Breaking News

O'zbekiston tashqi siyosatida Rossiya faktori


Markaziy Osiyoda demokratik boshqaruv usullari yoyiladi degan umid tobora so`nib bormoqda.

Bu tamoyillardan tortinish harakati ko’zga tashlanar ekan, bunda Rossiyaning roli katta ekani ta’kidlanadi.

Tahlilchilar nazarida Kreml hamisha mintaqa davlatlarini bir-biriga qarshi qo’yib kelgan va bu ziddiyatlardan unumli foydalanadi.

So`nggi paytda O`zbekiston va Qirg`iziston aloqalari keskin nuqtaga ko`tarilshida Moskvaning o`rni alohida qayd etiladi.

Mintaqada, deydi sharhlovchilar, ziddiyatlar to'lqini Kreml rasmiy doiralarining tashriflari bilan boshlanadi.

Dmitriy Medvedev yaqinda O'zbekistonga safar qilganida Markaziy Osiyoda suv to'g'onlari qurishda o'zaro kelishib ishlash kerak deb aytgani bu borada turli pozitsiga ega Tojikiston va O`zbekiston orasidagi munosabatlarini bir qadar keskinlashtirgan edi.

Medvedev yaqinda Tojikistonda bo`lib, yana suv inshootlari haqida gapirdi va hamkorlik qilmoqchi ekanini aytdi. Mamlakat Rossiyadan buning uchun sarmoya kutmoqda.

Medvedev Tojikistondan Qirg'izistonga o`tdi. Prezident Kurmanbek Bakiyev bilan yangi baza ochish haqida kelishuvga erishib O`zbekiston- Qirg`iziston orasidagi taranglikni yana bir pog'onga ko'tardi.

“Rossiya” gazetasida bosilgan maqolaga ko'ra, Qirg`izistonning Moskavadagi elchisi Raimkul Attakurov uning davlati Rossiya qo'shinlarini aynan O'zbekiston bilan chegara yaqinida joylashtirishni maqsad qilayotganini aytgan.

Sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov fikricha Rossiya ta`sirining oshishi demokratiya oroli bo`lib kelgan Qirg'izistonda ham avtoritarizm kuchayishiga olib kelmoqda.

“Rossiya Markaziy Osiyoni qayta koloniya qilib olishni o`ylamoqda. Mintaqada kechayotgan barcha harakatlar Rossiya maxsus xizmatlarining ishi. Inson huquqlari bo`yicha Qozog`iston va Qir`gizistondagi vaziyatni 1-2 yil avvalgiga solishtirsak, avhol og`irlashayapti. Rossiya bilan yaqinlashgan sari demokratiyadan uzoqlashish bo`layapti”, - deydi Xudoyberganov.

Islom Karimov ma'muriyati mintaqada Rossiya qo'shinlarining ko'payishi ekstremistik xurujlar va milliy nizolar chiqishiga sabab bo'ladi deya xavotir bildirmoqda.

Lekin O`zbekiston bu borada faqat bayonot bilan cheklanishga majbur, deydi mutaxassislar, chunki Toshkentda Kremlga ta`sir qilish imkoniyati yo`q.

Iskandar Xudoyberganov "O'zbekiston G`arb bilan aloqalarni rivojlantirishi kerak",- deydi.

“O`zbekiston hukumati inson huquqlari masalasidan cho`chiyapti. Bu borada G`arb bilan kelisha olmayapti. Lekin O`zbekistonda boshqa imkoniyat qolmayapti. Agar hozirgi og`ir ahvoldan chiqishni xohlasa, Yevropa bilan yaqinlashish, demokratiya sari harakat qilish kerak. Shunda aloqalar yaxshilanadi. G'arb iqtisodiy krizisdan Rossiya va O`zbekistonga nisbatan ham oson chiqib ketmoqda. Rossiya bu borada O`zbekistonga yordam bermaydi, aksini qilishi mumkin”, - deydi sharhlovchi.

O`zbekiston so`nggi paytda Yevropa Ittifoqi va AQSh bilan muloqotni jadallashtirgan.

Ayrim mulohazlarga ko`ra Qirg`iziston janubida Rossiya qo`shinlari paydo bo`lishi Kremlning bu o`zgarishlarga nisbatan javobidir.

“Rossiya bu bilan mintaqa bilan hamkorlik qilayotgan boshqa tomonlarga bu yerda kim hukmron ekanligini ko`rsatib qo`ymoqchi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

O`zbekiston tashqi siyosatida uzoq yilga mo'ljallangan aniq yo'nalish kuzatilmaydi. Strategik hamkorlar doimo o'zgarib turadi. G'arb bilan uzoq muddatli sheriklik O`zbekiston hukumatiga qator jiddiy shartlar qo'yadi. Ular orasida siyosiy erkinliklar, inson huquqlari, so'z va matbuot erkinligi singari sohalarda xalqaro me'yorlarga javob berish talablari ham bor.

XS
SM
MD
LG