Prezident Barak Obama harbiy ekspertlar bilan uzoq muhokamalardan so’ng Afg’oniston bo’yicha yangi strategiyasini e’lon qilishga tayyor.
“Nyu-York Tayms” gazetasining yozishicha, Tolibonga qarshi kurashga yana 30-40 ming askar jo’natish hamda javobgarlikni sekin-asta afg’on hukumatiga topshirib, urushni yakuniga yetkazish mo’ljallangan.
Prezident Obama 1 dekabr kuni xalqqa murojaatida qarorini tushuntirib beradi.
Afg’onistonda harbiylar sonini oshirish AQSh byudjetiga milliardlab dollarga tushishi aniq. Kongressda bu xarajatni qanday qoplash ustida bahs-munozaralar avjida.
Amerikada hozir ishsizlik sur’ati 10 foizdan yuqori. Byudjet kamomadi trillionlab dollarni tashkil etmoqda. Obama birinchi darajali masala deb belgilagan sog’liqni saqlash islohoti kelasi 10 yilda 800-900 milliard dollarga tushadi. Iroqda ham harbiy amaliyotlar davom etmoqda. Shunday sharoitda AQShning Afg’onistondagi missiyani kengaytirishga qurbi yetadimi?
Respublikachi va demokrat qonunchilar Afg’onistonga qo’shin jo’natish qarorini qo’llab-quvvatlashga tayyor, ammo muayyan shartlar asosida. Ayrim qonunchilar Hamid Karzay hukumati o’zini-o’zi boshqarishga tayyor emas desa, boshqalar Afg’onistonni tark etish haqida o’ylashga chaqirmoqda.
“Krizisdan qiynalayotgan AQSh bu xarajatlarni ko’tara olishi aqlga sig’maydi. Oxir-oqibat Amerika xalqi bo’yniga tushadi”, - deydi senator Berni Sanders. “Urushlarni qoplash uchun maxsus soliq joriy etishga to’g’ri keladi”.
Ham demokratlar, ham respublikachilar bir fikrda yakdil, ya’ni urushni boy berib bo’lmaydi.
“Afg’oniston bu Tolibon va Al-Qoida makoni. AQShdagi terror xurujlarini rejalagan jinoyatchilar shu yerda. Boshqa dasturlarni kesib-qisqartirib bo’lsa ham urushga pul ajratish lozim”, - deydi respublikachi Linsi Grexem.
Xalq orasida esa urushga nisbatan nozorilik kuchli. Afg’onistonga 30-40 ming qo’shin jo’natish taxminan 75 milliard dollarga tushadi. Bu pulni ta’lim va sog’liqni saqlash sohasiga yo’naltirish kerak, deyayotganlar ko’p.