Nyu-York shahrida ikki mingga yaqin urush faxriysi uysiz. Nyu-York yordam missiyasining 100 o’rinlik yotoqxonasida kechalari bo’sh joy topish oson emas.
Tunash uchun keladiganlarning aksariyati yoshi katta, kam ta’minlangan oiladan chiqqan, yolg’iz odamlar. Ko’pi Vyetnamda, ba’zilari Iroq va Afg’onistondagi urushlarda qatnashgan.
Valter Xernandez AQSh armiyasida 24 yil xizmat qilgan.
"Uysiz bo’lishni hech kimga ravo ko’rmayman. Har kuni yegulik, tunashga joy qidirib, xunob bo’ladi odam. Kundan-kunga safimiz kengaymoqda, ayniqsa faxriylar orasida", - deydi u.
Xernandez ovqatini “Nyu-York yordam missiyasi”da yeydi. Oldin shu yerda tunardi, keyin boshqa joy topdi. Missiya sharofati bilan veteranlarning usti but, kir yuvish, hammom uchun barcha sharoit bor.
Yana bir xayriya tashkiloti Nyu-Yorkda uysizlarni doimiy turar-joy bilan ta’minlaydi.
Binolardan birida 56 xonadon bor. Har biri oshxona, yotoqxona, dam olish xonasi, omborcha va hammomdan iborat.Iroq urushi qatnashchisi Larri Faulerning aytishicha, bu imorat va uysizlar uchun boshpana o‘rtasida katta farq bor.
"O’z uyingga nima yetsin. Xohlaganingni qilasan. Uy bo’lsa, ish topish ham, o’qishga borish ham, do’st va oila a’zolari bilan ko’rishish ham ancha osondir," - deydi Larri.
Bu loyiha rahbari Tori Lionning aytishicha, Iroq va Afg’onistondan qaytayotgan harbiylarga shunday go’sha juda kerak.
"Uyi bo’lmasa, muammoga muammo qo’shiladi. Uysiz faxriylarning yana bir avlodi bo’lmasin deymiz", - deydi Lion.
Nyu-Yorkning Bronks rayonidagi osoyishta ko’chalarning birida qurilish avjida. Federal va Nyu-York shtati hukumatlari hamda xususiy banklar homiyligida tez orada veteranlarga yana 17 xonadon topshiriladi.
Nyu-York shahar kengashi a’zosi Metyu Yujinning aytishicha, erkinligimiz, turmush tarzimiz uchun kurashgan bu insonlar vataniga qaytganidan so’ng o’z hayoti, turar-joyi, qorni, tibbiy xizmatlar uchun ham kurashishini istamaymiz, deydi rasmiy.
Gumanitar tashkilotlarga ko’ra, urush faxriylari oldida bu kabi jiddiy muammolar bor ekan, ularni hal etish har bir jamoaning vazifasi.