AQSh 8 yildan beri Afg'onistonda urush qilar ekan, qonunchilar muvaffaqiyatga erishishning turli yo'llarini taklif etmoqda. Barak Obama ma'muriyati bu borada hali yakuniy xulosaga kelmagan. Britaniyaga tashrif buyurgan Davlat kotibasi Xillari Klinton Amerika qo'ldan kelgancha harakat qiladi, ammo afg'on hukumati ham faol bo'lishi kerak deydi.
Respublikachi va demokrat qonunchilarning birday aytishicha, Afg'oniston terrorchilar iniga aylanmasligi kerak, ammo bunga erishish usullariga kelganda munosabat turlicha.
Kaliforniya shtatidan demokrat-senator Dayen Faynstaynning aytishicha, prezident Barak Obama AQShning Afg'onistondagi kuchlari qo'mondoni general Stenli Makkristalning qo'shinlarni oshirish taklifiga quloq solishi kerak.
"Mamlakatni barqarorlashtirish kerak. Agar undan chiqib ketsak, Tolibon yana hokimiyatga keladi. Bu esa jangarilar ta'siri kuchayayotgan qo'shni Pokistonga ham ziyon qiladi," deydi senator ayol.
Senat Qurolli kuchlar qo'mitasi raisi, yana bir demokrat-qonunchi Karl Levin esa aksincha Afg'onistonda Amerika askarlarini ko'paytirmasdan, mahalliy armiya salohiyatini oshirishda yordam berish lozim deydi.
Respublikachi senator Saksbi Shambliss nazarida Afg'oniston hukumatidagi korrupsiya va boshqa kamchiliklarga qaramay xavfsizlikni ta'minlashga zo'r berish lozim.
"Zo'ravonliklarga barham berish, Tolibonni holsizlantirish lozim, buning uchun esa qo'shimcha askarlar kerak," deydi u.
Britaniyaga safar qilgan AQSh Davlat kotibi Xillari Klintonning aytishicha, Amerika Afg'onistondagi maqsadlaridan qaytmaydi.
"Al-Qoidani yo'q qilamiz, kelajakda terror xurujlari uyushtirishga yo'l qo'ymaymiz," deydi Klinton.
Prezident Obama qo'mondonlar va maslahatchilari bilan buning eng yaxshi usullarini muhokama qilmoqda, deydi u.
"Harbiy va noharbiy taktikani uyg'unlashtirib, masalaga mintaqaviy ko'lamda yondashyapmiz," deydi Xillari Klinton.