Kobulda Obamaga qarshi namoyishlarAQShning Afg’onistondagi qo’mondonlari Tolibonga qarshi kurash murakkab jarayon deydi.
Afg’oniston turli qabilalar yashovchi, tog’u-toshdan iborat, o’nlab yillardan beri urushlardan boshi chiqmagan, aholisi uquvsiz va qashshoq bir o’lka.
AQSh va NATO askarlari kunda halok bo’layotgan, urushga qarshi norozilik kuchayib borayotgan bir paytda prezident Barak Obama keyingi qadamini o’ylab bosishi tabiiy.
Afg’onistondagi bosh qo’mondon general Stenli Makkristal vaziyatni o’rganib, prezident Obamadan yana bir necha ming askar safarbar etishni so’ramoqda. "Ularsiz", deydi general, "afg’on missiyasi mag’lubiyat jariga qulaydi".
Bir qarorga kelishdan oldin Oq uy va Kongress Afg’onistondagi strategiya borasida harbiy va noharbiy mutaxassislardan maslahat olmoqda. Qo’mondonlar so’ragan resurslarni ajratish lozim deyayotganlar bor.
Boshqalar nazarida missiyani faqat G’arbga tahdid solayotgan guruhlarni yo’q qilishga qaratish kerak. Yana bir taklif – qo’shinni vatanga qaytarib, Afg’onistonni o’z holiga qo’yish.
Xalqaro koalitsiya, deb so’raydi ayrimlar, e’tiborni Tolibon, ya’ni asosan pushtulardan iborat jangari guruhlarga qaratishi kerakmi yoki xalqaro miqyosdagi al-Qoida terror tashkilotiga?
Harbiy tahlilchi Fred Kagan fikricha, ular orasida hech qanday mafkuraviy farq yo’q. Al-Qoidani yengish unga aloqador va ittifoqchi guruhlarni ham yo’q qilish degani. Buni alohida vazifa deb ko’rish mumkin emas, deydi u.
Siyosatshunos Robert Peyp nazarida esa general Makkristal so’ragan minglab qo’shinni yuborib, g’alabani ta’minlash bu yanglish tasavvur. AQSh va NATO askarlari afg’on ommasi uchun ular yerini bosib olgan ajnabiy kuch. Xorijiy qo’shin safi kengaygan sari qarshilik ham kuchayib boraveradi.
“Koalitsiya mahalliy armiyani tayyorlash bilan birga, kuch-salohiyatini uzoqdan namoyish etsin. 2001 yilda Tolibonni hokimiyatdan qulatgan strategiya shu. Havo hujumlariga zo’r bersak, Tolibon Kobulga yaqinlasha olmaydi, yirik terroristik lagerlar barpo eta olmaydi”, - deydi Robert Peyp.
AQSh Afg’onistonda birinchi navbatda kim bilan ishlay olishini aniqlashi kerak. Prezident saylovlarining ikkinchi bosqichi yana bir imkoniyat.
Amerika qonunchilari 7 noyabrga belgilangan yangi saylovni olqishlamoqda.
Demokrat kongressmen Adam Smit "Afg’on hukumati bo’ladimi, qabilaviy bir guruh bo’ladimi, bizga ishonchli hamkor kerak", deydi. “Toki ular bilan hamkorlikda afg’on xalqiga Tolibonga muqobil tizim borligini ko’rsata olaylik”.
Afg’onistonda jangari harakati jonlanib, vaziyat hozirgi darajaga yetgani, demokratlar nazarida, Obamaga Bush ma’muriyatidan meros. Bush va uning maslahatchilari Afg’onistondagi bor muammoni chetga surib, Iroqda yangisini yaratdi, deydi ular.
Al-Qoida va Afg’oniston Toliboni o’rtasidagi aloqani savolga tutayotgan, AQSh Senatining eng keksa vakili Robert Byord tarixdan saboq olaylik, Afg’onistonda erishib bo’lmaydigan ishga qo’l urmoqdamiz, deya ogohlantiradi. Yagona maqsad, deya ta’kidlaydi senator, al-Qoidani yakson qilishdir. Aks holda bu yurtda yana uzoq yillar qolishga to’g’ri keladi.
Afg’onistonda xizmat qilib qaytgan sobiq harbiy, general Berri Makaffri ta’biricha esa chekinish AQSh va NATO uchun mag’lubiyat degani. "Tolibon Afg’onistonning katta qismlarini qayta qo’lga oladi, Pokistondagi jangarilarni ruhlantiradi", deydi general.
Munozara davom etar ekan, Kongress Afg’oniston va Iroqda harbiy amaliyotlarni davom ettirish uchun yaqinda yana 130 milliard dollar ajratdi.
Harbiylar so’nggi bir yil ichida Iroqda xavfsizlik bilan bog’liq vaziyat ancha yaxshilangan deydi, biroq mamlakatda qo’shin soni 120 mingdan kamaygani yo’q. Afg’onistonda esa undanda kam, yevropalik zobitlarni qo’shib hisoblaganda, jami 100 ming.
Aksariyat afg’onlarning siyosat bilan ishi yo’q, deydi tahlilchilar. Xavfsizlik bo’lsa, yeyishga bir burda non topsa va viloyatlarda oz bo’lsada qonun ta’minlansa bo’lgani. Siyosiy islohot va boshqaruvni yaxshilash uchun mamlakatga xavfsizlik kerak. Bu esa yana qo’shin soniga borib taqaladi.