Breaking News

AQSh: Global muammolarga global yechim kerak


Barak Obama fikricha global muammolarni hal etish uchun davlatlar maslahatlashib, kelishib ish tutishi kerak.

Uning xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jeyms Jouns (James Jones) deydiki, bugun dunyoda biror masalaga mahalliy deb qarab bo’lmaydi.

“Muammo borki, global ahamiyatga ega”, - deydi Jeyms Jouns.

Jeyms Jouns, iste’fodagi general, avval NATOning Yevropadagi oliy qo’mondoni edi. Harbiy sohada 40 yillik tajribaga ega. Iste’foga chiqqanidan keyin Davlat departamentida Iroq va Afg’oniston masalalari bilan shug’ullangan.

“AQSh bu ikki davlatda olib borayotgan urushlar, Pokistondagi vaziyat, global terrorizm hamda Eron va Shimoliy Koreya yadro dasturlari - bugunning eng dolzarb muammolari”, - deydi Jouns.

“Lekin gap faqat terror urug’ini quritishda emas. Noqonuniy qurol savdosi, iqlim, energetika va iqtisodiy xavfsizlik, odam savdosi va narko-terrorizm yuqorida ko’rsatilgan omillar qatorida dunyo miqyosida o’z ta’sirini ko’rsatmoqda”, - deydi maslahatchi.

Jeyms Jouns xavfsizlik siyosati koordinatori rolida mudofaa vazirligi, Davlat departamenti, razvedka idoralari bilan yaqindan ishlaydi.

Uning aytishicha, “AQSh barcha mojarolarga xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda va xalqaro qonunlar asosida yechim qidirishga harakat qilar ekan, Bush davriga taqqoslaganda xorijiy davlatlar Obama ma’muriyati bilan hamkorlik qilishga ko’proq ishtiyoqmand”.

General Jouns o’tgan yili Afg’oniston bo’yicha mustaqil tekshiruvga boshchilik qilib, “NATO harbiy strategiyasini o’zgartirmasa, urushni boy berishi mumkin” degan xulosaga kelgan edi.

Barak Obamaning Afg’oniston-Pokiston bo’yicha yangi strategiyasi ish beryaptimi-yo’qmi, deydi Jouns, bir yil ichida ma’lum bo’ladi.

Shu kunlarda Obamaning Guantanamo qamoqxonasini yopish va qiynoqlarni taqiqlash qarori atrofida bahslar davom etyapti. AQSh xavfsizligiga putur yetadi deb bong urayotgan arboblardan biri bu - sobiq vitse-prezident Dik Cheyni.

Jouns nazarida “Guantanamo AQShni xavfdan asrash o’rniga, ko’proq terrorchi guruhlar odam yollashi uchun reklama vazifasini o’tamoqda”.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG