Butunjahaon Yovvoyi Tabiatni Asrash jamg’armasi (World Wildlife Fund) Markaziy Osiyoda mehnat muhojirlarining ko’payishi iqlim o’zgarishi bilan bog’liq degan xulosaga kelgan.
Jamg’armaning Rossiyadagi muvofiqlashtiruvchisi Aleksey Kokorin izohicha, havo haroratining 2 darajaga ko’tarilishi oqibatida mintaqada muzliklar erishi tezlashishi bilan birga, qishloq xo’jaligi bilan band bo’lgan aholini inqirozga keltiruvchi qurg’oqchilik ham kuzatiladi.
Bu jarayon asosan qashhoq aholisiga ta’sir qilishi, natijada ekologik muhojirlar qatlami yuzaga kelishi mumkin. Xalqaro insonparvarlik tashkilotlari bu asoratlarni yumshatish uchun hozirdanoq chora-tadbirlar ko’rilishi lozim deb ogohlantirmoqda.
“Ekosan” xalqaro jamg’armasi rahbari Yusuf Shodimetovga ko’ra ham haroratning 2 darajaga ko’tarilishi kutilayotgan holat.
“2020-2030 yillarga borib bu muammoning keskinligi orta boradi. Mintaqadagi harorat 2 - 2,5 darajaga ko’tarilishi mumkin. Bu jarayon ketyapti, shuning ta’sirida qurg’oqchilik, yerni sho’rlanishi, cho’llanish, Orol dengizini qurib borishi oqibatidagi degradatsiya - hammasi umumiy bir ekologik muammoning ko’rinishi”, - deydi Shodimetov.
Qishloq xo’jaligi fanlari doktori, Orol muammosi bo’yicha bir qancha tadqiqotlar qilgan professor Rustam Razzoqovning iqlim o’zgarishi haqidagi qarashlari boshqacharoq.
“Bu borada aniq bir prognoz yo’q. Katta davlatlar ishlayapti. Ba’zan qarama-qarshi xulosalar chiqayapti. Muhojirlar masalasida - biz muhojirlarni u yoqdan ko’chishi haqida emas, Orol bo’yidagi vaziyatni yaxshilash, barqaror qilish haqida gapiryapmiz. Chunki ming-ikki ming yil avval ham u yerda olimlar yashagan, u paytda ham Orolning yarmi qurib ketgan”, - deydi Razzoqov.
Unga ko’ra mamlakatda suvga va sug’orishga nisbatan munosabat o’zgartirilgan taqdirda, 2025 yillarga borib barqarorlikka erishish mumkin.
“Shu suv yetishi kerak. 2025-30 yillarga borib tejab ishlatilgan taqdirda, fan yutuqlari, yangi seleksiya tizimi tadbiq qilinsa, barqaror rivojlanib 4-5 kubokilometr suvni Orol dengizi uchun ham ajratish mumkin, ko’kalamzorlashtirish maqsadida”, - deydi professor Razzoqov.
Sharhlovchilar mehnat muhojirlari ko’payishini asosan iqtisodiy omillar bilan, mamlakatdagi ishsizlik bilan bog’lashadi. Hozircha bu jarayon iqlim o’zgarishiga bog’liq degan qarashlar kam.
Ayrim sharhlovchilar O’zbekistonda qishloq xojaligi bilan shug’ullanish aholi uchun samarasiz qolayotganini davlat monopoliyasining mavjudligida ko’rishadi.
O’zbekistonlik mutaxassislar mintaqada qurg’oqchilik kutilayotganini e’tirof etsa-da, bu jaryonni yengish mumkin deydi. Buning uchun qishloq va suv xo’jaligi bo’yicha yangi strategiya qabul qilinishi zarur.
Pofessor Rustam Razzoqov fikricha O’zbekistonda 30-40 yil oldin asos solingan sug’orish tizimi vaziyatni keskinlashtirish uchungina xizmat qilmoqda.
“Drenaj yaxshi ishlamasa, 10-15 metr chuqurlikda yotgan tuzlarni eritib yer ustiga olib chiqadi. 40 yildan buyon yerni sho’ri yuviladi. Natijada sho’rlanish ikki barobarga ko’paydi, hosildorlik ikki barobarga kamaydi. Tahlil qilib chiqsangiz, shu tuzni yer sathiga ko’tarmasdan, o’zimizni zaharlamasdan yangi jarayonlarni tadbiq qilish mumkin. Masalan yer-osti suvini pasaytirish, tomchilab sug’orish. Shunda tuz qayerdan kelishi mumkin, umuman bo’lmaydi. Isroilda drenaj degan narsani o’zi yo’q”, - deydi Razzoqov.
Mintaqada iqlim o’zgarishi asoratlari asosan suv taqchilligi, ekologiyaning keskin buzilishi bilan kuzatiladi. Sharhlovchilarga ko’ra Orol bo’yidagi bugungi vaziyat ekologik falokat allaqachon boshlanganidan darak beradi.