Breaking News

AQShning Markaziy Osiyodagi siyosati - o'zbekistonlik ekspert fikri


Ba'zi mutaxassislar nazarida AQShning Markaziy Osiyo bo'yicha siyosatida izchillik yetishmaydi. Uzoq muddatli hamkorlikni ko'zlovchi strategiya yo'q.

Yaqinda maxsus dastur doirasida AQShga kelgan Markaziy Osiyo va kavkazlik siyosatshunoslar Amerika siyosiy doiralari bilan uchrashuvlar chog'ida Vashington qanday siyosat olib borishi kerakligi haqida o'z fikr-qarashlarini bildirmoqda.

Guruh a'zolaridan biri o'zbekistonlik Murod Ismoilov Vashingtondagi forumda AQSh-Markaziy Osiyo munosabatlariga to'xtaldi.

Dastur AQSh sobiq mudofaa vaziri Donald Ramfseld tomonidan joriy etilgan bo'lib, maqsad - Markaziy Osiyo, Kavkaz va Afg'onistondagi yosh liderlarni Amerikadagi siyosiy doiralarga tanishtirib, ularning tahliliy fikrlarini o'rganish. Yosh siyosatshunoslar Davlat departamenti, Kongress, mudofaa vazirligida ikki tomonlama munosabatlar qanday bo'lishi xususida o'z qarashlarini bayon etish imkoniga ega bo'ldi.

Murod Ismoilov Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetining Xalqaro aloqalar fakulteti dekani.

Markaziy Osiyoga qarayotib, faqat Afg'onistonni ko'rish to'g'ri emas

O'zbekistonlik siyosatshunosning bir guruh amerikalik tahlilchilar bilan uyushtirilgan davra suhbatida aytishicha, AQSh Markaziy Osiyoga Afg'oniston siyosati doirasida yondashayotgani to'g'ri emas.

Markaziy Osiyo va mintaqa davlatlariga nisbatan uzoq muddatli alohida siyosat ishlab chiqilishi zarur. Mintaqaga muammoning emas, muammo yechimining bir qismi sifatida qarash kerak, deydi yosh olim.

"AQShning Afg'oniston va Markaziy Osiyodagi siyosatida harbiy komponentlarga e'tibor katta. Siyosiy komponentlar esa inkor qilinmoqda yoki noto'g'ri tadbiq etilmoqda."

Qo'shma Shtatlar mintaqa potensialini inkor etmoqda

Murod Ismoilovning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro masalalarda ko'p foydasi tegishi mumkin, biroq Qo'shma Shtatlar mintaqa potensialini inkor etmoqda.

"AQShning oldingi ma'muriyati mintaqa bilan aloqalarida do'q-po'pisa diplomatiyasidan foydalangan. Amerika Markaziy Osiyoga teng huquqli hamkor sifatida, masala va muammolarni hal etishda siyosatini shart va talablarsiz yuritishi lozim," deydi Murod Ismoilov.

O'zbekistonlik siyosatshunos nazarida Markaziy Osiyo oldida qator dolzarb muammo va vazifalar turibdi. AQSh ularni bartaraf etishda hamkorlik qilmasa, erta-indin bu muammolar G'arbni ham bezovta qila boshlaydi.

Murod Ismoilov bunday muammolar qatoriga siyosiy guruhlarning islom dinidan o'z manfaatlari yo'lida foydalanib, mintaqani beqarorlashtirish harakatlarini, ekologik tushkunlikni, aholi sonining ko'payishi va suv resurslari tanqisligini, ayrim yirik davlatlarning mintaqaga o'z ta'sirini o'tkazishga intilishlarini qo'shadi.

"Markaziy Osiyo yadro quroliga ega va egalik qilishga oshiqayotgan davlatlar yon-tevaragida joylashgan ekan, ommaviy qirg'in qurollari tarqalishining oldini olishda ham hudud bilan hamkorlik AQSh uchun muhim ahamiyat kasb etadi," deydi olim.

Uning aytishicha, Afg'oniston muammolariga O'zbekiston taklif qilgan sxema asosida, ya'ni 6+3 shaklida yondashgan ma'qul. Ya'ni Afg'onistonga qo'shni olti davlat - Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekiston hamda Rossiya, AQSh va NATO muloqot guruhi tuzib, Afg'onistonda mojaroga chek qo'yish yo'llarini hamkorlikda izlashi lozim.

XS
SM
MD
LG