Breaking News

AQSh va O'zbekiston orasida harbiy hamkorlik oshishi kutilmoqda


O'zbekiston Amerikaning Afg’onistondagi yangi strategiyasini qo'llab-quvvatlar ekan, 2010 yilda ikki davlat orasidagi aloqalar yangi pog’onaga ko’tarilishi mumkin.

2009 yil O'zbekiston hukumati delegatsiyasining Vashingtonga safari bilan yakunlandi.

AQSh elchisi Richard Norland yangi yil munosabati bilan O'zbekiston xalqiga yo’llagan tabrigida munosabatlar kelajagi porloq ekaniga ishonch bildirdi.


Barak Obamaning Afg'onistonga qo'shimcha askar jo'natish qarori Toshkentda iliq kutib olingan.

O'zbekiston Afg'onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun AQShga ko'mak ko'rsatishga tayyor. Afg'onistonga borayotgan noharbiy yuklar asosan O'zbekiston orqali o'tmoqda.

Tahlilchilar nazarida Afg'onistonda ahvol yaxshilanishi O'zbekiston uchun geostrategik imkoniyatlar yaratadi.

“Afg'onistonda tinchlik o'rnatilsa, vaziyat barqarorlashsa, terrorchilar o'chog'i yo'qotilsa, albatta mintaqa davlatlarini dunyo bilan iqtisodiy aloqalari faollashadi. Afg'onistonning tranzit mamlakat ekani hech kimga sir emas. Janub tomon, dengizlar tomon yo'l ochiladi va tashqi iqtisodiy aloqalar diversifikatsiya (xilma-xil) bo'ladi. Bular hammasi bir-biriga bog'liq jiddiy yo'nalishlar,” - deydi sharhlovchi Farxod Tolipov.

Ayni paytda Afg'onistondagi holat og’ir ekan, Amerika butun diqqatini shu davlatga qaratmoqda. 2010-2011 yillarda Afg'onistondagi urushda keskin burilishlar bo’ladi degan umid bor.

Ayrim mulohazalarga ko'ra bu davr AQSh- O'zbekiston aloqalarida yangi sahifa ochishi mumkin.

“Men o'ylashimcha, bu yil AQSh harbiy bazasini O'zbekistonda qayta ochilishiga guvoh bo'lishimiz mumkin,” - deydi mustaqil jurnalist Sid Yanishev.

Chunki, deydi aloqalarni yoritib kelayotgan jurnalist, AQSh baribir mintaqada harbiy baza ochishga muhtoj, O'zbekistonga ham AQSh juda kerak. Bunday taxminlar AQShning O'zbekistondagi elchixonasi tomonidan keskin rad etib kelinmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG