Breaking News

Pokiston parlamenti AQSh yordamini muhokama qilmoqda


O'tgan hafta Kongress Pokistonga kelasi 5 yil davomida 7,5 milliard dollarlik yordam berish haqidagi qonunni ma'qullagan. Pokiston parlamenti uni ma'qullanishdan oldin muhokama qilmoqda. Iqtisodiy yordam evaziga rasmiy Islomobod ekstremistik guruhlarga yordamini to'xtatishga, harbiylarni esa siyosatga aralashtirmaslikka so'z bergan.

Yordamning Pokistondagi tanqidchilari nazarida Amerika bu bilan Pokiston ichki ishlariga aralashmoqchi.

Davlat kotibi Xillari Klinton bu kabi gaplarni inkor etar ekan, hujjat Pokiston xalqiga yordam berishga qaratilgan deydi.

Vashingtonga tashrif buyurgan Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiyga ko'ra, Islomobod o'zining chetdan boshqarilishiga yo'l qo'ymaydi.

"Barak Obama va Xillari Klinton Pokistonga do'st bo'lmoqchi," deydi Mahmud Qurayshiy.

Kuzatuvchilarga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Pokistonga berilayotgan yordam pulining sarflanishini nazorat qiladi va shu sabab AQShning Islomoboddagi elchixonasi kengaytirilib, xavfsizligi kuchaytiriladi.

Qurayshiyning aytishicha, Qo'shma Shtatlar mintaqadan tez chiqib ketmasligi, mintaqa barqarorligi yo'lida iqtisodiy yordamini kuchaytirishi va ekstremizmga qarshi kurashini to'xtatmasligi kerak deydi.

"AQSh nafaqat Afg'oniston va Pokiston, balki butun boshli Janubiy Osiyo bo'yicha uzoq muddatli rejaga ega bo'lishi lozim. Amerika o'tmishda vazifalarini oxirigacha bajarmay mintaqadan chiqib ketgan hollar ko'p bo'lgan. O'tmish xatolaridan saboq olish kerak," deydi Qurayshiy.

XS
SM
MD
LG