Breaking News

Markaziy Osiyoda suv masalasi dolzarbligicha qolmoqda


Mintaqa davlatlari orasida bu borada olib borilayotgan muzokaralar natija bermayapti. Suv zaxiralari har bir mamlakat hududidan o’tadi. Shu bois kelishuv barcha hukumatlarga ma’qul kelishi zarur.

So`nggi paytda asosan, Sirdaryo suvidan foydalanish atrofida bahs-munozaralar kechmoqda.

Sirdaryo boshida joylashgan Qirg'izistonning suvga ehtiyoji elektr quvvati ishlab chiqish bilan, daryoning quyi qismidagi O`zbekiston va Qozog`iston ehtiyoji qishloq xo`jaligi bilan bog`liq.

Mintaqada suvdan foydalanishni muvofiqlashtiruvchi hukumatlararo komissiya mavjud va taxminan 10 yil avval bu borada kelishuv imzolangan.

Biroq tinimsiz davom etayotgan tortishuvlar bu bitim samarasiz ekanidan, unga hech kim amal qilmayotganidan dalolat bermoqda.

Sharhlovchilar fikriga ko`ra, suvdan foydalanishda har bir davlat o`z ehtiyojidan kelib chiqib tartib-qoidalar o`rnatadi. Hech kimning yon bergisi yo’q.

Shunday uchrashuvlardan biri yaqinda Almatida Qirg`iziston, Qozog`iston va O`zbekiston vakillari ishtirokida o`tdi.

Qirgiz matbuotining mamlakat energetika vaziri Saparbek Balqibekov so’zlariga tayanib ma`lumot berishicha, O`zbekiston Sirdaryoni transchegara daryosi sifatida tan olish talabini ko`tarmoqda.

Bu taklif Qirg'iziston tomonidan rad etilgan. Sirdaryoga chegaraviy daryo maqomi berilsa, suv xalqaro bitimlarga ko`ra taqsimlanishi mumkin.

“Biz Qirg`iziston va Tojikistonga ham xalqaro konvensiyalarga qo’shilish haqida murojaat qilib kelayapmiz, lekin ahvol o’sha-o’sha. Albatta, xalqaro konvensiyaga qo`shilish-qo'shilmaslik har bir davlatning o'zining ishi. Lekin biz masalani xalqaro tashkilotlar ko`magida hal etishimiz mumkin bo’lar edi”, - deydi O'zbekiston ekologlari harakati vakili Saidrasul Sanginov.

Qirg`iziston va Tojikistonda suvdan elektr quvvati ishlab chiqarish, bu borada eksport imkoniyatini kuchaytirishga harakat boshlangan.

Ayniqsa, o`tgan qishda elektr quvvati yetishmasligi qattiq sezilgan. Yonilg’i zaxiralari bo’lmagan Qirg`iziston suvdan bemalol foydalanish imkonidan ayrilsa, mamlakatda elektr energiyasi inqirozi ro’y berishi mumkin. Qirg’iziston suvdan ko’p foydalanib, Sirdaryoda to’g'onlar sonini oshirgani sari qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan O`zbekistonda norozilik kayfiyati ortmoqda. Suv zaxirasi bo’yicha Qirg’iziston mintaqada eng boy davlat sanaladi, suvning ko’p qismi Tyan-Shan va Pomir muzliklarida to’planadi. Qirg’iziston suv omborlarida har yili kamida 50 milliard kubometr suv yig'iladi.

Ekolog Tohir Majidovning aytishicha, davlatlar xalqaro konvensiyaga qo`shilsa, har bir mamlakat o’z majburiyatlarini aniqlab oladi. Masalan, Tojikiston daryo yoqasida biror inshoot qurmoqchi bo`lsa, O`zbekiston bilan kelishishi kerak.

Qirg’iziston rasmiylarining aytishicha, bu yil To`xtako’l omborida suv sathi keskin tushib ketgan. O'zbekiston esa Qirg`izistonni suvni elektr quvvati ishlab chiqarish uchun yig`ib olayotganlikda ayblab keladi.

O`zbekiston nazarida To`xtako’l suv ombori elektr quvvatini yaratish uchun emas, qishloq xo`jaligi uchun ishlatilishi kerak.

Qozog`iston tomoni ham suvni asosan qishloq xo`jaligi uchun ishlatadi. O`z navbatida Qozog`istonga kelayotgan suv O`zbekistonda ushlab qolinmoqda degan e`tirozlar ham bor.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG