Afg’onistonning qayta saylangan prezidenti Hamid Karzay hukumatini korrupsiyadan tozalashga haddi sig’mayotgan zaif rahbar sifatida tilga olinadi.
Dunyo bo’ylab poraxo’rlikni kuzatuvchi Transparency International tashkiloti buni tasdiqlamoqda – 180 davlat ichida Afg’oniston 179-o’rinda. Birinchi o’rinda esa Somali.
Prezident Barak Obama Tolibon bilan jangga yana minglab harbiy safarbar etish ustida o’ylanmoqda. Qo’mondonlarning bu talabi bajarilsa, AQSh qo’shinlari Afg’onistonda yana yillab qolishi ketishi mumkin. Vashington ko’zlayotgan strategiya aholini jangarilardan uzoqlashtirish va markaziy hukumatga ishonchni oshirishdan iborat.
Korrupsiya bu yo’lda asosiy to’siq, deydi tahlilchi Kristin Feyer. Hozirgi paytda Karzay hukumati qo’lidan biror ish kelishiga na afg’onlar, na mamlakatga yordam berayotgan davlatlar ishonadi.
“Hech kim afg’on hukumati farishta bo’lsin deb shart qo’yayotgani yo’q. Ammo korrupsiya jilovlanmas ekan, ishoning, barcha harakatlar behuda. Hatto Tolibon mamlakatni korrupsiyadan mana biz tozalaymiz deb o’zini reklama qilmoqda”, - deydi Feyer.
Qo’shma Shtatlar shu paytgacha afg’on rahbarini so’zsiz quvvatlab kelgani, deydi olima, poraxo’rlik gurkirashiga yordam bergan.
“So’nggi 8 yilda mana Afg’oniston demokratiya bo’ldi deb, hukumatini maqtay-maqtay hamma narsani o’z holiga tashlab qo’ydik. Hamid Karzayning akasini narkotiklar savdosida ayblaymiz, AQSh Markaziy Razvedka Agentligi esa unga pul to’lab yuribti. Bunga nima deysiz?”
AQShning Afg’onistondagi sobiq elchisi Ronald Nyuman “Amerika Ovozi” bilan suhbatda “Karzay o’zi yomon odam emas” deydi. Lekin Kobuldan boshqa joyga tishi o’tmasa nima qilsin? Hokimiyatda qolishni istasa, hech kimni ranjitmay, til topishib yurishga majbur. Nyuman nazarida G’arb tomonidan yog’ilayotgan keskin tanqidlar uni yanada zaiflashtirib qo’ygan.
“Uni qilmayapsan, buni qilmayapsan degan ochiq tanqid qilish xato deb o’ylayman. Bundan hech qanday foyda yo’q. Bu bilan muammoni yechib bo’lmaydi, yondashuvni o’zgartirish kerak”, - deydi sobiq elchi.
Afg’onistonda ishlagan davri haqida yaqinda kitob bitgan Ronald Nyuman mahalliy shart-sharoitni yaxshi biladi. Haqiqatga ochiq ko’z bilan qarashni maslahat beradi. Uning aytishicha, “hukumatning quyi qismlarida ma’lum darajada korrupsiya bo’lishi tabiiy, busiz Afg’onistonda biror ishni bitkazish qiyin”.
Ayrim davlatlarda, deydi tahlilchilar, haqiqatdan ham boshqaruv shunchalik bo’shki, byurokratiyani moylab turadigan, hukumat mashinasini tebratadigan narsa bu korrupsiya. Oshkoralikni targ’ib qiluvchi Transparency International tashkiloti vakili Robin Houdess bu fikrdan yiroq.
“Korrupsiya, hatto eng mayda ko’rinishida ham uzoq muddatli taraqqiyotga to’siq deb hisoblayman. Qolaversa, ilmiy tadqiqot va izlanishlar natijasi ham shuni ko’rsatib turibdi. Barcha uchun teng imkoniyatlar yaratish haqida o’ylash kerak. Raqobat bo’lmasa rivojlanish bo’lmaydi, investorlar mamlakatga yaqinlashmaydi”, - deydi Houdess.
Tanqidlarga javoban prezident Hamid Karzay Afg’onistonda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi yangi idora tuzilganini e’lon qildi.
“Agar bu agentlik haqiqatdan ham hukumatdan mustaqil bo’lsa, mablag’ bilan ta’minlansa, vakolatini to’la ijro etishga yo’l berilsa va eng muhimi, korrupsiyadan qutulishga siyosiy iroda yetsa, albatta natija bo’ladi”, - deydi mutaxassis.
Afg’onistonda prezident saylovlari sharmandalik bilan tugagan bo’lsada, qonunan g’alaba Hamid Karzayniki. Yangi hukumatini tuzar ekan, birinchi navbatda korrupsiyani yo’qotishga va’da bergan. Amerika bu va’da ijrosini so’zda emas, amalda ko’rish umidida.