Breaking News

Al-Qoida, deydi tahlilchilar, bugun ancha zaiflashgan




Barak Obama ma’muriyati Afg’oniston strategiyasi ustida bosh qotirar ekan, ba’zi mutaxassislar nazarida faoliyatini asosan Pokistonda yurituvchi al-Qoida ancha zaiflashgan.

Ekspertlar yaqinda Kongressda qonunchilar oldida hisobot berib, mavzu bo’yicha o’z fikrini bildirgan.

AQSh 2001 yil oktyabridan beri 11 sentyabr xurujlarni uyushtirgan Osama bin Laden va uning tashkilotiga Afg’onistondan boshpana bergan Tolibonga qarshi urush qiladi.

Tolibon so’nggi paytda kuchayib, koalitsiya qo’shinlariga qarshi hujumlarini oshirgan.

AQSh Senatidagi tinglovda so’zlagan mutaxassislarning aytishicha, Pokistonda qo’nim topgan al-Qoida aksincha zaiflashgan.

Bunga AQSh va Pokistonning terrorga qarshi harakatlari sabab bo’lgani ta’kidlanadi.

"Xoh Shimoliy Amerika bo’lsin, xoh Yevropa, xoh Shimoliy Afrika bo’lsin, xoh Yaqin Sharq yoki Janubi-sharqiy Osiyo al-Qoidaning hamma joyda pozitsiyalari zaiflashgan. Guruh ko’p zarar ko’rgan",- deydi sobiq razvedkachi Robert Greniyer.

Yangi Amerika jamg’armasi rahbari Piter Bergen va Tashqi siyosatni tadqiq etuvchi institut eksperti Mark Seyjmen bu fikrga qo’shiladi.

"AQShda 11 sentyabr kabi xurujning sodir etilish ehtimoli nolga teng",- deydi Bergen.

"Aksil-terror siyosat ish bermoqda. AQShda so’nggi 8 yil ichida, G’arbda esa 4 yil ichida bironta xuruj bo’lgani yo’q",- deydi Seyjmen.

Shunga qaramay Qo’shma Shtatlar hushyorlikni yo’qotmasligi lozim, deydi senator Jon Kerri.

"Tuprog’imizda xurujning bo’lmagani uning tahdidi yo’qligidan dalolat emas",- deydi senator.

Ba’zi rasmiylar nazarida Tolibon xurujlari kuchaygan bo’lsada, harakat jiddiy tahdid emas. Boshqalar esa AQShning Afg’onistondagi kuchlari qo’mondoni general Stenli Makkristal tavsiya qilganidek, qo’shinlar sonini oshirishni taklif etmoqda.

Makkristalga ko’ra, Tolibonni mag’lub etish bilan cheklanmasdan Afg’onistonni barqarorlashtirish ham kerak.

Tahlilchi Mark Seyjmen qo’shinlarni oshirish g’oyasiga qarshi.

Uning aytishicha, Tolibon va al-Qoida aloqalari so’nggi paytda yaxshi emas, toliblar Afg’onistonda kuchaysa ham, o’tmishdagi hamkorlikka qaytilmaydi.

"Qo’shinlarni oshirishga ehtiyoj ham, undan foyda ham yo’q. Moliyaviy jihatdan zarar ko’ramiz xolos. Talofatlar ham ko’payadi,"- deydi Seyjmen.

Markaziy Razvedka Boshqarmasining sobiq xodimi Robert Greniyerning senatorlarga aytishicha esa, harbiylar sonini oshirmasa bo’lmaydi. Tolibon kuchaysa, al Qoidaga yana boshpana topiladi, deydi u.

"Al-Qoida uchun tayyorgarlik lagerlari va bazalarga ega bo’lish juda muhim. Bunga qarshi olib borayotgan kurashimiz va talofatlarimizni behudaga deb o’ylamayman",- deydi olim.

General Makkristal fikricha yangi strategiya oddiy afg’onlar hayotini xavf ostiga qo’ymasligi kerak.

Ammo Greniyer nazarida esa mahalliy xalq AQSh siyosatini qo’llab-quvvatlaydi deb umid qilmaslik kerak.

"Ba’zi rahbarlar va qabila oqsoqollari himoya evaziga, amerikaliklardan u-bu narsa undirish maqsadida koalitsiya tomoniga o’tishni xohlaydi albatta. Ammo bunday qilishga qo’rqadi. Tolibondan qo’rqadi."

Mutaxassislarga ko’ra, terrorizmga qarshi samarali kurashish uchun uning moliya manbalarini topib, ildiziga bolta urish kerak.


XS
SM
MD
LG