Qo’shma Shtatlar bugun 2001 yilning 11-sentyabr voqealarini xotirlamoqda.
Bundan 9 yil avval Nyu-York va Vashingtonda hamda Pensilvaniya shtatida sodir etilgan terroristik hujumlar salkam 3 ming kishini hayotdan olib ketgan edi.
Erta tongda Nyu-Yorkdagi Jahon Savdo markazi minoralari qulagan joyda oilalar to’planib, sukut saqlandi.
To’qqiz yil oldin 11 sentyabr kuni ertalab soat 8:46 da markazning birinchi binosiga samolyot urilgan. Oradan 17 daqiqa o’tib, yana bir yo’lovchi samolyot ikkinchi minoraga urilgan.
Xotira marosimlari davlat rahbari Barak Obama ishtirokida AQSh Mudofaa vazirligi Pentagonda o’tmoqda. Michel Obama va sobiq prezident Bushning rafiqasi Lora Bush Pensilvaniyaga safar qilib, marhumlar oilasi bilan uchrashgan.
Nyu-Yorkda fojiada o’lgan uch mingga yaqin kishining ism-sharifi yodga olinyapti. Vitse-prezident Joy Bayden va shahar ma’murlari ular ruhini aks ettiruvchi favvoraga gulchambar qo’yish marosimida qatnashgan.
Ikki osmono’par bino o’rni bugun “ground zero”, ya’ni “nolinchi maydon” deb ataladi. Bu yerda yaqin orada yangi imoratlar, muzey va yodgorlik qad ko’taradi.
Xotira kunida qilgan nutqida prezident Obama Amerika xalqini tinchlik va totuvlikka intilishga, nafrat hissini unutib, birdam bo’lishga chorladi.
“11 sentyabr fojiasidan qolgan yara tez bitmaydi, lekin biz qo’rquv bilan emas, kelajakka umid bilan yashaymiz”, - deydi Amerika rahbari.
“Hujumni amalga oshirganlar nafaqat minoralarni nishonga oldi, balki Amerikaning yuragiga xanjar soldi. Lekin Qo’shma Shtatlar o’z qadriyatlariga sodiq qoladi, shubha va ishonchsizlik girdobiga botmaydi. O’lganlar ruhini shod etishning eng yaxshi yo’li shu”.
Obamaning aytishicha, AQSh uning zaminida hujumlarni amalga oshirgan terroristlarni, Al-Qoida tashkiloti va uning rahbarlari – Usama Bin-Laden va Ayman al-Zavohiriyni qo’lga olish uchun hech bir chorani ayamaydi.
Bu yilgi Xotira kuni tarang bir sharoitda o’tmoqda. Nyu-Yorkda Jahon Savdo Markazi qulagan joy yaqinida islomiy markaz qurilishiga nisbatan norozilik kuchli. Buning ustiga, Floridadagi kichik bir cherkov ahli Qur’on yoqib, 11 sentyabr voqealarini xotirlashga do’q-po’pisa qilgan.
Jahon din ahli bu rejani qoralagach, ruhoniy Terri Jouns bu ahdidan qaytdi, faqat bir shart bilan – islomiy markaz boshqa joyga ko’chirilishi kerak.
Terri Jouns loyiha boshida turgan Imom Faysal Abdul Rauf bilan uchrashish uchun Nyu-Yorkka borgan. Abdul Rauf uchrashuv yoki loyihani bekor qilish haqida hech qanday kelishuv bo’lgan emas, demoqda.
Obamaning aytishicha, musulmonlar o’zi istagan joyda markaz qurish huquqiga ega. U va mudofaa vaziri Robert Geyts muqaddas kitobni yoqish Amerika askarlari hayotini xavf ostiga qo’yadi, deya pastorni rejasidan qaytishga undagan.
Ruhoniy Terri Jouns esa maqsadim islom va musulmon ahlini emas, terrorizm va ekstremizmni qoralash edi, deydi.
AQSh rahbari dinlar-aro totuvlikka chaqirar ekan, Qo’shma Shtatlar islomga qarshi emas, balki bu din nomidan qabih ishlarga qo’l urayotgan terrorchi guruhlarga qarshi urush olib borayotganini eslatgan.
Afg’onistonda amerikalik ruhoniy so’zlaridan g’azablangan olomon bugun ham namoyishchilarni davom ettirdi. Badaxshon va Log’ar viloyatlarida do’kon va politsiya uchastkalariga o’t qo’yilgan. Sakkiz kishi jarohat olgani ma’lum.