Dik Cheyni. Jahon siyosatida ko’pchilikka tanish shaxs. Cheyni so’nggi 30 yil davomida Amerika tashqi siyosatida muhim rol o’ynab kelgan.
1970-yillar boshida prezident Richard Niksonning yaqin maslakdoshi bo’lgan. Kongress a’zosi, so’ngra esa Mudofaa vaziri. 2001-2009 yillar orasida u vitse-prezidentlik qildi.
Respublikachi rahbar Jorj Bush olib borgan siyosatni aynan Cheyni belgilagani haqida ko’plab sharh va kitoblar bitilgan.
Afg’oniston va Iroqdagi urushlar, terrorizmga qarshi kurash loyihasini Cheyni tuzganini isbotlovchi rasmiy hujjatlar ham yetarli.
Yaqinda esa bu arbob o’z memuarini bitdi. Cheynining xotira kitobi “Mening davrimda” deb nomlanadi.
Muallifning qayd etishicha, har ikki urush to'g'ri qaror bo'lgan. Bu xalqlarga erkinlik va o'z kelajagini o'zi belgilash imkoniyati yaratildi, deya yozadi u.
Dik Cheyni AQShning besh respublikachi prezidenti qo’lida xizmat qilgan.
Ko’plab siyosatdonlar nazarida Amerika o’tgan 10 yilda yo’l qo’ygan xatolarda Cheynining hissasi katta, ayniqsa terrorga qarshi urush asirlarini qiynoqlarga solish va Iroqqa asossiz bostirib kirishda. Memuarni yozib, Cheyni o’z qilmishlarini oqlay olmaydi, deydi bu tanqidchilar.
Sobiq vitse-prezident esa Amerikani xavfdan yiroq saqlash ba’zida keskin qarorlar talab qiladi deydi.
”Bugun meni tashvishlantirayotgan narsa – Eron. U hozir katta, zamonaviy va effektiv sentrifugalarga ega. Demak, ularda atom bombasi uchun kerakli bo’lgan uranni ancha katta sur’atlarda boyitish mumkin. Bu ishlar asosan yerosti inshootlarida olib borilmoqda”,- deydi Cheyni.
Bu kabi xavotirlarni Obama ma’muriyatidan ham eshitasiz.
1989-93 yillarda Cheyni Pentagon, mudofaa vazirligini boshqargan. 1991- yilda Iroqqa qarshi harbiy operatsiya boshida turgan. Maqsad, degan u, Fors ko’rfazidagi ittifoqchi, neftga boy davlatlarni Saddam Hussayndan himoya qilish.
Oradan 12 yil o’tib Amerika Saddam Hussaynni hokimiyatdan ag’dardi. Bu safar u terroristlarni quvvatlayotganlikda, ommaviy qirg’in qurollariga egalikda ayblandi. Iroq diktatordan qutuldi, lekin qurollar topilmadi.
Cheyni bu urushdan afsuslanmaydi, lekin u yerdagi bugungi vaziyatdan ham rozi emas. Bu mamlakatni shoshib tark etmaslik kerak, Obama ma’muriyati qo’shinlarni olib chiqarkan, harbiy qo’mondonlarga quloq solsin, deydi u.
Cheynidan norozi amerikaliklar kitob taqdimot marosimi o’tayotgan joylarda namoyish qilib, sobiq vitse-prezidentga lan’atlar aytmoqda.
Ular fikricha, Guantnamo qamog’i va terrorchilikda ayblangan asirlarning harbiylar tomonidan qiynoqqa solingani – Amerika, erkin diyor, uchun sharmandalik bo’ldi, bu davlatning nomi bulg’andi.
Cheyni bu tanqidlarga javoban shunday deydi:
”Davlat xavfsizligi bilan bog’liq o’ta nozik, maxfiy ma’lumotlar olish uchun ba’zida mahbuslarga nisbatan keskinroq choralar ko’rishga to’g’ri kelgan”.
Cheyni har ikki Bush, ota-bola prezidentlar, bilan ishlagan.
“Qaysi biri sizga ko’proq ma’qul” degan savolga “bu maxfiy ma’lumot” deb javob beradi.