Breaking News

Orol qo'ldan boy berildimi? Qozog'iston bunday fikrda emas


Bundan bir necha yil avval BMT mutaxassislari Orol dengizi 2020 yilga borib g’oyib bo’ladi deb bashorat qilgan edi.

So’nggi 50 yil davomida qurib borayotgan Orol ikki qismdan iborat – Qozog’istondagi Kichik Orol va O’zbekistondagi Katta Orol.

Qozog’iston hukumati va Jahon Banki hamkorlikda bunyod etgan Ko’korol to’goni Kichik Oroldagi vaziyatni tubdan o’zgartirib yubordi.

Orolga suv qaytdi, baliqchilik rivojlanmoqda, biroq O’zbekiston tomondagi Katta Orol taqdirga tan bergan ko’rinadi. Nahotki, O’zbekistondagi Katta Orolni qutqarishning iloji bo’lmasa?

Qozog’iston tomondagi Kichik Orolga qarasa, odamning ko’zi quvnaydi.

Suvga limmo-lim to’la Kichik Orolga baliqlar qaytgan, suv bo’yida o’simlik va hayvonot olami jonlanmoqda. Odamlarning yodidan ko’tarilgan yomg’irlar mavsumini aytmaysizmi? Qozog’iston hatto xorijga baliq eksport qila boshlagan.

Bunga qanday erishildi? 2003 yilda Qozog’iston hukumati Orolning shimoliy va janubiy qismini ajratuvchi to’g’on qurishga qaror qilgan.

2005 yilda to’g’on foydalanishga topshirilgach, oradan bir yil o’tar-o’tmay suv sathi ko’tarildi deydi Jahon Banki mutaxassisi Xup Stoutyesdik (Joop Stoutjesdijk).

“Hozir Shimoliy Orolda suv sathi Boldiq dengizidan 42 metr baland. Suv hajmi shu qadar ko’pki, ortiqchasi, ya’ni milliadrlab kubometr suv har yili janubdagi Katta Orolga tushadi. Lekin buning o’zi Katta Orolni to’ldirish uchun yetarli emas, chunki Katta Orol Kichigiga qaraganda 9 marta katta”.

Lekin Kichik Orolning jonlanishiga ham odamlar ishonmagan edi-ku? Avval sohil va Orol o’rtasida 100 kilometr masofa bo’lgan bo’lsa, hozir 25 kilometr. 2009 yilgacha 6 kilometrga kamayadi degan taxminlar bor. Jahon Banki ikkinchi to’go’n qurilishi uchun Qozog’istonga moliyaviy yordam ajratgan.

Nima uchun O’zbekiston o’z holiga tashlab qo’yildi?

“Gap Amudaryodagi suvning yetarli emasligida, ya’ni daryo Orolga yetib bormayapti. Aynan Amudaryo Katta Orolga quyilar edi. Muammoni hal qilish uchun biz hatto O’zbekiston va Turkmanistonda sug’orish ishlarini butunlay to’xtatish ehtimolini ham ko’rib chiqdik. 4 million gektar yer haqida gap ketmoqda. Shunday qilingan taqdirda ham Katta Orol jonlanishi uchun kamida 50 yil vaqt kerak bo’ladi. Biroq buning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlari har ikki davlat uchun og’ir bo’ladi. Afsuski, hozir Katta Orolni qutqarish uchun hech qanday chora yo’q”, - deydi Xup Stoutyesdik .

Uzoq yillar davomida Orol dengizi muammosi bilan shug’ullangan Texas Universiteti professori Den Makkinni (Daene Mckinney) ham shunday fikrda:

“Har ikki davlat sug’orish ishlarini to’xtatdi deb faraz qilaylik. Xo’sh, qishloq xo’jaligi bilan kun ko’radigan o’n millionlab odamlarni nima bilan boqadi? Ularga boshqa ish topib bera oladimi? Balki Turkmaniston boy tabiiy zaxiralari evaziga bu iqtisodiy vaziyatdan eson-omon chiqishi mumkindir. Ammo 26 million aholisining katta qismi asosan qishloq xo’jaligiga tayanadigan O’zbekistonda qanday qilib suvni shart yopib, odamlarga bor, boshqa ish top deyish mumkin? Menimcha buning iloji yo’q”.

NASA – Amerika Fazoviy Tadqiqotlar Agentligi taqdim etgan suratlarga ko’ra, O’zbekistonda joylashgan Katta Orol hozir ikkiga, ya’ni sharqiy va g’arbiy orolga bo’linmoqda. Ya’ni dengiz qurishda davom etmoqda.

Ayrimlar nazarida Markaziy Osiyo davlatlari hamjihat bo’lmagani bois Orol dengizi boy berilmoqda.

Professor Den Makkinni bu gaplar asossiz deydi:

“Gap mamlakatlar o’rtasidagi tushunmovchilikda emas. Kichik Orol asosan Qozog’iston hududida joylashgan va uni to’ldirish uchun u qadar ko’p suv kerak emas. Qozog’iston bir o’zi ham bu muammoni hal qilishga qodir edi. Muammo bu mamlakatlarning siyosiy salohiyati yohud mintaqaviy hamkorlikda emas, balki iqtisodiy sharoitda. Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiyoti qishloq xo’jaligisiz kun ko’ra olmaydi. Qishloq xo’jaligini esa suvsiz tasavvur qilish qiyin”.

Yaqinda, aniqrog’i, 2006 yilning avgustida O’zbekiston hukumati Katta Orol hududida neftni qazib olish ishlarini boshlashga ahd qilgan.

Loyihada “O’zbekneftgaz”, Rossiyaning “Lukoil”, Xitoy, Janubiy Koreya va Malayziya kompaniyalari qatnashmoqda.

Qazish ishlari Oroldagi ekologik ahvolga salbiy ta’sir qiladi degan taxminlar mavjud. Jahon Banki mutaxassisi Xup Stoutyesdik fikricha:

“Katta Orolda yaqin 10 yil ichida suv paydo bo’lmaydi. O’zbekiston hukumati bu borada Jahon Bankidan maslahat so’ragani yo’q, ammo cho’lga aylanib borayotgan hududga borib, neft yoki gaz qidirish ishlari ziyon qiladi deb o’ylamaymiz. Axir ular dengizni atayin quritib, boshqa tabiiy zaxiralar izlayotgani yo’q. Neft qazish ishlari va dengizning qaytishi bir-biriga umuman bog’liq emas”.

Kaspiy dengizida bu xildagi izlanishlar olib borilmoqda. Qozog’iston va Ozarbayjon hukumati suv ostidan neft qazib olmoqda.

Albatta, neft qurilmalari o’rnatilgach, ekolog mutaxassislar e’tiroz bildirishi tabiiy.

Ular hukumatdan atrof-muhitni himoya qilish uchun zarur choralar ko’rishni talab qiladi. Shu choralar ko’rilsa bo’lgani deydi mutaxassislar.

Mutaxassislar fikricha vaziyatni o’nglash uchun avvalo Orol dengizi atrofidagi qishloqlarda aholi hayotini yengillashtirish, hali ham suv bor joylarda ahvolni yaxshilash maqsadga muvofiq.

XS
SM
MD
LG