Breaking News

AQSh kongressmeni: Aloqalarda yangi sahifa ochamiz


AQSh Vakillar Palatasida ma’qullanib, hozirda Senat e’tiborida bo’lgan qonun loyihalaridan biri Markaziy Osiyo yoshlariga bu mamlakat siyosiy dargohlarida amaliyot o’tash imkoniyatini beradi.

Elchixonalar orqali taklif etiladigan dastur 2010-2011 o’quv yillariga mo’ljallangan (Central Asia Scholarship Program for Public Policy Internships) va uning asosida universtitet talabalari Amerika boshqaruv va qonunchilik organlarida olti oygacha tajriba oshirishi mumkin.

Bu programmani tanishtirgan kongressmen Eni Faleomavaega Vakillar Palatasiga 20 yildan beri a’zo. Tinch okeanida joylashgan Samoa orollarining Amerikaga tegishli qismidan saylangan. Palatada Markaziy Osiyo bilan shug’ullanuvchi quyi qo’mita raisi. Faleomavaega kongressmenlar orasida sabr-qanoatli va optimist arbob sifatida tanilgan.

O’zbekiston va qo’shni davlatlar nomi Amerika siyosiy doiralarida tilga olinganida odatda diktatura, aviabaza, inson huquqlari, nochorlik kabi so’zlarni eshitamiz.

Ammo Faleomavaega fikricha aloqalar sekin rivojlanayotgani ular yomon degani emas.

“Markaziy Osiyoda har bir respublika siyosiy-iqtisodiy jihatdan shakllanishga urinar ekan, aloqalar ham shunga yarasha. Astalik bilan o’zaro manfaatlar yo’lida birga ishlashga urinayapmiz”,- deydi kongressmen.

Faleomavaega fikricha mintaqa davlatlari AQShga Afg’onistondagi urushda yordam berib, o’z xavfsizligi ustida qayg’urmoqda. Bu tabiiy, deydi kongressmen.

Uning o’zi esa hozir boshqa bir jabhaga sarmoya-mablag’ jalb etish harakatida.

“Ta’lim - o’ta muhim soha. Uzoq muddatda ana shuning rohatini ko’ramiz”,- deydi Faleomavaega.

“Zamon tinch va farovon bo’lishi uchun bizga o’tkir yetakchilar va mutaxassislar kerak. Yangi ta’lim dasturimizdan maqsad siyosatga qiziqqan va uning turli qirralarini o’rganayotgan yoshlarni bu davlat qanday idora etilishi bilan yaqindan tanishtirish. O’quv maskanlarimizda bilim olib, tajriba oshirishi uchun yana bir imkoniyat yaratish”,- deydi kongressmen.

Janob Faleomavaega har bir masalaga ko’p tomonlama yondashish tarafdori. Masalan Markaziy Osiyoda huquqiy ahvolga baho berilganida, deydi kongressmen, bu faqat shu mintaqaga xos muammo emasligini unutmaslik kerak. Qolaversa, uning fikricha, Amerika faqat yomonlaydi deb qarash ham noto’g’ri.

“Bir tomondan, huquq faqat O’zbekiston yoki unga qo’shni davlatlarda buzilayotgani yo’q. Ikkinchi tomondan esa huquq va qonun hurmat qilinmasligi avvalo o’sha jamiyatning muammosi. Chunki bundan aynan o’sha xalq aziyat chekmoqda”,- deya ta’kidlaydi Faleomavaega.

“AQSh kuzatishi, baho yoki maslahat berishi mumkin xolos. Biz ba’zida diqqatni faqat bitta narsaga qaratib xato qilamiz. Amerika o’z qadriyatlarini ulashgani ma’qul, ammo bu bilan biz ular faqat bizda bor deya iddao qilolmaymiz".

"AQSh bugungi demokratik jamiyatga aylangunicha uzoq va mashaqqatli yo’lni bosib o’tgan. Qancha to’siq, qancha muammolar bilan yuzlashganmiz ”,- deydi kongressmen.

Amerikaliklar Markaziy Osiyo xalqlari va madaniyati haqida yetarlicha bilmasligi mumkin, ammo “biz sizni hurmat qilamiz”,- deydi kongressmen Faleomavaega.

AQSh o’z qobig’ida yashaydi, o’zga mentalitetlarni tushunmaydi degan qarashlarni yengish kerak, deydi arbob.

“Amerikaliklar albatta Yevropa haqida yaxshiroq biladi, chunki biz ularga yaqinmiz. Ammo aholimiz turli etnik guruhlardan iborat, jamiyatimiz ijtimoiy jihatdan boy. Bizga notanish narsaning o’zi yo’q”,- deydi Faleomavaega.

“AQSh hech kimga “bizga o’xsha” deya olmaydi. Bunday demasligi ham kerak. O’zbekning o’zbekligini, qozoqning qozoq ekanini qadrlaymiz. Maqsad rishtalarga ega bo’lish, bir-birimizni hurmat qilib, oradagi ishonchni shakllantirish”.

Demokrat qonunchi partiyadoshi Barak Obama aloqalarda yangi sahifa ochadi degan umidda.

Misrdan turib jahon musulmonlariga murojaat qilganida, deydi Faleomavaega, Obama shubhasiz Markaziy Osiyo ommasiga ham yetishga urindi.

“Amerika hech kimga yomonlikni ravo ko’rmaydi. Biz zahmatkash, yutug’imiz bilan faxrlanib, kamchiliklarimizni tan olib, yechim qidiradigan xalqmiz”,- deydi kongressmen.

“Hozirgi prezidentimiz musulmon va nasroniy farzandi. Birinchi qora tanli rahbarimiz, ammo uni saylaganlar asosan oq tanlilar – bu jamiyatda ko’pchilikni tashkil etuvchi guruh. Obama timsolida xalqimizning orzu-istaklari aks etgan”,- deydi Faleomavaega.

“Biz totuv, to’q, sog’lom va erkin yashashni xohlaymiz. Iymonim komilki, bu meni Markaziy Osiyoda eshitib o’tirgan insonlarning ham ezgu niyati”,- deydi kongressmen.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG