Breaking News

Iroqdan chiqayotganimiz yaxshi, deydi amerikaliklar


Iroqdan chiqayotganimiz yaxshi, deydi amerikaliklar
Iroqdan chiqayotganimiz yaxshi, deydi amerikaliklar

Qo’shma Shtatlar shu yil oxirigacha Iroqdan barcha qo’shinlarini olib chiqadi. Missiya nihoyasiga yetdi, deydi prezident Barak Obama.

To’qqiz yillik mojaro AQShga 700 milliard dollarga tushdi, har ikki davlat minglab askaridan ayrildi. Iroqda o’nlab ming odamning yostig’i quridi. Bir milliondan oshiq amerikalik bu urushda xizmat qildi. Faxriylar u barham topayotganidan mamnun.

Iroqda o'tgan sakkiz yil ichida bir milliondan oshiq amerikalik xizmat qildi
Iroqda o'tgan sakkiz yil ichida bir milliondan oshiq amerikalik xizmat qildi

Vashingtonning shoh ko’chalaridan birida “Egalla” shiori ostida namoyishlar… “Krizis, ishsizlik va partiyabozlikdan to’yib ketdik, hukumat bizni eshitsin”, deydi qatnashchilar. 68-yoshli Don Anderson 1960-yillarda Vietnamda xizmat qilgan.

Oregon shtatidan poytaxtga uzoq yo’l bosib keldi. Prezident Obamaning Iroqda urushni yakunlash qarorini olqishlasa-da, g’azabini yashirmaydi.

"Tashqi siyosatdagi xatolarni sanab oxiriga yetolmaymiz. Ayniqsa harbiy sohada. Janubiy Koreyada 30 ming askarimiz bor. Yevropada ham shu. U yerlarda askar saqlashning nima keragi bor?" - deydi Anderson.

Namoyishchilarning shikoyati shuki, dunyoning qay bir nuqtasida urush chiqmasin unda albatta AQShning qo’li bor. So’rov ketidan so’rovlarda amerikaliklar e’tiborni iqtisodiyotga qaratishni talab qilayapti.

Iroq xavfsizlik kuchlari ancha oyoqqa turgan, lekin tuzum, umuman olganda, hamon zaif
Iroq xavfsizlik kuchlari ancha oyoqqa turgan, lekin tuzum, umuman olganda, hamon zaif

21 yoshli Kayl Slozek Meyn shtatidan kelgan. 2001-yil terror xurujlariga 10 yildan oshdi. O’ch olamiz deb minglab askar hayotini xavf ostiga qo’ydik, afsus, deydi u.

"O’zga yurtlarda harbiylar nega qurol ko’tarib yurganini o’zi ham bilmaydi. Urush - yaxshi moylangan mashinadek ishlab turibdi. Uning oldida go’yo hammamiz ojiz. Tinchlik olib keladi degan gaplar - bu bir ertak",- deydi Slozek.

Barak Obama prezidentlikka kelganida “Iroqda urush boshlab maqsaddan chalg’idik”, deya ta’kidlagan edi. Jangovar missiya 2010-yilga kelib yakun topdi, 100 ming askar uyga qaytdi. Hozir u yerda taxminan 40 ming zobit qolgan.

"Qolganlari ham shu yil oxirida oilasi bag’riga qaytadi. To’qqiz yil o’tib, urush tugaydi",- deydi Obama.

Urush 2003-yilning martida, sobiq prezident Jorj Bush rahnamoligida boshlangan edi. AQSh va Britaniya razvedkasi Saddam Husayn ommaviy qirg’in qurollariga ega va ularni ishga solishi mumkin deya vahima ko’targan.

Qashshoqlik, huquqbuzarlik va mahalliy kelishmovchiliklar - Iroq oldida turgan asosiy muammolar
Qashshoqlik, huquqbuzarlik va mahalliy kelishmovchiliklar - Iroq oldida turgan asosiy muammolar

O’nlab davlatni o’z ichiga olgan koalitsiya ko’p o’tmay Iroqqa bostirib kirdi. Saddam Husayn ushlanib, sud qilinib, dorga osildi.

Buni qarangki, Saddam rejimi yadroviy, kimyoviy va biologik qurollar ishlab chiqarish dasturini 1990-yillarda yopgan ekan.

To’qqiz yillik mojaro AQSh xazinasiga 700 milliard dollarga tushdi, ammo tinchlik olib kelmadi. Xunrezlik ko’lami bir oz pasaygan xolos. Isyonchi hujumlari Iroqda har kungi holat.

Turli hisoblarga ko’ra, 2003-yildan buyon Iroq aholisi orasidagi talofatlar 100 mingdan ziyod. Iroq armiyasi ham 10 ming zobitidan ayrildi.

AQSh hukumati hisob-kitobiga qaraganda, Iroqdan 4,400 askar vatanga tobutda qaytdi. Prezident Obama ularni qahramon deya ta’riflaydi.

"Qurolli kuchlarimiz ular zimmasiga yuklangan vazifalarni a’lo darajada bajardi. Ularni qahramon degan unvonga loyiq holda kutib olamiz, qo’llab-quvvatlaymiz",- deydi prezident.

Faxriylarning aytishicha esa jang maydonida nimalar bo’lganini askarning o’zi biladi. Ruhiy xastalikka duchor minglab harbiylarni davolashdek mashaqqatli vazifa turibdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG