Breaking News

Harbiylar narkotik preparatlarga o'rganib qolgan


Amerika askarining Afg’onistonda 17 odamni o’ldirishi e’tiborni jang maydonida yurgan harbiylarning ruhiy salomatligiga qaratdi. Yaqinda Iroq va Afg’oniston urushi faxriylari orasida o’tkazilgan tadqiqot natijasida shu ma’lum bo’ldiki, ular ko’proq narkotik preparatlarga bog’lanib qolgan.

Afg’onistondagi urush AQSh tarixidagi eng uzun mojaro. U yerda xizmat qilgan askarlarning ko’pchiligi Iroq urushida ham qatnashgan. Shifokorlarning aytishicha, ularning kamida uchdan bir qismi ruhan nosog’lom.

Doktor Maykl Yoxelson jang maydonidan qaytganlarning ruhiy salomatligini tekshirgan mutaxassislardan biri. Ahvol chatoq, deydi u, ko’plab harbiylar depressiyada.

“Ruhan kasal ekani aniqlandimi, darhol chora ko’rish kerak. Zarur muolajadan o’tishi shart”, - deydi shifokor.

Xo’sh, davolashning qay usullari eng ko’p samara beradi? Tadqiqotchilar 2005-2010 yillarda Iroq va Afg’oniston urushlarida qatnashgan 140 ming harbiyning sog’lig’ini o'rganib chiqqan. Ularning hammasi og’riqdan shikoyat qilgan. Hammasiga opioid narkotik moddalari berilgan.

Doktor Karen Sil - tadqiqotchilardan biri.

“Ruhan ezilgan, ayniqsa travma oqibatida stressni boshdan kechirgan faxriylar bunday qiyinchiliklarga duch kelmagan harbiylarga qaraganda ikki barobar ko’proq hollarda opiat qabul qiladi”.

Stressni boshdan kechirgan faxriylar orasida narkotik moddalarga tobelik boshqalarga qaraganda 2,5 barobar ko’proq uchraydi. Ular haddan tashqari ko’p dori ichadi.

"Bu bemorlarga opiat preparatlarning kattaroq dozasi beriladi. Va ular tez-tez yangi retsept talab qiladi va dorixonaga boradi, demak, dorilarni vaqtidan tezroq ichib tugatadi,” - deydi doktor Sil.

Narkotik dorilar ichayotganlar orasida alkogolizm, joniga qasd qilish va dori suiiste’moli singari hollar keng tarqalgan. Doktor Sil ularni muqobil yo’llar bilan, ya’ni fizioterapiya, ruhshunos yordami va akupunktura orqali davolashni tavsiya qiladi.

“Tadqiqot bizning ko’zimizni ochdi. Iroq va Afg’onistondan qaytgan harbiylar og’riq va ruhiy muammolarga yuz tutar ekan, ularga opiat moddalari beriladi. Biz bu amaliyotning dahshatli oqibatlarini endi anglayapmiz,” - deydi u.

Stressni davolash oson emas, turli muolajalar haqida gap ketmoqda, deya hamkasbiga jo'r bo'ladi doktor Yoxelson.

“Agar ular 1-1,5 yil yoki undan ham uzoqroq vaqt davomida urush maydonlarida jang qilgan va shu paytgacha hech qanday ruhiy yordam olmagan bo’lsa, bu odamlarni davolash uzoqqa cho’zilishi mumkin. Ayrim hollarda butun umr”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG