Breaking News

O'zbekistonliklar yangi yilda umidga to'la, lekin harakat sust


Yangi 2010 yil O'zbekiston uchun qanday bo'lishi haqida turli qarashlar mavjud. Aholi iqtisodiy vaziyatda o'zgarishlar boshlanishidan umidvor, biroq sharhlovchilar fikricha, bu umidlarni oqlaydigan omillar ko'rinmaydi.

Mahalliy faollar siyosiy tuzum bir qadar yumshaydi, deya niyat qilmoqda. Siyosatshunoslar deydiki, O'zbekiston tashqi siyosatida boshlangan burilish 2010 yilda natija bera boshlaydi. Bu aloqalarda xavfsizlik asosiy mezon bo’lib qolishi ta'kidlanadi.

Mulohazalarga ko'ra, joriy yil mintaqa davlatlari hamkorligida ham ijobiy o'zgarishlar qilishi zarur. Hukumat 2010 yilni “Barkamol avlod” yili deb e'lon qildi, bu borada davlat dasturi ishlab chiqilmoqda. Ammo yaqin 12 oy amalda O'zbekiston yoshlari hayotida qanday o'zgarish qilishi hozircha mavhum baholanadi.

Sharhlovchilarning aytishicha, 2009 yilda O'zbekiston tashqi siyosatida kuzatilgan burilishlar 2010 yil siyosatini belgilovchi asosiy tayanch nuqtalardan bo'ladi.

“2010 yilda Afg'onistondagi vaziyat bo'yicha jiddiy natijalar bo'ladi deb hisoblayman. AQSh 2011 yilga borib qo'shinlar olib chiqa boshlanishini ochiq aytdi. Keyin Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarda ham jiddiy natijlar kutilishi mumkin. Yevropa Ittifoqiga raisligini boshlagan Ispaniya mintaqa bilan aloqalarni jadallashtirish haqida fikr bildirayapti. Lekin baribir AQSh va O'zbekiston munosabatlarini alohida qayd etish kerak. Bu juda katta yutuq, chunki yaqingacha aloqalar muzlatilgan holatda edi”, - siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov.

2009 yilda tashqi siyosatdagi muhim nuqtalardan biri - Yevropa Ittifoqi O'zbekistonga qo’yilgan sanksiyalarni olib tashlashi, AQSh-O'zbekiston aloqalari jadallashgani, o'tgan yil oxirida ikki tomonlama muloqot guruhi tuzilganidir.

“2010 yildagi tashqi siyosat ham bir davlat bilan yaqinlashib, ikkinchisidan uzoqlashish bilan emas, o'zaro manfaatli hamkorlik bilan davom etadi. O'zbekiston prezidentining yangi yildagi ilk tashrifi Rossiyadan boshlanishi kutilmoqda. Rossiya tashqi siyosatdagi ustuvor yo'nalishlardan bo'lib qoladi. Albatta, AQSh bilan aloqalar rivojlanadi, AQSh prezidentining Afg'onistonga qo’shimcha harbiy ajratish qarori O'zbekiston tomonidan qizg'in quvvatlandi. Ikki tomonlama hamkorlik turli yo'nalishda davom etadi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvalil Soyibnazarov.

2009 yilda mintaqa hayotida kuzatilgan va 2010 yildagi tashqi siyosatda muhim ahamiyat kasb etuvchi voqea sifatida Markaziy Osiyo-Xitoy gaz quvurlarining ishga tushishi e'tirof etiladi.
Sharhlovchilar fikriga ko'ra, mintaqa energoresurlari eksportida boshqa bir alternativ yo'l ishga tushishi tashqi siyosatda G'arb va Rossiya ta'sirini muvozanatlovchi yangi qutbni shakllantirmoqda.

“Energetik quvurlarning ishga tushirilishi mintaqa davlatlariga Rossiya bilan munosabatlarda erkinlik, muqobillik imkoniyatini berdi”, - deydi Abduvalil Soyibnazarov.

Siyosatshunoslarga ko'ra, 2010 yilda mintaqa hamkorligi, Markaziy Osiyo davlatlarining munosabatlari yo’lga qo'yilishi zarur.

“Albatta, tashqi siyosatdagi yo'nalishlar muhim, lekin birinchi darajadagi masala - mintaqaviy hamkorlik bo'yicha natijalarga erishish deb hisoblayman. Bu eng muhim masala. Hozir mana Turkmaniston ham faollashmoqda, ajabmas, mintaqa davlatlari bir beshlik bo'lib, o'z strategiyalarini rivojlantirishga kirishsa”, - deydi Farhod Tolipov.

Mintaqa hamkorligi haqidagi mulohazalar ko'proq umidga asoslgan. 2009 yildagi vaziyat bu borada o'zgarishlar kutish mumkinligiga ishora qilmaydi.

“Mintaqaviy hamkorlik bo'yicha masala ko'p jihatdan tashqi davlatlarga bog'liq qolmoqda. Agar Rossiya Qirg'izistonga, Tojikistonga energetik inshootlar uchun mablag' ajratadigan bo'lsa, davlatlar o'rtasidagi aloqalar ziddiyatlashishda davom etadi. Masala birinchi navbatda mintaqa yetakchilariga, ikkinchidan, mintaqadagi qudratli davlatlarning suv energetikasi muammosi bo'yicha xolis pozitsiyalariga ham bog’liq”, - degan fikrda Abduvali Soyibnazarov.

2010 yil O'zbekistondagi ichki siyosiy vaziyat, iqtisodiy-ijtimoiy hayotda qanday kechishi umid va xavotirlardan xoli emas.

“2010 yil haqida gapirayotib, 2009 yilga qaramaslik qiyin. 2009 yil bir nechta do'stlarimiz, safdoshlarimizning qamoqqa tashlanishi bilan kuzatildi. Mana saylovlar bois izimizdan qo'yilgan nazoratchilar ham 2010 yilda inson huquqlari bilan shug'ullanish oson kechmasligini ko'rsatmoqda. Lekin, baribir, biz huquq himoyasi bilan shug’ullanishimiz kerak deb bilaman. Shaxsan o'zim 2010 yilda yana mehnat muhojirlari masalasiga e'tibor qaratmoqchiman. Rossiyadagi vaziyat yana og’irlashgan, har kuni sahifalarda o'zbeklar jinoyatda ayblanayotgani haqidagi xabarlarni o'qish mumkin”, - “Najot” inson huquqlari tashkiloti rahbari Hayitboy Yoqubov.

Oddiy aholi iqtisodiy qiyinchiliklarning ortda qolishi, 2010 yilda vaziyatda aniq bir o'zgarishlar bo’lishiga umid qiladi. Sharhlovchilarga ko'ra, bu umidlarni 2010 yilda haqiqatda amalga oshishi haqida gaprish juda qiyin.

“Xabaringiz bor, saylovlar qanday o'tdi. Yig'ilib qolgan qator muammolar haqida hech narsa deyilmadi. Moliyaviy muammolar, nafaqa muammolari. Yaqinda prezident nafaqalarni davlat byudjetidan ajratish haqidagi farmonga imzo chekdi. Bu ham yilning og'ir kelishidan darak bermoqda. Bundan tashqari, so'mning qardsizlanishi, oddiy odamlar muammosiga befarqlik, besh milliondan oshiq ishsizlarning taqdiri”, - deydi Jahongir Shosalimov.

Siyosiy tahlilchi Akbar Aliyevning aytishicha, mamlakat hayotidagi asosiy muammolardan biri -- korrupsiya 2010 yilda ham ildiz otaveradi.

“Hukumat albatta ishsizlar muammosini hal etishga harakat qiladi, lekin hozirgi sharoitda buning uddasidan chiqolmaydi. Korrupsiya darajasi yanada o'sadi, davlat idoralari shu yo'l bilan boylik orttiradi, bu esa aholining yanada qashshoqlashishiga olib keladi”, - deydi u.

O'zbekiston 2010 yilga “Barkamol avlod” shiori ostida kirdi. O'zbekiston prezidenti Islom Karimovning “Barkamol avlod” yili munosabati bilan davlat dasturini ishlab chiqishga doir farmoniga ko'ra, 2010 yil O'zbekistonda bolalar huquqlarini kafolatlash, ularga har tomonlama moddiy va ma'naviy ko'mak ko'rsatish yili bo'lishi kerak.

Asosiy urg'u yosh avlodni har tomonlama yetuk qilib tarbiyalash, zamonaviy talablarga ko'ra ta'lim olishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga qaratilgan. Sharhlovchilar nazarida bugungi vaziyat aksincha zamonaviy ta'lim standartlarini o'zlashtirgan yoshlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdan chetda qolayotganini ko'rsatmoqda.

“Hukumat “Barkamol avlod” deganda kimni nazarda tutayapti bilmayman, lekin bizning yoshlarimiz, chet elda tahsil olgan, turk litseylarida o'qigan, ingiliz tilini mukammal bilgan, zukko va bilimli yoshlarimiz bugun hammasi mamlakatdan tashqarida”, - deydi sharhlovchi Jahongir Shosalimov.

O'zbekistonda bolalar huquqlari, ularning ommaviy ravishda majburiy mehnatga jalb qilinishi xalqaro hamjamiyat e'tiborida qolayotgan masala. Xususan, AQSh jamoatchiligi ham O'zbekistonda bolalar menhatidan foydalanishga befarq emas. Bu borada amerikalik o'qituvchilarning norozilik chiqishlari ham kuzatilgan edi.

Mahalliy faollar fikriga ko'ra, “Barkamol avlod” yili munosabati bilan qabul qilingan davlat dasturi ham bu borada yangilik qilishi qiyin.

“Qarorlar qabul qilinaveradi, lekin hech narsa o'zgarmaydi. Bolalar mehnatini taqiqlash bo'yicha ham qonun, qaror qabul qilindi, hech narsa o'zgarmadi. Mana maktab va litseylar qurilayapti, lekin u yerda ta'lim berish ahvoli hech kimni qiziqtirayotgani yo'q, ishlaydigan malakali kadrlar yo'q. Barkamol avlod bo'lishi uchun avvalo bilim berilishi kerak. Busiz qanday qilib ular barkamol bo'lishi mumkin?” - deydi Hayitboy Yoqubov.

Mulohazalarga ko'ra, qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili sifatida qayd etilgan 2009 yil ham ishsizlar qatlamining asosini tashkil etgan qishloq aholisi uchun, qishloq taraqqiyoti uchun biror ijobiy natija olib kelmagan.

XS
SM
MD
LG