Breaking News

Iqlim isishi O'zbekistonda qurg'oqchilikka yetaklaydi


Ekologlar fikriga ko'ra, global iqlim isishi Yevropada toshqinlar bilan, Markaziy Osiyoda, ayniqsa, O'zbekistonda qurg’oqchilik bilan kuzatiladi.

Dunyo ahli, jumladan, Yevropa iqlim o'zgarishiga qarshi yechim izlashga astoydil kirishgan. Bu maqsadda millardlab dollar mablag' ajratilmoqda. Mintaqada bu boradagi harakat hozircha zaif.

Ekspertlar fikricha, iqlim isishining asoratlari darhaqiqat jiddiy; ekologik inqiroz mintaqaning aholisiga daxldor.

O'zbekiston Ekologlari harakari faollaridan biri Murodjon Rahmonov so’zlariga ko'ra, mintaqagi ekologik vaziyatga ta'sir- oqibatlar haqida xavotirlar ko'proq taxmin.

“Men bu darajada taxminlar bildirish tarafdori emasman, chunki hozir biz o'z vaqtida bu masalaga e'tibor qaratdik. 2020 yilga borib vaziyat yaxshi tomonga o'zgarsa kerak. Sababi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi yaqinda ikkinchi ma'ruzasini e'lon qildi. 1990 yillardan hozirgacha bo'lgan vaziyat yuzasidan. Unga ko'ra, vaziyat ancha yaxshilanayapti, albatta, Orol muamosi istisno. Biologik xilma-xillik yaxshilangan. Lekin baribir, odamlar iqtisodsiz yasholmaydi. Hozir biz birinchi o'rinda atrof-muhit masalasi turishini odamlarga singdirishimiz kerak”, - deydi u.

Gobal iqlim isishi oqibatlari haqidagi tadqiqotlarning Markaziy Osiyoga oid qismida qurg’oqchilik, qishloq xo'jaligining izdan chiqishi, ekologik inqiroz natijasida millionlab qochqinlar paydo bo'lishi aytiladi.

O'zbekistonda ekologik tashkilotlarni birlashtirgan Ekologlar harakati siyosiy doiraga tortilgan. Harakat vakillari uchun Oliy Majlisdan 15 deputatlik o'rni ajratildi. Sharhlovchilar nazarida siyosiylashish ekologlar harakatini jamoatchilik hayotidan uzoqlashtiradi.

“Bu harakat tuzilishida men ham qatnashgan edim, mutaxassis sifatida jalb qilishgan edi. Yer-suv bo'yicha loyiha ham tuzib bergan edim, sharoit, keyingi ishlar haqida. Lekin hozir meni bu yog'i qiziqtirayotgani yo'q. Majlislarni kamaytirib, amaliy ishlar qilish kerak. Ekologik muhofazani siyosatga aralashtirish kerak emas, bu boshqa narsa”, - deydi ekolog Rustam Razzoqov.

Yaqinda Amir Temur xiyobonida yuzlab chinorlarning kesib yuborilishi yuzasidan O'zbekiston Ekologlar harakati sukut saqlashi ekologlarning jamoatchilik hayotidan uzoqlashayotganini tasdiqlaydi.

Akademik Bekjon Toshmuhammedovning aytishicha, mamlakatda ekologik vaziyat og’irlshishini suiiste'mol qilish kuchaymoqda.

“Ekologik inqiroz haqida ko'p gapirilishiga qaramasdan, atrof-muhitni muhofaza qilish ayanchli ahvolda. Ekologiyani korrupsiya muammosi bilan birga muhokama qilish kerak, chunki hamma narsa sotib yuborilayapti, ekologiya me’yorlari, suvni ishlatish rejimlari buzilayapti, buning hammasini hokimiyat qilmoqda. Shuning uchun ham ozroq bo'lsa ham jamoatchilik nazoratini yo'lga qo'yish kerak”, - deydi akademik.

Global iqlim isishining mintaqaga tahdidi ham umumiy. Ekologlar fikriga ko'ra, mintaqa yaxlit tizimda, uzviy bog'langan. Bir mamlakatdagi ekologik inqiroz, ikkinchi bir mamlakatda aks etishi muqarrar.

“Shuning uchun ham biz beshta mamlakatning mutaxassislari yig'ilishib muammolar yuzasidan maslahatlashib, xalq uchun ma'qul bo'lgan mexanizm ishlab chiqishimiz kerak. Keyin bu mexanizmni hukumatlarga taqdim etish lozim. Mintaqa yopiq Orol ekotizimiga kiradi. Biz mintaqadagi barcha resurslarni hisob-kitob qilib chiqishimiz kerak. Faqat suvni taqsimlash emas, balki boshqa resurslarni ham hisobini ham olib, bir qarorga kelishimiz kerak”, - deydi ekolog Tohir Majitov.

Mintaqada ekologlarning mustaqil tarzda uyushgan bir harakati bor deyish qiyin. Mavjud harakatlar asosan Orolni qutqarish xalqaro jamg’armasi yoki hukumatlar doirasidagi turli nodavlat tashkilotlar ishtiroki bilan ko'zga tashlanadi.

Yevropa davlatlari atrof-muhit himoyasi bo'yicha mintaqa davlatlarini muvofiqlashgan harakatga undaydi.

“Yevropa uchun atrof-muhit” (OCE) jarayonida mintaqa munosabatlarini muvofiqlashtiruvchi Barqaror rivojlanish uchun Markaziy Osiyo tashabbus dasturi tuzilgan. Mazkur dastur mintaqa davlatlarining ekologik vaziyat bo'yicha pozitsiyalarini, hamkorlik imkoniyatlarini belgilab chiqishi kerak.

Markaziy Osiyo ekologlar markazi ham shu maqsadda mintaqagi vaziyatni muvofiqlashtirish uchun tuzilgan tashkilotlardan biri. Mintaqagi ekologik vaziyatni muhokama qiluvchi oliy darajadagi uchrashuv esa Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasining sammiti bo'lib qolmoqda.

Orol jamg'armasining Almatida o'tgan so'nggi sammiti mintaqa davlatlaridagi pozitsiyalar muvofiqlashishdan ancha yiroqligini ko'rsatdi.

“Lekin baribir bu ushrashuv foydadan xoli emas, chunki birinchi bor mintaqa prezidentlari Rossiyaning qoziligisiz mustaqil uchrashishdi, muhokama qilishdi. Afsuski, Markaziy Osiyo hamkorligi tashkiloti tugab ketdi. Mintaqa xalqlari azaldan bir-biriga juda yaqin, ularning muammolari ShHT yoki Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati doirasida ham hal qilinmaydi. Buning uchun faqat mintaqa yetakchilarining o'zlari ko'proq mustaqil yuzma-yuz uchrashuv o'tkazishlari kerak”, - degan fikrda Almatida o'tgan sammit haqida sharhlovchi Kamron Aliyev.

Sharhlovchilarga ko'ra, ekologik vaziyatning iqtisodga tahdid solayotgani O'zbekiston hukumatini masalaga jiddiy yondashishga undamoqda. O'zbekiston Ekologlar harakatining tuzilishi, unga Qonunchilik Palatasidan 15 o'rin ajratilishi shunday xavotirlar natijasida yuzaga kelgan.

“Mintaqadagi suv taqsimoti bo'yicha bizning pozitsiyamiz hukumat pozitsiyasini qo'llab-quvvatlaydi. Biz qo’shni davlatlar o'z hududidan oqib o'tayotgan suvdan istalgan maqsadda foydalanishga haqli deb hisoblaymiz, lekin shu bilan bir qatorda xalqaro me’yorlarga ko'ra ularning majburiyatlari ham bor. Masalan, Vaxsh daryosi transchegaraviy daryoni boshlanishi, shuning uchun Tojikiston undan foydalanishga haqli, lekin bu O'zbekiston aholisiga zarar yetkazmasligi kerak. Shuningdek, biz yirik gidrotexnik inshootlar qurilishi BMT nazoratidagi mustaqil ekologik ekspertizadan o'tkazilishini talab qilamiz”, - deydi harakat vakili Murodjon Rahmonov.

Kopengagendagi iqlim isishiga qarshi xalqaro konferensiyada rivojlangan davlatlar rivojlanayotgan davlatlarga iqtisodiy yordam ko'rsatish jamg'armasini tuzishga qaror qildi.

Bu qarorga ko'ra, Yevropa Ittifoqi 2010 yildan rivojlanayotgan davlatlarga iqlim o'zgarishiga qarshi kurash uchun yiliga 8 milliard yevroga yaqin mablag' ajratishi kerak.

Kopengagen konferensiyasi natijalarini o'zbekistonlik ekologlar ham qiziqish bilan kutmoqda.

Sharhlovchilarga ko'ra, atrof-muhit, tabiatni asrab-avaylash jamoatchilik ishtirokisiz amalga oshishi qiyin. Jamoatchik ustidan keskin nazorat mavjud bo'lgan O'zbekistonda bu boradagi harakatlarda samaraga erishish yanada murakkab.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG