Breaking News

Amerikada musulmonlar kimga ovoz berib, qanday dasturlarni yoqlab chiqmoqda?


Amerikada musulmonlar kimga ovoz berib, qanday dasturlarni yoqlab chiqmoqda?
Amerikada musulmonlar kimga ovoz berib, qanday dasturlarni yoqlab chiqmoqda?

Kongressda atigi ikki nafar musulmon a’zo bor – Minnesota shtatidan Kit Ellison va Indianadan saylangan kongressmen Andre Karson.

Musulmonlar Amerika aholisining taxminan ikki foizini tashkil etadi. Pensilvaniya, Ogayo, Florida va Illinois kabi shtatlarda musulmon saylovchilar katta kuch.

Chikago shahrining asosan musulmonlar yashovchi Brijvyu mahallasidamiz. O’zini bizga Alaa deb tanishtirgan falastinlik muhojir qiz mahalliy masjid yaqinidagi xonadonlarga bir-birma eshik qoqmoqda.

"Kongressga saylovlarda ovoz berishni unutmang", deya har bir xonadon egasiga eslatadi u.

Alaaning o’zi ovoz berish huquqiga ega emas.

“1993 yili ota-onam bilan Amerikaga kelganmiz, o’shanda yetti yoshda edim. Viza muhlati o’tib ketgan bo’lsa ham, oilamiz bilan shu yerda qolishga qaror qilganmiz”, - deydi muhojir.

Qo’shma Shtatlarda u kabi hujjatsiz yashab yurganlar 10-11 millionni tashkil etadi. “Fuqaro emasman, shu sabab saylovda ishtirok eta olmayman. Ammo ovoz berish huquqi bo’la turib, undan foydalanmayotganlar qancha”, deydi u.

“Fuqarolik kishiga mas’uliyat yuklaydi. Amerika musulmon jamoasiga ham shuni eslatib qo’ymoqchimiz, chiqib ovoz berishsin”, - deydi ko’ngilli.

Maryam al-Zubiy, siyosiy faollikni oshirishni maqsad qilgan tashkilot vakili ham tashviqot ishlari bilan band.

“Siyosatchilar bir narsani tushunishi kerak”, - deydi u.

“Musulmonlar shu jamiyatning bir qismi, ular Amerika fuqarosi ekanidan faxrlanadi. Ulardan qo’rqish, xavfsirashga chek qo’yish kerak”.

Al-Zubiyning aytishicha, musulmonlar ovoz berishda immigratsiya va ta’lim masalasiga ham e’tibor qaratadi.

“Islomofobiya, diskriminatsiya, diniy birdamlik va bag’rikenglik, Amerika xorijda olib borayotgan urushlar - bot-bot tilga olinadigan mavzular. Saylovda qatnashib, ovoz berib, o’zgarish yasash mumkin. Maslahatimiz, o’zingizga ma’qul nomzodga ovoz bering”, - deydi Maryam al-Zubiy.

Chikagoning boshqa bir mahallasida Rima Ahmad kabi faollar shtat va mahalliy kengashlarga saylanmoqchi bo’lgan arboblar bilan bevosita ishlaydi. Musulmon jamoasi manfaatini ko’zlab ish tutishga, ularning dardini tinglashga va’da bergan nomzodlarni qo’llab-quvvatlaydi.

Rima Ahmad deydiki, uning tashkiloti shu din vakillaridan chiqqan va el xizmatida bo’lishni istagan yosh musulmonlarni yuksak lavozimlarga tayyorlash, ularni bora-bora Kongressga nomzod qilib ko’rsatishni ham maqsad qilgan.

Amerikada bugun 7 millionga yaqin musulmon istiqomat qiladi, Chikago atrofida ular soni 500 ming.

Ayrimlar nazarida, Nyu-Yorkda islomiy markaz qurilishiga qarshilik, Florida shtatida Qur’on yoqish mashmashasi va boshqa hodisalar Qo’shma Shtatlarda islomofobiya illati yana avj olayotganidan darakdir.

Shu bois, saylovda musulmonlar ishtiroki juda muhim. Salbiy qarashlarni bartaraf etmoqchi bo’lsangiz ovoz bering, shu mamlakat kelajagi haqida qayg’urishingizni isbotlang, deydi faollar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG