Birlashgan Millatlar Tashkiloti nazarida jahonda suv tanqisligi jiddiy muammoga aylanmoqda.
Bu haqda qayg’urayotgan rasmiy Toshkent qo`shni davlatlarda rejalangan to`g`onlardan xavotirda.
Energiyaga ehtiyojmand qo`shnilar esa O`zbekiston e`tirozini inobatga olmoqchi emas ko’rinadi.
BMT ma'lumotiga ko’ra, o'zbek fermeri paxta yetishtirishda amerikalik fermerga nisbatan to`rt marta ko`p suv ishlatadi.
Ekologlar fikricha, O`zbekiston qishloq xo`jaligida suvga nisbatan munosabat haqiqatda achinarli.
“Mintaqada kollektor suvlari ko'payib ketmoqda, nasos bilan chiqarilgan suv yana tashlandiq suvga ayalanishi kuzatilmoqda. Chuchik suv nihoyatda qimmat turadi. Drenajsiz sug`orish usullarini qo`llash kerak. Aylanma tizimlarni joriy etilishi kerak”, - deydi ekolog olim Rustam Razzoqov.
O`zbekistonda paxta ekish 50 ming gektarga qisqargan. Ayrim yerlarda tomchilab sug`orishni joriy etish masalasi ko`rilmoqda.
O`zbekiston senatori Xayrulla Ibrohimov jurnalistlar bilan uchrashuvda suv taqchilligi bu yil yanada kuchliroq kuzatilishi haqida ogohlantirish bergan.
“Xalq so’zi” gazetasida e’lon qilingan maqolaga ko’ra, O`zbekistondagi taqchillik har yili Amudaryo hisobidan 1,5 – 3 kilometr kub, Sirdaryo hisobidan 2,5 kilometr kubgacha suv hajmini tashkil etmoqda.
Maqola muallifi A. Ibrohimov bu raqamlar ortida minglab dehqonlar tadqiri yotganini, Amudaryo va Sirdaryo havzasini yaxlit tizim sifatida ko`rish lozimligini ta`kidlaydi.
O`zbekiston Amudaryo va Sirdaryoni transchegaraviy daryolar sifatida tan olish lozimligini ta`kidlab keladi.
Biroq suvga energetik manba sifatida qarayotgan Tojikiston va Qirg`iziston O`zbekiston e`tirozlarini inobatga olish niyatida emas.
Qirg’iziston suvni mamlakat milliy boyliklaridan biri deb hisoblaydi.
Suv elektr energiyasi ishlab chiqarish, eksport qilishxa xizmat qiladi va iqtisodni tiklashda muhim sohalardan biri.
Har ikki davlatda yangi suv to`g`onlarini qurish loyihalari mavjud.
“Sovet davrida qurilgan suv omborlari hammasi sug`orishga mo`ljallangan. Avval ham qish paytida yo’qotilgan energiya uchun pastdagi davlatlar yuqoridagi davlatlarga to`lov berardi, qancha turishini hisoblab. Hozir ham shunday taklif berilgan, lekin bu taklifga boshqa davlatalr qanday munosabatda bo`layotgani noma`lum”, - deydi Rustam Razzoqov.
Akademik Bekjon Toshmuhammedov so’zlariga ko`ra, vaziyat haqiqatda murakkab. Biroq siyosiy iroda ko`rsatilsa, bu chigallikdan chiqish mumkin.
“Manfaatlarning umumiy nuqtasini topish kerak. Deylik, Amudaryo suvi to`siladigan bo`lsa, bu nafaqat elektr energiyasiga, balki qishloq xo`jaligiga ham xizmat qilishi mumkin bo’lgan yo`llarni topish kerak. Bundan O`zbekiston ham, qo`shnilar ham manfaatdor bo`lsin”, - deydi akdemik.
Toshmuhammedovga ko`ra, vaziyatdan chiqishni yana bir yo`li mintaqada yaxlit eneregetik tizim barpo etish.
Sobiq ittifoq davrida ham bu muammo qo`shnilarga energiya yetkazib berish, suvni asosan qishloq xo`jaligi uchun ishlatish orqali yechilgan.
Hozir mintaqadagi suv zaxirasi kamayib, muammo yanada og'irlashmoqda.