Markaziy Osiyoda suv taqsimoti mintaqa davlatlarini urushtirib kelayotgan asosiy muammo. Hukumatlar masalaga xalqaro hamjamiyat e'tiborini jalb qilishga intilib keladi.
Sharhlovchilar nazarida mintaqa rahbarlari muammo atrofida dastlab o’zaro birlashib, fikrni bir joyga qo’yishi lozim. Biroq rasmiylar, aksincha, aybni bir-biriga to’nkash, faqat o’z manfaati doirasida o’ylash bilan band.
Aloqalar sovuqlashayotgani suv muammosi bilan bog'liq
Yaqinda O’zbekiston Tojikistonga o’tadigan yuklarni bir muddat to’xtatib qo’ydi. Tojikiston matbuotiga ko’ra ayniqsa qurilish inshootlari uchun zarur yuklarning mamlakatga kirishiga O’zbekiston keskin qarshilik qilmoqda. Misol tariqasida suv to’g’onlari uchun kerakli sement va boshqa qurilish mollari keltiriladi.
Yaqinda O’zbekiston Tojikiston orqali o’tadigan temir yo’ldan voz kechdi. Angrenda Farg’ona vodiysiga yuk tashiydigan yangi logistika markazi ishga tushdi. O’zbekiston e’tirozi shundaki, yuk poyezdlari tojik bojxonachilari tomonidan turli bahonalar bilan ushlab qolinmoqda. Sharhlovchilar fikriga ko’ra munosabatlar tobora ziddiyatli tus olmoqda.
“O’zbekistonning Markaziy Osiyo respubliklari bilan abadiy do’stlik haqidagi bitimlari bor. Ayni vaqtda chegaralar hamon minalardan tozalanmagan. Mintaqa tarixida birinchi bor chegaralarda zovur kovlandi. Bu faqat savdo-sotiqqa emas, millatlar o’rtasidagi aloqalarga ham salbiy ta’sir qiladi. Mintaqa xalqlari azaldan birodar. Ammo hozirgacha bu muammolarga jiddiy yondashilmayapti”, - deydi sharhlovchi Fayzulla Ishoqov.
Rog'un GESi Tojikiston uchun milliy loyiha
Biroz avval Tojikistonda O’zbekistonga ayg’oqchilik qilganlikda ayblangan fuqaro uzoq yilga qamaldi. Tojikiston maxsus xizmati uni Rog’un GESi qurilishiga doir ma’lumotlarni to’plashda aybladi.
O’zbekiston yirik suv to’g’onlarini xalqaro ekspertizasiz qurishga keskin qarshi.
“Har bir davlatning huquq va majburiyatlari bor. Transchegaraviy daryolar bo’yicha O’zbekiston xalqaro hujjatlarni imzolagan. Davlatlar o’z hududidan o’tadigan transchegaraviy daryolardan foydalanishga haqli, lekin bu boshqa davlatlarga zarar keltirmasligi kerak. Qurilayotgan to’g’onlar xalqaro ekspertizadan o’tishi kerak. Bu imkon qadar BMT nazoratida bo’lishi kerak”, - deydi O’zbekiston ekologlar harakati faoli Nodir Mahmudov.
O'zbekiston-Qirg'iziston o'rtasida mavsumiy iliqlik
Tojikiston va O’zbekiston o’rtasida suv taqsimoti bilan bog’liq vaziyat chigalligicha qolar ekan, rasmiy Toshkent va Bishkek bu borada murosaga kelgani seziladi. Toshkentda xizmat safari bilan bo’lgan Qirg’iziston Bosh vaziri Doniyor Usenov prezident Islom Karimov bilan uchrashuvda Bishkek suv to’g’onlarini xalqaro ekspertizadan o’tkazishga rozi ekanini bildirgan.
“Bu ko’proq gazga bo’lgan ehtiyoj, gaz bahosini muvofiqlashtirish bilan bog’liq. Hozir qish, Qirg’iziston O’zbekiston gaziga juda muhtoj”, - deydi sharhlovchi Farhod Tolipov.
Qirg’iziston o’zbek gaziga muqobil variant topish harakatida. Rasmiylar Markaziy Osiyo-Xitoy gaz quvurlari ishga tushib, rasmiy Toshkentning bosimi cheklanadi deb umid qilmoqda.
Chegaradagi ziddiyatlar
Yanvar oyida o’zbek cheragachilari tomonidan yaralangan qirg’iz chegarachisi bir muddat ushlab turilgach, vataniga qaytarilgan. Sharhlovchilar deydiki, chegaradagi og’ir vaziyat ziddiyatlar hal etilmayotgani, hukumatlar orasida ishonchsizlik hissi ortishi bilan bog’liq.
“Ming yillardan buyon qiz olib, qiz berib kelayotgan millatlarmiz. Faqat mustaqillik boshlangandan buyon shunday ziddiyatlar chiqmoqda. Bunga sabab - rahbarlar o’zining bu lavozimga arzimasligini berkitish uchun turli sabablarni o’ylab topishmoqda. Tinch yo’l bilan hal bo’ladigan suv masalasini ko’pirtirmoqda”, - deydi sharhlovchi Akbar Aliyev.
Mintaqa davlatlari suv taqsimoti yuzasidan alohida-alohida ish tutayotgani ziddiyatni faqat keskinlashtirishi mumkin. Suv muammosi ildizi chuqurroq, sobiq Ittifoq davridan boshlanganiga ham e’tibor qaratilmoqda.
Akademik Bekjon Toshmuhammedov fikricha suv zaxirasi kamayib bormoqda. Yaqin kelajakda mintaqada suvni bir vaqtni o’zida ham energiya, ham qishloq xo’jaligiga ishlatish imkoniyati yo’qolishi mumkin.
Qo’shni davlatlar suv taqchilligi sezila boshlagan bir paytda gidroenergetik loyihalarga zo’r berayotgani O’zbekistonda salbiy oqibatlarga sabab bo’lishi mumkin, deydi u.
“Suv taqchillashsa, bir viloyat miqyosida ham hech kim bir-biriga qarab o’tirmaydi. Hukumatlar murosa qilishi kerak, birgalashib yo’l topishi zarur”, - deydi Toshmuhammedov.
O'zbekiston: Xalqaro ekspertiza o'tkazilsin
O’zbekiston ekologik vaziyat, suv muammosiga xalqaro hamjamiyat e’tiborini jalb qilishga harakat qilib keladi. Birmuncha avval matbuotda prezident Karimovning Jahon Banki rahbariyati bilan yozishmalari e’lon qilingan edi.
Yaqinda Yevropa Ittifoqi Tojikistonga kichik gidrostansiyalar qurish uchun 60 million yevro yordam ajratdi. Yevropa pozitsiyasi shuki yirik suv omborlari mintaqa ekologiyasiga ta’sir ko’rsatishi mumkin, muammoni kichik suv inshootlari qurish bilan hal etgan ma’qul. AQSh mintaqada suv taqsimoti yuzasidan munosabat bildirmay keladi.
“Suv muammosi AQSh, Rossiyaning pozitsiyasiga ham bog’liq. Agar ular betaraf holda Qirg’iziston, Tojikistonga ta’sir ko’rsatsa, vaziyat izga tushishi mumkin. Agar o’yinlar davom etsa, Rossiya Qirg’iziston va Tojikistonga suv to’g’onlari uchun pul ajratadigan bo’lsa, bu davlatlar va O’zbekiston munosabati keskinlashsa, bu albatta xavfli holatlarga olib kelishi mumkin”, - deydi sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.
Tahlilchilar nazarida Rossiya pozitsiyasi o’zgaruvchan. Suv bo’yicha tortishuvda Kreml o’rni alohida. Qambarota va Rog’un inshootlarini moliyalash Moskvadan chiqqan tashabbus.
“Rossiyaga gij-gijlatib yotibdi. O’zbekiston, Qirg’iziston, Tojikiston munosabatlari taranglashuvida Rossiyaning aybi ham yo’q emas”, - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.
BMT qanday yordam bera oladi?
BMT mintaqa muammosi bilan shug’ullanuvchi alohida markaz tashkil etgan. Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy diplomatiya markazi dasturida ekologik vaziyat, suvdan foydalanishda ko’mak ko’rsatish muhim o’rin tutadi.
Markaz asosan hukumatlar bilan ishlaydi, suv taqsimotini kelajakda ziddiyatga yetaklovchi muammolar qatorida ko’radi. Idoraning 2009-2011 yillar uchun rejasida ta’kidlanishicha, mintaqada suv taqchilligi Afg’onistonda tiklanish ishlari boshlanishi hisobiga yanada keskinlashishi mumkin.
Mintaqada muzliklar erib bormoqda, global miqyosda harorat ko’tarilishi yaqin 10 yillikda regionda qattiq qurg’oqchilikka turtki berishi mumkin.