiyasi rahbari Sanjar Umarov yaqinda qamoqdan ozod etilgan edi. U hozir AQShda oilasi bilan birga ekani aytilmoqda.

O’zbekistondagi mustaqil sharhlovchilar nazarida rasmiy Toshkent mahalliy faollarni vaqti-vaqti bilan qamoqqa olib yoki ozod etib, siyosiy o’yin olib bormoqda.

Sanjar Umarovning turmadan chiqishi O’zbekistonda siyosiy muhit o’zgarganidan dalolat bermaydi, deydi ular, chunki ta’qiblar davom etmoqda.

25 noyabr kuni Farg'onada firibgarlikda ayblanayotgan huquq himoyachisi G'anixon Mamatxonov ustidan sud jarayoni o'tgan.

Uning o'g'li Kamolxon Mamatxonov deydiki, sudda otasi aybsiz ekanini ta'kidlagan. Sudda qatnashgan guvohlar ham buni tasdiqlamoqda.

“Sudni turli ro'kachlar bilan qoldirib kelishdi. Bugun ikkinchisi yana davom etayapti. O'zlari ahvolim yaxshi deyaptilar, faqat ozgina dori-darmon so'ragan ekan, shuni olib borib berdik. Yoshlari 60 ga borib qolgan. Ayblov bilan tanishib chiqib, bular hammasi bo'hton, men bunday ish qilmaganman deyaptilar. Bitta jabrlanuvchini olib kelgan. U ham aytdi “100 ming so’mni o’zim Toshkentga borib kelishi uchun berganman” deb. Hech qanday da`voim yo'q dedi. Boshqa hech kim yo'q”, - deydi Kamolxon.

Biroz avval Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti Mamatxonovni ozod etish talabi bilan bayonot tarqatgan edi. G'anixon Mamatxonov Farg'ona viloyatida inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanib kelayotgan kam sonli faollardan biri edi.

Sharhlovchilarning aytishicha, hukumat faollarni qamoqqa olish va ularning ozod etilishidan o'z siyosiy maqsadlari yo'lida foydalanmoqda.

Sanjar Umarovning ozod etilishi AQShning diplomatik harakati samarasi ekani ta'kidlanadi. Oilasi bergan ma'lumotda Sanjar Umarovning taqdirida AQShning O'zbekistondagi elchsi Richard Norlandning xizmatlari katta bo'lgani alohida tilga olinadi.

Sharhlovchilar fikricha ham bu AQSh-O'zbekiston muloqoti jonlangani bilan bog’liq bo’lsa ajabmas. Dekabr oyida O'zbekiston rasmiy delegatsiyasi Amerikaga safar qiladi va Vashingtonda Obama ma'muriyati a'zolari bilan qator muzokaralar rejalangan.

“Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya tarkibida inson huquqlari bo'yicha bizdagi institutlar rahbarlari ham bor. Masalan Akmal Saidov, Sayyora Rashidova. Bu haqda Vilyam Byorns O'zbekistonga kelgan paytda aytilgan edi. Nodavlat tashkilotlardan, asosan, hukumatni qo'llab-quvvatlovchi idoralarning vakillari kiritilgan”, - deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati xodimi Abdurahmon Tashanov.

Bu orada bir paytlar AQShdan siyosiy boshpana so'rab mamlakatdan chiqib ketgan mustaqil jurnalist Ruslan Sharipov O'zbekistonga qaytmoqchi.

Sharipov O'zbekiston hukumatiga yozgan murojaatida Amerikada davomli tazyiqlarga uchrab, charchaganini aytadi. Ruslan Sharipov O'zbekistonga qaytish uchun ruxsat va moddiy yordam so'ramoqda.

“Endi qochqinlarning ketishi yoki kelishi ham qaysidir ma'noda siyosiy vaziyat biroz iliqlashganini bildiradi. Lekin bunday desangiz, siyosiy pozitsiyalar hali yumshamagan. Masalan, bir yil avvalgiga nisbatan biroz iliqlik bordir, ammo mahalliy faollarga nisbatan tazyiqlar, ularni qamash hollari davom etmoqda. Demokratik o'zgarishlar kuzatilgani yo'q”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

Yaqinda O'zbekistonga safar qilgan AQSh yetakchi diplomati Jorj Krol tomonlar fuqarolik jamiyatining barcha sohalarini qamrab oluvchi muloqotga hozirlanayotganini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG