Xayriya - Amerika jamiyatining ajralmas qismi. Dunyoda eng saxiy davlat hisoblanadi. Undan keying o’rinlarni Avstraliya, Yangi Zelandiya va Britaniya egallaydi.
Boshqa bir izlanishga ko’ra esa 2010-yilda Qo’shma Shtatlarda berilgan xayr-sadaqaning 73 foizi oddiy fuqarolar karmonidan chiqqan. 200 milliard dollardan oshiq pul. Xo’sh, amerikaliklar nega bunday hotamtoy?
Seshanba, kunduz. Virjiniya shtati Aleksandiya shahridagi xayriya tashkiloti yonida mashinalar tizilib turibdi. Mariya va Ingrid keraksiz buyumlarini topshirmoqda.
“Kiyimlarimiz juda ko’p. Bir-ikki kiyib, keyin esdan chiqib ketadi. Tashlab yubormanman-ku. Haqiqatan, ko’rinishi yaxshi, sifatli. Boshqalar bemalol kiyishi mumkin”, - deydi Mariya.
“Uyda keraksiz narsalar ko’payib ketgani uchun ham olib keldik. Bitta sababi shu. Ikkinchidan, odamlarga foydasi tegishi mumkin-ku. Axlatga tashlab, atrofni iflos qilgandan ko’ra unumli, samarali yo’lini qilish kerak”, - Ingrid.
Yujinis Dauni Xayriya armiyasida ishlaydi. U bizga ishxonasini, bo’limlarni erinmasdan birma-bir ko’rsatadi:
“Chamasi 10 kun oldin vertolyot qoldirib ketishdi. Bunaqa olijanoblikni ko’rmaganman. Yaxshi ishlab turgan, propeller, motori bor, uzoqdan boshqariladigan kattakon vertolyot”.
Nega odamlar saxovat qiladi? Sabablardan biri – xayriya bergan odam kamroq soliq to’laydi.
“Soliq imtiyozlari borligi uchun ham muhtojlarga yordam beradiganlar yo’q emas”, - deydi xayriya tashkiloti xodimi Jorj Xud. Lekin asosiy sabab u emas:
“Avvalo, Amerika xalqi rosti bilan madad bergisi, ehtiyojmand insonlarni qo’llab-quvvatlagisi keladi”.
Xudning aytishicha, olijanoblik Qo’shma Shtatlar madaniyatida chuqur ildiz otgan. Xayriya tashkilotlari va dasturlari yordamida tabiati, xohishlari o’xshash insonlar birlashadi, aloqalar mustahkamlanadi.
Ingridning aytishicha, uning oilasi cherkovda ko’ngillilar safiga qo’shilgan. Chet eldagi missiyalarda qatnashadi. U boshqa insonlar bilan bog’lanishim muhim, deydi.
“Saxiy odamlar bilan yonma-yon ishlash alohida bir maroqli ish. Bundan tashqari, xayolingga keltirmagan, bilmagan kasb egalarini uchratasiz”, - deydi Ingrid.
Xudning aytishicha, amerikaliklar ofatlar bilan yuzlashgan odamlarga tez yordam qo’lini cho’zadi. Ayniqsa, bolalar muhtoj bo’lsa:
“Ayniqsa, Rojestvo pallasida. Ehtiyojmand, yolg’iz bolalarga kiyim-bosh, o’yinchoq, mayda-chuyda ulashiladi. Xayriya tashkilotlariga borib, jajji bolakaylarni xursand qilish odamga bir dunyo shodlik bag’ishlaydi. Yaxshilik ulashib, yaxshilarni ko’paytiradi ular”.
Xudning so’zlariga qaraganda, iqtisodiy tanglik xayriya tashabbuslariga ham ta’sir qilgan.
“Jindakkina ta’sir qildi. Haliyam tushunib tagiga yetolmayapman. Oxirgi uch yilda yordam-sadaqa 6 foizga kamaydi. Joriy yil davomida ham aholi sal kamroq bo’lishdi. Lekin Rojdestvo paytida qizil chelaklarni ko’tarib, ko’chama-ko’cha yurganimizda, xayriya 25 foizga oshdi”.
Pul va buyumlardan tashqari amerikaliklar ko’ngilli xizmatni ham taklif qiladi. O’tgan yili 64 milliondan oshiq fuqaro volontyor bo’lib ishladi. AQSh aholisining 27 foizi degani bu.