AQShning Jamoat va insonparvarlik yordami dasturi (CHAP - Community and Humanitarian Assistance Program) yetimlarga, boquvchisini yo'qotgan keksa kishilarga ko'maklashishni nazarda tutadi.
Notijorat tashkilotlar bilan hamkorlik asosida dori-darmon, tibbiy uskuna, oziq-ovqat va kiyim-kechak taqdim etiladi.
2009 yilda O'zbekistonga 1,5 million dollarlik insonparvarlik yordami ko'rsatilgan.
Jamoat va insonparvarlik yordami dasturi hozirgacha mamlakatga 90 million dollarga teng yordam ko'rsatgan.
Bu dastur Buxoro viloyatining Kogon shahridagi harbiy omborda yong’indan zarar ko’rgan aholiga yordam ko'rsatish, yashash sharoitini yaxshilash, ta'mirlash ishlarida ham qatnashgan.
AQSh elchixonasi bayonotiga ko'ra, insonparvarlik yordamini ko'rsatishda O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi, Bolalar jamg'armasi, “Umid” reabilitatsiya markazi kabi tashkilotlar bilan hamkorlik qilingan.
O'zbekiston yoshlarining AQShda ta'lim olish imkoniyatlari ham biroz kengaya boshlagan.
Yaqinda AQSh elchixonasi Toshkentda xalqaro ta'lim yarmarkasini o'tkazdi. Yarmarkada taqdim etilgan ma'lumotga ko'ra, AQShda ta'lim olayotgan o'zbekistonlik yoshlar 2008 yilga nisbatan 30 foizga ko'paygan. O'zbekistonlik yoshlarda Amerikada o’qish istagi hamisha kuchli bo'lib kelgan.
“Albatta, bunga erishish uchun birinchi navbatda ingliz tilini mukammal bilish kerak. O’qishga kirgan kishi O'zbekistonga qaytib kelgach, qanday rejalarni amalga oshirishini aniq ko'rsatishi kerak”, - deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan talaba yoshlardan biri.
Aloqalar madaniy sohada ham sezilarli darajada rivojlanayotgani kuzatiladi. Ayni paytda AQSh jaz dastasi O'zbekistonda bir haftalik gastrolini yakunladi. Jaz ustalari nafaqat poytaxtda, viloyat markazlarida ham konsert berdi.
Yaqin kunlarda O'zbekiston delegatsiyasining Vashingtonga safar qilishi kutilmoqda.
“Bu muzokaralarda, albatta, iqtisodiy, siyosiy va xavfsizlik kabi masalalar muhokama qilinadi. Afg'onistondagi vaziyat hozir ham og'irligicha qolmoqda. Shuning uchun muloqotda xavfsizlikka alohida ahamiyat qaratiladi. Shuningdek, O'zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritish ham ko'riladi. O’rtadagi strategik sheriklik haqidagi bitimga ko'ra, inson huquqlari masalasida ham hamkorlik qilish nazarda tutilgan”, - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.