Prezident Barak Obama birinchi raqamli harbiy lavozimiga general Martin Dempsini tayinladi.
Bu kursini xizmat muddati sentabrda nihoyasiga yetadigan admiral Mayk Mullen egallab kelgan edi.
Prezident tanlagan nomzodni Senat tasdiqlashi kerak.
Iroqdagi xizmatlari bilan tanilgan general Rey Odiyerno esa armiya yetakchisi lavozimiga, ya’ni Martin Dempsining o’rniga o’tadi.
Obama bu haqda xotira kuni e’lon qildi. Oyning so’nggi dushanbasida o’tadigan bu ayyomda Amerika xalqi jang maydonida halok bo’lgan qiz-o’g’illarini esga oladi.
Prezident an’anaga ko’ra, poytaxt Vashington yonboshida joylashgan Arlington qabristonida so’zladi.
Minglab harbiy, davlat arboblari va faxriylar dafn etilgan bu yerda.
Obama vatan himoyasi yo’lida jonini fido qilgan farzandlarga tahsin aytdi.
Afg’onistonda ham bu sana xotirlandi.
2001 yildan beri bu davlatda halok bo’lgan 1400 dan ziyod askar yodga olinib, qo’shinlar sukutga cho’mdi.
Vashingtonda o’n minglab motosiklchilar har yilgidek mehmon. Ular marhum zobitlar, bedarak ketgan askarlat sharafiga shaharni to’ldirib o’tdilar.
Oq Uyda so’zga chiqqan Obama general Dempsi oldida turgan muhim vazifalarni tilga oldi: askarlarni Iroq va Afg’onistondan olib chiqish, Liviyada harbiy kampaniyada ishtirok etish ana shular jumlasidan.
“Harbiy yutuqlar siyosiy taraqqiyot bilan birga kechishi kerak”, - dedi prezident.
Birinchi raqamli harbiy mudofaa byudjetini taqsimlashda qatnashadi.
Kongress va prezident davlat qarzini qisqartirish ustida bosh qotirar ekan, harbiy taqsimot nozik masala.
AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts xizmat muddati ham shu yilning iyunida tugaydi.
Obama uning o’rniga Markaziy Razvedka Boshqarmasi rahbari Leon Panetta nomzodini taklif qilgan.
Razvedka esa general Deyvid Petreus qo’liga o’tishi mumkin.
Bu nomzodlarni Senat ma’qullashi lozim bo’ladi.