Breaking News

Tarixdan saboqlar: AQShga juda qimmatga tushgan yana bir urush


Afg’onistonda avjga chiqayotgan urush AQShda ayrimlarga bundan yarim asr oldingi Vyetnam tarixini yodga soladi.

Unda ishtirok etgan faxriylar o’sha davrni tahlil qilar ekan, gap nafaqat harbiy qudratda, balki urushning tabiatini tushunishda, ham dushman, ham ittifoqchilar nimaga qodir ekanini bilishda, deya xulosa qiladi.

1960-70 yillarda Vyetnamga jami 3 million amerikalik askar jalb qilingan, 58 ming nafari jang maydonida nobud bo’lgan.

Yaqinda bir guruh faxriylar va ularning oilalari ilk bor Vyetnamga safar qildi.

Vyetman urushida ishtirok etgan amerikaliklar xotirasida muhrlanib qolgan sadolar…

Bugungi Vyetnam, so’nggi 30 yilda bo’lgan o’zgarishlar ularga notanish manzara.

“Ko’z oldimizda bor kuch-g’ayrati bilan taraqqiy etishga harakat qilayotgan bir davlat namoyon bo’ldi. Qishloq joylari o’sha-o’sha, lekin shaharlar butunlay o’zgarib ketgan, hayot qaynaydi”,-deydi Patrik Pellerin.

Uning oilasi va u bilan harbiy xizmatni o’tagan do’stlari yaqinda Vyetnam safaridan qaytishdi. Uzoq 1960-70 yillarda armiyada xizmat qilgan faxriylar urushdan beri bu mamlakatga ilk bor qadam qo’yishi.

“Nima kutishni ham bilmaydi odam. Oradan qancha yillar o’tdi. Safar chog’ida sarosima, vahima, hayajon, turli xayollar chulg’aydi kishini. Bizni qanday kutib olisharkin, deb o’ylanasiz”,-deydi faxriy.

Achchiq haqiqat shuki, yarim asr oldingi urush jarohatlari tuzalib bo’lganicha yo’q. Mina va portlovchi uskunalardan har yili mingdan oshiq vyetnamlik halok bo’ladi.

“Amerikada bu hech kimning xayoliga ham kelmaydi. Portlamay qolgan snaryadlardan haliyam odamlar qurbon bo’lyapti”,-deydi Pellerin.

AQShning qator xususiy tashkilotlari, jumladan Vyetnam Faxriylari Jamg’armasi mamlakatni minalardan tozalashga ko’maklashyapti. Yan Skrags jamg’arma rahbari:

“Xavfli hududlarni aniq qilib belgilab, odamlarni xabardor qilamiz. Talofatlarni hozirgacha 75 foizga kamaytirishga erishdik”.

Bu ishni davom ettirish uchun Amerika hukumati tashkilotga yaqinda 1 million dollar grant ajratdi. Hisoblarga ko’ra, Vyetnam zaminida urushdan 350 tonnadan oshiq qurol-aslaha qolgan, shuning katta qismi AQSh armiyasiniki. Ularni topib zararlantirish uchun katta mablag’ kerak.

“Snaryadlar zanglab, toshga o’xshab qolgan. Bolalar qo’liga tushib qolishi hech gap emas”, - deydi faxriylar.

Qariyb 15 yil davom etgan urush kommunistik shimol g’alabasi bilan tugagan. Veteranlar sobiq raqiblari bilan ilk bor yuzma-yuz ko’rishishdi.

“Orada juda qiziqarli uchrashuv-suhbatlar bo’ldi, dardlashdik. Vyetnamliklar bizni anchadan beri diydor ko’rishmagan og’aynilari, eski qadrdonlaridek qabul qilishdi. Orani ochiq qilib olishga imkoniyat bo’ldi. Urush dahshatini unutib bo’larkanmi…”-deya fikr qiladi Patrik Pellerin.

Urush yakun topganidan ancha yillar o’tgan bo’lsada uning jarohati bilan yashayotgan insonlar ko’p. Ularni Vashingtondagi Vyetnam xotira maydonida uchratish mumkin.

“Gul, surat va maktublarini olib kelib, o’sha mash’um kunlarni xotirlashadi …”

Istardikki, Vyetnam urushida qatnashgan boshqa faxriylar ham u yerga qaytib, dardiga malham topsin, deydi Patrik Pellerin.

XS
SM
MD
LG