Breaking News

O'zbekistonda matbuot va so'z erkinligi bobida jurnalistlar so'zlaydi


AQShda asoslangan, jahonda demokratik jarayonlar va siyosiy huquqlarni kuzatuvchi “Freedom House” - “Ozodlik uyi” tashkilotining oxirgi hisobotida Markaziy Osiyo erkinlik bobida mutlaqo cheklangan region deb ta’riflanadi.

“Chegara Bilmas Muxbirlar” tashkiloti ham O’zbekistonda mustaqil jurnalistlar siquvga olinayotganidan xavotirda. Xavfsizlik nuqtai-nazaridan ismini oshkor etmagan holda, ayrim mahalliy jurnalistlar "Amerika Ovozi"ga shunday fikrlar bildiradi:

Tixirlik qilgan jurnalistning kavushini to'g'rilab qo'yishadi

“Mustaqillikning ilk yillaridan boshlab, nimani yozish kerak, qanday yozish kerak, nima uchun yozish kerakligini uqtirib kelishadi. Bosh muharrirlar, ularning ustida turgan kattalar, kattalar ustida turgan kattalar bir-biriga uzatish tartibi haqida hisobotlar berib turadi. Jurnalist tahririyatga kelgan kunidan boshlab uni qolipga solib qo’yishadi. Bordi-yu, u prezidentning gapiga rioya qilib turib, alohida qoliplardan holi holda yozishni boshlasa, uning kavushini to’g’rilab qo’yishadi”.

Muharrirlar sharmanda qilinadi

“Bizda senzura yo’q. Haqiqatan senzura yo’q. Ilgarida bo’lgani singari har bir chiqqan maqolani tekshirishmaydi-yu, lekin hukumat shundoq qildiki, “sen javob berasan” dedi redaktorlarga. Redaktorlar biladi hukumatning siyosati qayoqqa qarab ketayotganini. Besh-olti yil oldin ko’zining oldida bir-ikkita aqlli maqolani chop etgan muxbirlarni hattoki redaksiyaga olib kirib turib, ko’pchilikning oldida militsionerlar ushlab, urib, olib borib qamagan. Ana shuni ko’rib turgan boshqa redaktorlar nima qiladi? O’rnak bo’lsin sengayam deb qilinadi shu ishlar”.

“O’zbekistonda teleradiokanallarning ahvoli matbuotdan besh battar. Matbuotni xalq umuman esidan chiqargan. Sababi – davrni, xalqning dardini ko’rmagan matbuotning jamiyatga keragi yo’q”.

Erkin matbuot hukumat nazarida xavf

“Hamma biladi – “Ozodlik”, “Bi-Bi-Si”, “Amerika Ovozi” byurolari ishlab turardi. Xalqaro tashkilotlar bor edi. Mana, Andijon fojeasidan keyin odamlar o’zimizning axborot vositalari erkin bo’lmagani tufayli hech bo’lmasa mana shu “Ozodlik”, “Bi-Bi-Si”, “Amerika Ovozi”ga kelib, dardini aytib turardi. Mana shular odamlardagi salbiy kayfiyatni, reaksion kayfiyatni eshitib, ularni tinchlantirib, hukumatga qarshi g’azab kayfiyatiga suv sepib turardi. Bizdagi rahbar bo’lsa haqiqatni aytsa, janjal bo’lib ketadi deb o’ylaydi. Yo’q, aksincha, haqiqatni bermasa, janjal ko’tariladi”.

“Bugun O’zbekistonda yuz ming tirajdagi matbuotni, gazetalarni uchratish mumkin. Lekin bu nashrlar hech vaqt hukumat ishiga, siyosiy jarayonlarga umuman aralashmaydi”.

Xalqi ham matbuotiga yarasha

“Aytiladi, mana bu odamni oq, mana bunisini qora denglar, mana bu narsa zo’r bo’layapti, mana bu narsa yomon bo’layapti va hokazo. Odamlarni fikrlashga, o’ylashga undaydigan narsalar yo’q. Bunday sharoitda odamlar ham ana shunday matbuot holatiga tushadi. Hukumat shundoq qildiki, matbuotni qo’lga olish orqali aholining fikrlash darajasini ham past bir holatga keltirib qo’ydi”.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG