Breaking News

Prezident Obama qonunchilar bilan Afg'onistonni muhokama qildi


AQShning yetakchi demokrat senatorlari prezident Obamaning Afg'oniston bo'yicha qilgan har qanday qarorini qo'llab-quvvatlashini aytmoqda. Kecha AQSh rahbari Oq uyda Kongress faollarini qabul qildi.

Senatda ko'pchilik sardori Garri Ridning aytishicha, respublikachi qonunchilar ham prezidentga afg'on masalasi bo'yicha xayrixohlik bildirmoqda.

Respublikachilarning Senatdagi sardori Mitch Makkonnel prezidentni qo'llab-quvvatlaymiz, ammo ko'r-ko'rona emas, deydi.

"Respublikachilar bu borada mustaqil fikrga ega," deydi senator.

Uning aytishicha, agar mintaqaga safarbar etilgan qo'mondonlar prezident qarorini qo'llab-quvvatlasa, muxolifatdagi respublikachilar ham chetda turmaydi.

"Davlat rahbari Tolibon va al Qoidaga qarshi kurash hamda Afg'onistonni barqarorlashtirish xususida iqtidorli qo'mondonlarimiz maslahatiga quloq soladi degan umiddaman," deydi Makkonnel.

AQSh va NATOning Afg'onistondagi kuchlari qo'mondoni general Stenli Makkristal prezidentdan qo'shinlar sonini oshirishni so'ramoqda. Respublikachilarning ko'pi Makkristal iltimosini qo'llab-quvvatlasa, demokratlar qarshi chiqmoqda.

Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, prezident Obama qarorini siyosatchilar ra'yiga qarab emas, mamlakat manfaatlaridan kelib chiqqan holda qabul qiladi.

Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosiga ko'ra, Barak Obama qarorini hali-beri ma'lum qilmaydi.

"Afg'onistonda xavfsizlik, davlat boshqaruvi, qayta qurish kabi masalalar avval obdon o'rganib chiqiladi," deydi u.

Ba'zi qonunchilar prezident Tolibonni mag'lub etish haqida kamroq gapirib, al Qoidaga urg'u berayotganidan xavotirda.

Respublikachi senator Jon Makkeynning aytishicha, avval Tolibonni yengish kerak, chunki harakat kuchaysa, al Qoida yana mamlakatga qaytib keladi.

Bugun prezident Obama afg'on masalasini harbiy qo'mondonlar, tashqi siyosatni belgilovchi rasmiylar va razvedka vakillari bilan muhokama qilmoqda. Matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, majlisda Pokistondagi vaziyatga ham urg'u beriladi.

XS
SM
MD
LG