Breaking News

Insoniyatdan ko'proq mehr-oqibat talab qiladigan damlar




Gaitida tabiiy ofatdan 300 ming odam boshpanasiz qolgan. Ularga suv, dori-darmon va yegulik yetkazish jiddiy muammo, chunki yo’l va transport tizimlari yer bilan yakson bo’lgan.

Xalqaro tashkilotlar vaqtni boy bermay, uzoq muddatli tiklanish loyihalari haqida o’ylay boshlagan. Sobiq prezidentlar Jorj Bush va Bill Klinton maxsus jamg’arma tuzib, amerikaliklarni Gaiti ahliga qo’ldan kelgancha yordam berishga chaqirmoqda.

Inqiroz paytida Amerikaning nohukumat va xayriya tashkilotlarida ish qaynaydi. Kimdir oziq-ovqat, yana kimdir kiyim-kechak va anjomlarni saralash bilan band. Muhtoj davlatlarga har yili minglab tonna mahsulot jo’natiladi.

“Mehr-muruvvatli insonlar ko’p”, - deydi “Harvest Time International” tashkilotidan Lena Smolenskiy. "Ishimiz yordamni yig’ib-jamlab, talofat ko’rgan hududlarga yetkazish".

Gaitida qidiruv-qutqaruv ishlari bir zum to’xtagani yo’q. Mahalliy aholi ichimlik suvi va kiyim-kechakka muhtoj. Hozircha yordamni faqat havo yo’llari orqali yetkazish mumkin, xolos. Yuklar aeroport va omborxonalarda navbat kutmoqda.

Floridalik biznesmen Michel Dorsian AQSh-Gaiti Tijorat Palatasi rahbari. Bu shtatda 200 ming gaitilik yashaydi.

“Butun jamoa vaziyatni yaqindan kuzatmoqda. Xorijda yashayotgan gaitilikar soni 4-5 million atrofida. Bu juda katta raqam. Birgalashib harakat qilsak, ancha ish qo’limizdan keladi”, - deydi tadbirkor.

Zilzila asoratlarini bartaraf etish, Gaitini qayta qurish uzoq va murakkab jarayon. Orol davlatiga eng yaqin shtat bu Florida. Bu yerdan yordam dasturlarini boshqarish Gaiti konsuli Loren Prosper zimmasida.

“Gaitini do’st deb bilgan davlatlar, insonlar bizni bu og’ir damlarda tashlab qo’ymaydi. Ular ko’magida bor kuchimizni yig’ib, qayta oyoqqa turamiz, bunga ishonaman”, - deydi diplomat.

Hozir dunyoning turli chekkalarida yashovchi gaitiliklar vatandagi yaqinlari, do’stu-qarindoshlari bilan bir amallab bog’lanishga, ular haqida ma’lumot olishga harakat qilmoqda. Eng yirik jamoa Nyu-Yorkda istiqomat qiladi.

Kichik Gaiti ko’chalari jim-jit. Yaqinlari haqida biror ma’lumot olish uchun ko’pchilik kechasi bilan telefonda o’tirib chiqqan. Jamoa a’zolari zilzila haqidagi xabarni eshitgan zahotiyoq, madad izlab, shahar markazidagi “Soley De-Gaiti” radiosi tomon oshiqadi.

Gaitiga qo’ng’iroq qilishning foydasi yo’q. Don Roshey qanchalik urinmasin, 80 yoshli otasiga tusha olmayapti.

“24 soatdan beri shu ahvol. Qaysi raqamni termang, abonent bilan “aloqa yo’q” degan bir xil javob olasiz. Hech kim bilan ulana olmayapman”, - deydi muhojir.

Gaiti poytaxti Port-o-Prinsdan bir shingil ma’lumot ham oltinga teng. Odamlar radioga ko’z-quloq.

“Soley De-Gaiti” radiosi Karib mintaqasini yoritadi. Hamdardlik bildirib telefon qilayotganlar bir dunyo. Ora-orada Port-o-Prinsdan kelayotgan jonli xabarlarga ulanadi.

“Ofat shunday katta kuch bilan keldiki”, deydi radio direktori Riko Dupui, “dunyo xaritasidan Gaitini o’chirib tashlashga qodir”.

Xalqaro hamjamiyat yordam qo’lini cho’zmasa, bu davlat o’zini tiklay olmasligi aniq.

Nyu-Yorkda yashovchi gaitiliklar vatanga imkon boricha yordam berishga tayyor. Janob Dupuining jamoaga murojaati ham shu.

“Har bir odamdan qo’lidan kelgancha yordam berishni so’rayapmiz. Tushunaman, hamma o’z tashvishlari bilan band. Lekin ko’ra-bila turib, o’zgalar dardiga beparvo bo’lmaslik kerak”, -deydi muhojir.

XS
SM
MD
LG