Breaking News

Afg'on hukumati layoqatli ekanini isbotlashi lozim



G’arb, xususan Amerikada Afg’onistonning qayta saylangan prezidentiga ishonch past.

Hamid Karzay hukumati, deydi siyosatdonlar, biror narsaga layoqatli ekanini amalda hali isbotlagani yo’q. Tanqidlar tobora keskin.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan tahlilchilar Vashingtonni “Karzayga ko’p tayanmang” deb ogohlantirmoqda.

Barak Obama ta’biricha Hamid Karzay prezidentligining yangi muddati yangicha davr bo’ladi.

“Men prezident Hamid Karzayga Amerika xalqi va xalqaro hamjamiyat u va uning hukumati bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini aytdim. Maqsad Afg’onistonda tinchlikka erishib, farovonlikni ta’minlash. Buning uchun eski qarashlardan voz kechib, amaliy o’zgarishlar qilish kerak. Karzayga buni ochiq aytdik”,- deydi Obama.

Lekin Tashqi Aloqalar Kengashi degan xususiy markaz vakili Daniel Marki fikricha Hamid Karzay avvalo hukumati layoqatli ekanini isbotlashi lozim.

“Karzay uning hukumati biror narsaga qodir ekanini ko’rsatish uchun dadil qarorlar qabul qilsin, uning ma’muriyati yangicha ishlashga o’tsin. Hozir bu juda nimjon tizim”,- deydi Marki.

Bir paytlar Hamid Karzayni yetuk lider deya ko’klarga ko’targan Vashingtonda bugun uni yoqlaydiganlar ancha kam.

“Nazarimizda Hamid Karzay o’z vazifasini tushunmaydi",- deydi Marki.

"U afg’on prezidenti sifatida naqadar muhim rol o’ynashi mumkinligini anglamaydi. Amerika undan dadillik kutmoqda. Harakat qilsa, AQSh hali ham uni quvvatlaydi. Qilmasa, Hamid Karzay uzoqqa bormaydi”.

Afg'on rahbari oldida turgan asosiy masalalardan biri bu korrupsiya.

Unga qarshi kurash sekin kechishi aniq, ammo avvalo muammo tan olinishi kerak. Lekin, deydi afg’on olimi Hasib Humoyun, Hamid Karzay atrofiga eng yulg’ich amaldorlarni yig’ib olgan.

“Afg’onistonda moliya va harbiy kuchlar ana shu shaxslar qo’lida. Xorijiy mablag’ ham shu tizimlar orqali kirib kelmoqda. Karzayga ularni so’roqqa tutish oson emas. Xalqaro hamjamiyat bu ishda bosh-qosh bo’lishi kerak”,- deydi Humoyun.

Yana bir masala bu Tolibon bilan nima qilish.

Hamid Karzay qayta saylangach Tolibonni hamkorlikka chaqirdi. Bu xato, deydi tahlilchilar. Bu axir Tolibonga siz kuchlisiz, sizdan qutula olmaymiz degani emasmi?

“Hozir hukumat shu qadar zaifki, uning har bir chaqirig’i iltimos, yolvorish sifatida yangramoqda",- deydi Humoyun.

"Odamlar sarosimada. Oxir-oqibat hukmronlikka kim keladi deya xavotirlanishayapti”.

Qo’shma Shtatlar afg’on xalqi Tolibondan butunlay voz kechsin desa odamlarni o’z ezgu maqsadlariga ishontirishi shart. "Amerika sizni tashlab qo’ymaydi, sizga yordam beradi deb ko'rsatishi kerak",- deydi tahlilchi.

Yaqinda notinch Qandahordan qaytgan Xardin Lang, siyosiy tadqiqotchi, fikricha afg’onlar orasida AQShga ishonch juda past.

“Qandahorliklar, masalan, Amerikaning vaqti ikki-uch yilda o’tadi ketadi, biz yana shu jangarilar changalida qolamiz, ularga tan bermasdan iloj yo’q deb aytishayapti”.

Amerikada ham shu kabi mulohazalar tez-tez quloqqa chalinadi. Tolibon mahalliy, AQSh qo’shinlari esa ajnabiy kuchlar.

Jangari harakatlari afg’on xalqi uchun yangilik emas. Zo’ravonlik va xurujlardan qanchalik to’ygan bo’lmasin, keyingi yillarda hayoti biroz yaxshilangan bu mamlakat ahli na o’z hukumatiga, na Amerikaga ishonch ko’zlari bilan qaramoqda.

XS
SM
MD
LG