Breaking News

Afg'oniston notinch ekan, Obamani murakkab qarorlar kutmoqda


Barak Obama shu kunlarda Afg’oniston bo’yicha yangi strategiyasini e’lon qilishi kerak. AQSh rahbari qo’shinlarni u yerdan qachon olib chiqish, mamlakat xavfsizligini afg’on hukumatiga qachon topshirish mumkinligi ustida o’ylanmoqda.

Lekin bugungi eng muhim masala u yerda tinchlikka erishish. Afg’onistondagi qo’mondon Stenli Makkristal qo’shimcha askar so’ramoqda, kamida 10 ming.

Lekin AQShning Afg’onistonda cheksiz muddatga qolish niyati yo’q va Hamid Karzay hukumati buni anglashi lozim, deydi Oq uy rasmiylari. Afg’onistonga nisbatan siyosatni belgilashda Pokistondagi vaziyatni hisobga olmasdan iloj yo’q.


Afg’onlar mamlakatda AQSh qo’shinlari sonini oshirish taklifiga turlicha munosabat bildirmoqda. Kimdir bu zarur chora desa, boshqalar unga qarshi.

Ayrim ekspertlar fikricha esa, bunday qilishdan oldin prezident Barak Obama Afg’onistondan taralayotgan xavf AQSh va Pokiston tomonidan qanday qabul qilinishini e’tiborga olmog’i lozim.

Qo’shma Shtatlar toliblarning Kobulga qaytishini tahdid deb bilsa, Pokiston o’zgacha fikrda. Pokistonning terrorchilarga qarshi dadil kurashmayotganiga ham sabab shu, deydi tahilchilar.

Vashingtondagi Tinchlik uchun Karnegi jamg’armasida Afg’oniston bo’yicha mutaxassis Jorj Perkovichning aytishicha, Pokiston rahbariyati tahdidni AQShdan o’zgacha izohlaydi. Ba’zi rasmiylar nazarida Pokiston uchun Afg’onistondagi kattaroq tahdid Hindistondir, deydi Perkovich.

Pokiston AQSh qo’shinlari Afg’onistonni tark etgach, azaliy raqibi Hindiston u yerdagi vaziyatga ta’sirini o’tkazishga harakat qiladi degan xavotirda, deydi u. Rasmiy Islomobod nazarida Hindiston Afg’onistonga katta iqtisodiy yordam berib, Pokiston-Afg’oniston chegarasida o’z konsulliklarini ochishga intiladi. Dehli bu gumonlarni inkor etmoqda.

Strategik va xalqaro izlanishlar markazi eksperti Stiven Biddlning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Pokiston xavotiriga barham berishga urinib ko’rdi, ammo ichki siyosiy vaziyat tufayli buning uddasidan chiqa olmadi.

Pokistondagi siyosiy kuchlarning hech biri AQSh muammolarini siyosiy raqiblaridan ustun qo’ymaydi. Pokistondek siyosiy ma’noda bo’lingan jamiyatda hamma AQSh yordamidan bir-biriga qarshi maqsadlarda foydalanishga harakat qilmoqda, deydi Biddl.

Karnegi jamg’armasi tahlilchisi Jilles Dorronsoroning aytishicha, Pokiston armiyasi ham siyosiy o’yinlarga berilgan. Masalan, Janubiy Vaziristonda jangarilarga qarshi keskin kurashib, Vaziriston shimolida esa toliblarni nishonga olgani yo’q, deydi u.

Armiyaning umid qilishicha, AQSh Afg’onistonda holdan toyib, bir necha yildan so’ng mamlakatni tark etadi, Pokiston harbiylari esa Kobulda Tolibonni yana hokimiyat tepasiga qo’yadi, deydi mutaxassis.

O’tgan oy Pokiston armiyasi Janubiy Vaziristonda o’rnashib olgan jangarilarga qarshi yirik operatsiya boshlagan.

Yangi Amerika jamg’armasi tahlil tashkiloti eksperti Piter Bergen nazarida bu AQSh qo’shinlariga qo’l kelmoqda. Ular bolg’a, pokistonlik askarlar esa sandon kabi jangarilarni iskanjaga olmoqda, deydi u.

Bergen Afg’onistonga qo’shimcha harbiy yuborish tarafdori. Tolibonning hokimiyat tepasiga qaytishiga nima qilib bo’lsa ham imkon bermaslik kerak. Axir Qo’shma Shtatlarning urush boshlashidan asosiy maqsad ham harakatni yo’q qilish bo’lgan, deydi u.

Jahondagi har bir yirik musulmon jangari harakati Afg’onistonda ildiz otgan. Agar uning Tolibon mamlakatiga aylanishiga yo’l qo’ysak, Afg’oniston jangarilar uchun yana tayyorgarlik bazasiga aylanadi, deydi Bergen.

Uning aytishicha, Afg’oniston barqaror bo’lsa, qo’shni Pokiston ham tinch bo’ladi. Al Qoida Pokistondan turib Tolibonning Afg’onistonda hokimiyat tepasiga qaytishini kutmoqda va shunday bo’lgan taqdirda Pokiston yadro arsenalini qo’lga kiritib, xalqaro hamjamiyatni qo’rquvga soladi, deya ogohlantiradi tahlilchi.

XS
SM
MD
LG