Afg’onistonda tobora chigal vaziyatga ro’baro’ kelgan Obama ma’muriyati ham siyosat, ham harbiy strategiya bobida juda murakkab savollarga javob qidirmoqda.
Tolibonni yengish uchun qo’mondonlar prezident Obamadan yirik harbiy qo’shin so’ramoqda. Bu esa 1960-yillardagi Vyetnam urushi mag’lubiyatini yodga solmoqda.
Shu yil oxirigacha Afg’onistonda amerikalik askarlar soni 68 mingga yetishi kutilar ekan, tahlilchilar nazarida amaldagi missiya o’nlab yillar oldingi Vyetnam urushiga tobora o’xshab ketyapti. Entoni Kordsman Vashingtonda shu mavzuda izlanish olib borayotgan olimlardan.
"Afg’onistonda biz yuzlashayotgan muammolar Iroq u yoqda tursin, Vyetnam mojarosini esga solyapti. Bundan yarim asr ilgari urushni xuddi hozirgi vaziyatga tushib, boy berganmiz",- deydi u.
AQSh va NATO kuchlari hozir Afg’onistonda qora sallali Tolibonga qarshi jang qilayotgan bo’lsa, bundan 40 yil ilgarigi g’anim - qora libosdagi Vyet-Kong partizanlari edi.
Qurol-yarog’da ham o’xshashliklar bor. Harbiy kiyim va jihozlar ancha zamonaviylashgan, biroq mahalliy aholiga qo’shilib ketadigan, tutqich bermas dushmanni topish taktikasi o’sha-o’sha.
Polkovnik Larri Vilkerson Vyetnam urushi faxriysi. Prezident Bush davrida tashqi ishlar vaziri Kolin Pauel qo’lida ishlagan. Uning aytishicha, Afg’oniston va Vyetnam urushi biri-biriga o’xshab ketadi, ayniqsa o’sha paytdagi Saygon va hozirgi Kobul hukumati qanchalik korrupsiyaga botgani jihatdan.
"Korrupsiyaga botgan hukumat, poraxo’r siyosatchilar … Afg’onistonda vitse-prezidentlikka ko’rsatilgan Muhammad Fahim eng ashaddiylaridan desak xato bo’lmaydi. Vyetnamda bo’lgani kabi, bu yerda ham o’sha adolatsiz saylovlar, qalloblik, vakolatini suiste’mol qilib hokimiyatga intilayotgan rahbarlar. Muammolarning cheki yo’q",- deydi Vilkerson.
Prezident Obama harbiy yetakchilarning Afg’onistonga qo’shimcha askar jo’natish talabini ko’rib chiqmoqda. Armiya safini kengaytirish deganda bugun yangi ibora qo’llanadi, xolos.
Ehtimol eng yaqin o’xshashlik dushmanning chegara osha panoh topishida. AQShning Pokistonda yashiringan Tolibonga qo’li yetmaydi. Rasmiy Islomobod esa Vashington bilan yetarlicha hamkorlik qilmayapti.
Tahlilchilar nazarida AQSh Pokistonga siyosiy, diplomatik omillar sabab gapini o’tkaza olmasada, jangari makonlariga havodan zarba berishga qurbi yetadi.
Viet-Kong jangchilari 1960-1970-yillarda Kambodja va Laosda o’rnashib olib, harbiy ta’minotni o’sha yerdan olib borgan. AQSh chegara hududlarni bombardimon qilib, Kambodjani ham shu sabab bosib olgan edi.
1965-yillar oxirida Amerikaning janubiy Vyetnamda 184 ming qo’shini bor edi. 1968 yilga borib ular soni yarim milliondan oshdi. Buning ustiga o’sha paytda harbiy xizmat majburiy bo’lgani omma orasida katta norozilikka sabab bo’lgan.
Bugun esa AQSh armiyasi ko’ngilli xizmat asosida ish yuritar ekan, urushga qarshi u qadar yirik aksiyalar o’tmayotgani shu bilan izohlanadi.
Ammo Amerika xalqi urushdan charchagani yaqqol ko’zga tashlanmoqda, deydi siyosiy tahlilchi Maykl O’Xenlon. Hatto demokratlar safida ham.
"Buni so’rovlar, omma kayfiyati tasdiqlab turibdi. Afg’onistondagi urush shunchalik muhimmi, yana bir Vyetnamga guvoh bo’lmaymizmi, deb so’rayotganlar bor",- deydi u.
Qo’shma Shtatlar Vyetnamda 58 ming harbiysidan ayrilgan. Afg’onistonda so’nggi 8 yilda o’lganlar esa mingga yetay deb qoldi.